У нас есть только
оригинальные песни

O'zbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov 80 yoshga to'ldi

calendar 03.01.2018
1479

Teatr va kino aktyori, O'zbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov bugun, 3 yanvar kuni 80 yoshga to'ldi.

Mashhur san`atkor 1938 yilning 3 yanvar kuni Namanganda tavallud topgan. Toshkent teatr va rassomlik san`ati institutini tugatgandan so'ng, 1958 yildan beri Hamza nomidagi O'zbek Davlat akademik drama teatri aktyori, 1992 yildan esa shu teatrning direktori lavozimida faoliyat ko'rsatdi.

Yo.Ahmedov uzoq yillar shu ijodiy jamoada ishlash jarayonida 50 dan ortiq spektakllarda asosiy rollarni o'ynadi. Dastlab Uyg'unning «Parvona» asari asosida sahnalashtirilgan spektaklda Murodjon rolini o'ynagan aktyor - bu birinchi va mustaqil roli ustida tinimsiz mehnat qildi, izlandi. U roldan-rolga o'sib, keyinchalik qator ajoyib obrazlar yaratdi.

Yoqub Ahmedovni keng san`at muxlislariga tanitgan ilk obraz - bu Turob To'la ssenariysi asosida, rejissyor Y.A`zamov tomonidan 1958 yilda suratga olingan «Furqat» filmidagi Furqat obrazi bo'ldi. Shundan keyin Yo. Ahmedov kinoda 30 ga yaqin obraz yaratib, o'zbek kino san`atida ham o'z o'rniga ega bo'ldi. U yaratgan Okxoy («Ganga qizi»), Azizbek («O'tgan kunlar»), Amir Olimxon («Qora konsulning halokati»), Shayx («Hamza»), Sultonali («Mehrobdan chayon») va boshqa obrazlarni alohida ta`kidlash o'rinlidir.

Shuningdek, Yoqub Ahmedov «O'zbekfilm» kinostudiyasida dublyaj qilingan 400 dan ortiq filmga ovoz berdi. Taniqli san`atkor «Alisher Navoiy», «Ulug'bek xazinasi», «Diyonat», «Girdob», «Ichkuyov» va boshqa videofilmlarda ham yetakchi rollarni ijro etdi.

Yoqub Ahmedovning sermahsul ijodi «O'zbekiston xalq artisti» unvoni, 1977 yilda Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. 1997 yilda «Do'stlik» ordeni bilan mukofotlandi.

Яндекс.Метрика