У нас есть только
оригинальные песни

O'zbekistonda moliya piramidasi tashkil etgan Ahmadjon Tursunboev qo'lga olindi

calendar 16.06.2016
2820

16 iyun kuni «Toshkent» telekanalida O'zbekiston hududida moliya piramidasi tashkil etgan, xalq orasida "Ahmadboy" deya nom qozongan, noqonuniy valyuta operatsiyalari bilan shug'ullanib kelgan Ahmadjon Tursunboevning Toshkent viloyati huquq-tartibot organlari tomonidan qo'lga olingani haqida qisqa maxsus reportaj namoyish etildi. Bu reportaj kanalda kechki soat 20:15 va 22:15da takroran namoyish etilishi belgilangan. Shuningdek, «O'zbekiston» kanalida ham kechki soat 20:15 va 21:30da efirda shu lavhalar. 

Reportajda aytilishicha, Tursunboev Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi «Chinoz halol chorva», va «Chinoz avto hamkor» korxonalari muassisi hisoblanadi.

U va uning xodimlaridan iborat jinoiy guruh aholidan 1 yil ichida 100 foiz ustamasi bilan qaytarishni va'da qilgan holda hech qanday kafolatsiz milliy va xorijiy valyutada naqd pul mablag'lari olgan. Bundan tashqari, tomonlar pul topshiruvchi vafot etgan taqdirda, uning pulini so'rab keluvchilar bo'lmasligiga kelishishgan. Tursunboev olingan pullarni xorijiy valyuta ko'rinishida xorijdan tovar olib kelish bilan shug'ullanuvchi savdogarlarga oyiga 40 foiz ustama bilan qaytarish sharti evaziga qarzga bergan.

Bunday valyuta operatsiyalarida bir necha 10 ming kishi ishtirok etgan. Reportaj davomida ulardan biri 8 mln so'm topshirgani, unga 10 oyda bu pulni 16 mln so'm qilib qaytarishni va'da berishgani haqida gapirgan.

Tursunboevning hisobchisi intervyuda kunlik aylanma 3-4 milliard so'mni tashkil qilgani haqida gapirdi. U avval pul topshirganlarga keyin topshirilgan pullar hisobidan foizlar to'lab borilganini aytgan.

Shuningdek, aholidan naqd puldan tashqari avtomobillar, qimmatbaho buyumlar har oyda foizlar to'lab borish sharti bilan qabul qilingan. Bu jarayon hech qanday rasmiylashtirishlarsiz olib borilgan va faqat oddiy daftarga kimdan nima olingani yozib qo'yilgan.

Aholidan olingan mablag'larning bir qismiga chet eldan turli tovarlar va qimmatbaho buyumlar olib kelinib, tadbirkorlarga ustama foiz evaziga tarqatilgan. Reportajda Ahmadboyning hashamatli uyidagi garajda joylashgan qimmatbaho avtomobillar ko'rsatilgan.

Shuningdek, aholidan 1 yilda 2ta qilib qaytarish evaziga qoramollar ham qabul qilingan va ular uchun fermalar tashkil etilgan. Xodimlardan biri shu maqsadda 5-6ta ferma qurilgani, ularning har biri 5-6 ming tuyoq qoramol uchun mo'ljallangani haqida gapirgan.

Reportajda qayd etilishicha, bu guruh 4-5 yildan buyon faoliyat ko'rsatib kelayotgandi.

Ma'lum qilinishicha, tezkor tadbir orqali Ahmadboydan tashqari uning besh nafar yordamchisi ham qo'lga olingan.

Ular avtomobillarni naqd chet el valyutasiga sotish va valyutani konvertatsiya qilishda ayblanadi.

Tursunboevning va uning yaqinlari uylarida, shuningdek, unga tegishli kompaniyalar ofislarida o'tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 13,139 mlrd so'm hamda 7,9 mln dollar naqd pul topilgan. Vaziyat yuzasidan jinoiy ish qo'zg'atilgan, tergov ishlari olib borilmoqda. 

Ma'lumot uchun, O'zbekistonda 2013 yilning 1 yanvaridan boshlab aholiga naqd chet el valyutasi sotish taqiqlangan. Valyuta sotib olish uchun fuqarolar bankda hisob raqami ochib, valyuta ushbu hisob raqamiga bog'liq bo'lgan, xalqaro to'lov tizimlarida ishlaydigan, bank kartalariga o'tkazilar edi.

 

Яндекс.Метрика