У нас есть только
оригинальные песни

O'zbekistonda chiroq va gaz masalasiga javobgar amaldor prezidentdan qattiq gap eshitdi

calendar 16.01.2017
2352

14 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2016 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini har tomonlama tahlil qilish hamda respublika hukumatining 2017 yil uchun iqtisodiy va ijtimoiy dasturi eng muhim yo'nalishlari va ustuvor vazifalarini belgilashga bag'ishlangan kengaytirilgan majlisi bo'lib o'tdi. Unda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev so'zga chiqdi va turli sohalardagi bir qator muhim kamchiliklar haqida so'z yuritdi. 

Xususan, Prezident O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari, Geologiya, yoqilg'i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari kompleksi rahbari G'ulomjon Ibragimovni keskin tanqid qilib, unga hayfsan berdi.

“Hayotning o'zi va xalqning talablari bizning oldimizga amaliy yechimini topish lozim bo'lgan yangi va yanada murakkab vazifalarni qo'ymoqda.

Bu o'rinda asosiy muammo, mening nazarimda, quyidagilardan iborat. 

Birinchidan, ayrim idoralar va ularning rahbarlari real hayotdan va xalq ehtiyojlaridan ma`lum darajada uzilib qolmoqda. 

Ikkinchidan, tarmoq va hududlarni rivojlantirish konsepsiyalari va dasturlarini ishlab chiqishda yuzaki yondashuvga yo'l qo'yilmoqda. 

Va nihoyat, uchinchi asosiy kamchilik – ko'pchilik rahbarlarning murakkab muammolarni kabinetdan chiqmasdan, iqtisodiyot tarmoqlari, har bir korxonadagi, shahar va tumanlardagi, ayniqsa, qishloq joylardagi ishlar qanday ahvolda ekanini chuqur o'rganmasdan hal etishga odatlanib qolgani bilan bog'liq. 

Shuning uchun bugun Bosh vazir o'rinbosarlaridan o'zlariga qarashli vazirlik va idoralarning advokati bo'lib emas, balki eng avvalo, davlat manfaatlaridan kelib chiqqan holda ana shu savollarga g'oyat aniq va ravshan javob berishni talab qilaman. Shuningdek, kompleks tarkibidagi har bir boshqaruv organi rahbariga jiddiy va aniq baho berishni so'rayman.

Barqaror iqtisodiy rivojlanish poydevori bo'lgan tayanch tarmoqlardagi ishlarimiz qay ahvolda?

Davlat tomonidan bu tarmoqlar doimo qo'llab-quvvatlanayotgan bo'lsa-da, nima sababdan izchil va barqaror o'sish ta`minlanmayapti? Va nihoyat, nima sababdan tajribali kompleks rahbari G'.Ibragimov tomonidan samarali boshqaruv jilovi qo'ldan chiqarib yuborilgan?

Aniq dalillarga murojaat qilaylik.

«O'zbekneftgaz» kompaniyasi tizimida – A.Sultonov – 2010-2016 yillarda qariyb 20 milliard dollarlik katta kapital qo'yilmalar kiritilganiga qaramasdan, suyuq uglevodorod va tabiiy gaz qazib olish kamaygan.

Shu bilan birga, bu borada xomashyo import qilish 1,3 barobar ko'paygan. Yirik va hayotiy muhim loyihalarni amalga oshirish muddatlari doimo barbod qilinmoqda. 40 ming kishi ishlaydigan «O'ztransgaz» kompaniyasi tizimida muddati o'tgan debitor qarzdorlik 14 foizga oshgan.

Nima sababdan, G'ulom Inomovich, siz ilgari o'zingiz rahbarlik qilgan «O'zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati tizimidagi ishlar ahvoliga sustkashlik bilan yondashyapsiz? Nima sababdan ushbu tarmoqdagi ishlar doimiy ravishda izdan chiqmoqda? Qishloq xo'jaligiga fosforli o'g'itlarni to'liq yetkazib bermaslik va ularning tanqisligi uchun shaxsan kim javob beradi? Oxirgi 10 yilda mineral o'g'itlarning narxi necha barobar o'sgan?

