У нас есть только
оригинальные песни

“O'zbeknavo” estrada birlashmasi faoliyati

calendar 31.10.2015
2459

Ko'pchilikni "O'zbeknavo” estrada birlashmasi faoliyati, uning asosiy vazifalari va vakolatalari, san'atkorlarga litsenziya berish va ularni bekor qilish tartib-qoidalari, o'zbek shou-biznesi olamida ma'naviyat va axloq masalasini tartibga solish bo'yicha qilinayotgan ishlar qiziqtirsa kerak. Shu singari savollarga batafsil javob olish maqsadida O'zbekiston Respublikasi "O'zbeknavo” estrada birlashmasi litsenziya bo'limi boshlig'i Odiljon Abduqaxxorov bilan suhbatlashdik.

Suhbatimiz avvalida "O'zbeknavo” estrada birlashmasi faoliyati, vazifalari va vakolatlari to'g'risida ma'lumot berib o'tsangiz.

"O'zbeknavo” estrada birlashmasi yurtimizda san'atning barcha turlarini rivojlantirish, estrada ijodkorlarining professional malakasini oshirish, yosh estrada xonandalarining o'z iqtidorini to'la namoyon etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 26 iyundagi "Estrada qo'shiqchilik san'atini yanada rivojlantirish to'g'risida”gi 272-sonli qarori asosida tashkil etilgan. "O'zbeknavo" estrada birlashmasi respublikamiz va undan tashqarida gastrol-kontsert faoliyatini, shuningdek to'y, yubiley va boshqa tantanalarda kontsert xizmati ko'rsatish faoliyatini litsenziyalovchi organ hisoblanadi.
Estrada san'ati bo'yicha faoliyatlarni litsenziyalash, respublikamizning barcha hududlarida bo'ladigan kontsert dasturlari uchun bir martalik maxsus guvohnomalarni berish, turli davlat tadbirlarini ishlab chiqish va ularda estrada xonandalarining ishtirokini ta'minlash va boshqalar birlashma olidadagi asosiy vazifalardan hisoblanadi.


Birlashma faoliyatida xonandalarga litsenziya berish asosiy vazifalardan biri hisoblanadi. Bugungi kundan qancha san'atkorga litsenziya taqdim etilgan, buning uchun qanday talablar mavjud?

Respublika miqyosida 2 ming nafardan ziyodroq xonanda faoliyati litsenziyalashtirilgan. Litsenziya olishning esa o'ziga yarasha qonun-qoidalari mavjud. "O'zbeknavo” estrada birlashmasi qoshidagi Milliy estrada san'atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish kengashi xuzurida maxsus ijodiy guruh tashkil etilgan bo'lib, ushbu guruh a'zolari nomzodlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ko'rib chiqadi. 2014 yildan boshlab litsenziya olish istagidagi san'atkorlar guruh qarshisida ijod namunalarini jonli ravishda ijro etib berishi talab etilmoqda. Shundan so'ng kengash xulosasiga ko'ra faoliyat olib borish uchun litsenziya taqdim qilinadi. Bunda vokal, ovoz eshitib ko'riladi, sahnada o'zini tutish madaniyati, she'r matni, musiqasi o'rganilib, milliy estradamiz talablariga mos xonandalarga litsenziyalar topshiriladi.

Litsenziya toifalari, ularni olish uchun moddiy to'lovlari haqida ham aytib o'tsangiz.

Birinchi navbatda hujjatlarni taqdim etish uchun eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida to'lovni amalga oshirishi talab etiladi. Bundan tashqari, litsenziyalar birinchidan oltinchigacha bo'lgan toifalarga ajratilgan bo'lib, ular uchun eng kam oylik ish haqining 10 barobaridan 150 barobarigacha to'lov miqdorlari belgilangan. Deylik, 5-6 kategoriyalar to'y, yubiley va boshqa marosimlar, kafe va restoranlarda xizmat ko'rsatish huquqini beradi. To'rtinchi toifadan boshlab esa san'atkorlar, so'z ustalari, boshlovchilar, ma'murlar va boshqa faoliyati litsenziya qilinishi talab etiladigan jismoniy va yuridik shaxslar gastrol-kontsert dasturlarini tashkil etish, radio va televidenie orqali chiqishlar qilish vakolatiga ega bo'ladi.


