У нас есть только
оригинальные песни

O'zbekistonda ota-onalar har bir talabaga qancha pul sarflaydi?

calendar 03.05.2018
1357

HSBC statistik ma`lumotlariga ko'ra, eng qimmat ta`lim Hongkongdadir. Bu yerda boshlang'ich sinfdan to universitetgacha ta`lim uchun ota-onalar 130 ming AQSh dollaridan ko'proq mablag' sarflaydi. Bu faqat bir bola uchun.

Birlashgan Arab Amirliklarida bir bolani o'qitish uchun kamida 100 000 dollar bo'lishi kerak. Singapurlik ota-onalar qariyb 70 ming dollar sarflaydi.

AQShdagi har bir bola uchun ota-onalar o'rtacha 58 000 AQSh dollari miqdorida mablag' ajratadi, bu Hongkongdan deyarli ikki barobarga kam.

Hujjatni tayyorlash paytida HSBC tahlilchilari 15 mamlakatni o'rganib chiqdilar. Ta`lim uchun eng kam xarajatlar Fransiyada, bu yerda ota-onalar o'rtacha 16 ming AQSh dollarini sarflaydi. Hindiston, Misr va Indoneziyada ota-onalar 20 ming dollardan kamroq mablag' ajratadi.

Tadqiqotchilarning aniqlashicha, so'rov o'tkazilgan mamlakatlardagi ota-onalarning 87% bolalarining yaxshi ta`lim olishiga yordam beradi.

Shunga e`tibor qaratish kerakki, xarajatlar ro'yxati shartnoma to'lovi, kitoblar, kiyim-kechak, transport xarajatlari va binolar ijarasini o'z ichiga oladi.

Shu bilan birga, hamma narsa shunday osonlik bilan yuz bermaydi. Farzandlariga yaxshi ta`lim berish uchun ota-onalarning 40 foizi kunlik xarajatlarni tejaydi, 21 foizi qo'shimcha soat ishlashi kerak, 18 foizi esa ikkita ishda mehnat qiladi. Qizig'i shundaki, ota-onalarning 82 foizi farzandlarining ta`limi uchun moliyaviy jihatdan tiyilishga tayyor.

Ushbu mamlakatlarning ota-onalari o'z farzandlari tibbiyot (13%), biznes, moliya va menejment (11%) hamda injiniring (10%) bo'yicha ta`lim olishini istaydi.

O'zbekistonda, xususiy maktablar haqida gapirilmasa, umumta`lim maktablari bepul. Oliy ta`limda byudjyet joylari mavjud.

Biz faqat har bir talaba uchun 4 yil davomida qancha xarajat ketishini hisoblab chiqdik.

Aytaylik, talaba Toshkent shahridagi arxitektura-qurilish institutida tahsil oladi. Ota-onalarni qanday xarajatlar kutmoqda? 

Ushbu OTMda yillik shartnoma narxi qariyb 8 million so'mni tashkil etadi.

Demak, shartnomaning 4 yillik muddati - 32 mln so'm.

Xona ijarasi. 4 nafar talaba 150 AQSh dollariga bitta xonali kvartirani ijaraga olgan. Har oy o'rtacha hisobda 300 ming so'mni berish kerak bo'ladi.

4 yillik ijara puli ota-onalarga (sentabr-may) 10 mln so'mga tushadi.

Transport xarajatlari bir yo'nalishda (universitet - uy) hisoblanadi. Belgilangan narx 1200 so'm. Kuniga 2400 so'm. Bir oy mobaynida 24 kun transportga chiqish lozim.

Metro xizmatlaridan 4 o'quv yili (sentabr - may) davomida foydalanamiz - taxminan 2 mln so'm.

Endi oziq-ovqatni hisoblaymiz. Hech bo'lmasa tushlikni. 4 o'quv yili davomida talaba 864 marta tushlik qiladi. Aytaylik, talabalarning o'rtacha tushlik narxi 8000 so'm.

Demak, xarajatlar taxminan 7 mln so'mni tashkil etadi.

Keling, sarhisob qilamiz. Bir o'quvchining ota-onasi 4 yil mobaynida o'rtacha 51 million so'm yoki 6 ming AQSh dollaridan ko'proq mablag' sarflashi kerak.

Shunga e`tibor qaratishni istardikki, bu - sentabrdan may oyigacha o'rtacha 4 yillik hisob-kitob. Shu bilan birga, ba`zi talabalar o'z shaxsiy turar-joylarida yashaydi, ba`zilar tushlikni o'zi bilan olib keladi va hokazo.

Bundan tashqari, stipendiya hisoblab chiqilmagan, chunki biz ushbu summani boshqa xarajatlar qismiga qo'shdik: qizlar uchun parfyumeriya va go'zallik salonlari, o'g'il bolalar uchun telefonlar, kompyuterlar va albatta, kitoblar.

Shu bilan birga, ayni paytda O'zbekistonda o'rtacha ish haqi qariyb 1,5 million so'mni tashkil etadi.

Demak, ota-onalardan biri 4 yil mobaynida o'rtacha 90 million so'mdan ishlab topadi. Ish haqining 55%dan ortig'i esa o'z farzandini universitetda o'qitish uchun ketadi.

Ammo O'zbekistonda hammaning ish haqi ham 1,5 million so'mni tashkil etmaydi. Hamshiralar, muayyan bir kasbi yo'q ishchilar va boshqalar bir oyga 1 mln so'mdan kamroq topadi. Garchi, yuqorida aytib o'tilganidek, ota-onalar farzandlarini tarbiyalash uchun hamma narsani qilishga tayyor. Agar kerak bo'lsa, ikkinchi ishni topadilar yoki uydagi qoramolni sotishadi. Ota-ona farzandlarining munosib kelajakka ega bo'lishini ta`minlash uchun hamma narsani qiladi.

Яндекс.Метрика