Tabiiy savol tug'iladi: o'g'itning tannarxi necha marta kamaygan? Afsuski, bunday haqli savollarga javob yo'q. Bundan kim zarar ko'ryapti? Albatta, dehqon va fermerlarimiz.

“O'zbekenergo” aksiyadorlik jamiyatida 67 ming kishi, jumladan, qo'shtirnoq ichidagi «pul yig'uvchi»larmavjud bo'lsa-da, nima sababdan ulkan debitor qarzdorlikning tagiga yetib bo'lmaydi? Ko'mir qazib olish tarmog'i, ta`bir joiz bo'lsa, «yonboshlaganicha yotibdi».

Sizga uch yil oldin xodimlar shtati haddan tashqari kengayib ketgan, jumladan, qarindoshchilik asosida ishga olish va juda yuqori ish haqi belgilash avj olgan o'nlab loyiha guruhlari faoliyatini puxta o'rganib chiqib, tartibga solish topshirilgan edi. Nima uchun topshiriqni oxirigacha bajarmadingiz?

Siz va sizga bo'ysunuvchi rahbarlardan bugun ana shu savollarga javob berishingizni talab qilaman. Shu bilan birga, birinchi yarim yilda asosiy e`tiborni quyidagi vazifalarni amalga oshirishga qaratish zarur:

birinchi – Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlarida mahsulot ishlab chiqarish hajmini ko'paytirish bo'yicha yaqinda tasdiqlangan dasturni so'zsiz amalga oshirish uchun Q.Sanaqulov va A.Farmonovning shaxsiy javobgarligini ta`minlash shart. Bir-ikki foiz miqdordagi o'sish sur`atlari bilan chegaralanib qolish mumkin emas.

Shu munosabat bilan G'.Ibragimov qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni ko'paytirish va yangi fabrikalar qurishga doir topshiriqni bajarish bo'yicha qaror loyihasini kiritishni tezlashtirishi zarur;

ikkinchi – nafaqat joriy yilda, balki yaqin 3-5 yilda foydalanishga topshiriladigan barcha strategik muhim ob`yektlarni o'z vaqtida ishga tushirish darkor;

uchinchi – neft-gaz mahsulotlari eksportini ko'paytirish, importni keskin kamaytirish va asbob-uskunalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hajmini oshirish uchun qo'shma korxona tashkil etish bo'yicha puxta ishlab chiqilgan aniq chora-tadbirlar kompleksini taqdim etish zarur.

Keyingi 10 yilda Vazirlar Mahkamasi komplekslariga qarashli vazirlik va idoralar tomonidan olib kirilgan asbob-uskunalar importi tahlil qilinmagan. Ularni mahalliylashtirishdan hech kim manfaatdor emas, bu masala bilan hech kim astoydil shug'ullanmayapti. Bunday yondashuv zamirida nima yotibdi, degan haqli savol tug'iladi.

Shuning uchun bundan buyon Vazirlar Mahkamasining har chorak yakuni bo'yicha majlislaridan oldin alohida yig'ilishlar o'tkazilib, ularda har qaysi Bosh vazir o'rinbosarining importni va tannarxni kamaytirish, mahalliylashtirishni kengaytirish borasidagi ishlarning ahvoli to'g'risidagi hisoboti eshitiladi. Ularning faoliyatiga xolisona baho beriladi.

Davlat geologiya qo'mitasi tizimi, shuningdek, uning rahbari I.To'ramuratov faoliyati samaradorligi alohida e`tiborni talab qiladi. Yaqin vaqt ichida 2017-2021 yillarda mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va tiklash dasturi loyihasini taqdim etish zarur”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Яндекс.Метрика