Bugungi kunda jonli ijroga e'tibor ancha ortdi. "O'zbeknavo” estrada birlashmasi tomonidan jonli ijroni targ'ib qilish, iqtidorli san'atkorlarni qo'llab-quvvatlash borasida qanday ishlar olib borilmoqda?

Qo'shiqchilar jonli ijroda ayta olmaydi, to'rtta qo'shiqni diskka yozib, ovozini kompyuterda to'g'irlab qo'shiqchiman, deb yuribdi, degan mazmundagi ko'plab tanqidlar bo'ldi. Bu kabi holatlarning oldini olish, jonli ijro eta oladigan san'atkorlarni qo'llab-quvvatlash maqsadida, yuqorida aytib o'tilganidek, litsenziya olish istagidagi xonandalarni avvalo jonli ijro etish salohiyati maxsus komissiya tomonidan sinovdan o'tkazilmoqda. 20ga yaqin kerakli hujjatlarni to'plab, kengashga taqdim etganidan so'ng ham, deylik, 200 nomzodning 100 nafariga ziyodrog'i ovozi yaxshi bo'lmasligi, jonli ijroda ayta olmasligi, qo'shiq matnining sayozligi yoki musiqasi saviyasining pastligi sababli rad javobi berilmoqda.

Darhaqiqat, ko'pchilik tomonidan o'zbek shou-biznes olamining bugungi kundagi holati tanqid qilinmoqda. Qo'shiq va kliplar sayozligi, ularda ommaviy madaniyat elementlari targ'ib qilinayotgani aytilmoqda. Bu bo'yicha ham ma'lumot bersangiz.


Ushbu masalaga ham jiddiy e'tibor qaratilmoqda. 2015 yilning 10 oyi davomida markaziy telekanallar orqali efirga uzatilayotgan 25ta klipda ommaviy madaniyatni targ'ib qilish, milliy mentalitetimizga zid holatlar aniqlangani sababli ular namoyishi bekor qilindi. Jumladan, Jasur Umirov, Lola Yo'ldosheva, Samir singari xonandalarning qo'shiqlariga ishlangan kliplar efirdan olindi.
Kuni kecha O'zbekiston Milliy matbuot markazida «Milliy estrada san'ati: shoir, bastakor va xonanda hamkorligi – davr talabi» mavzusida matbuot anjumanida ommabop bo'layotgan qo'shiqlar matnidagi ma'nosizliklar yana muhokama etildi. Misol tariqasida xonanda Munisa Rizaevaning "Sakramento” qo'shig'i, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Ziyoda Qobulovaning so'nggi qo'shig'i matni tanqid qilindi. Shuningdek, unda chet el ohanglariga o'zbekcha so'zlarni qo'yib ijro etish hollari ham qayd etib o'tildi.

Bugungi kunda san'atkorlar o'rtasida ham ijtimoiy tarmoqlar keng ommalashdi. Ularning yuz minglab obunachilari bo'lib, o'z hayoti, faoliyati to'g'risidagi turli axborotlarni bevosita xalqqa tarqatmoqda. Tabiiyki, ommaviy madaniyat, axloqsizlik, behayolik unsurlari mavjud surat, video va boshqa ko'rinishdagi axborotlar tarqalib ketmoqda. Shu haqda nima deya olasiz?

XXI asr – axborot texnologiyalari asri. Biz hech kimga bu ijtimoiy tarmoqdan foydalan, bunisidan foydalanma, deb ayta olmaymiz. Bu barchaning shaxsiy ishi. Lekin san'atkorlar bir narsani unutmasliklari lozim – xalq, ayniqsa yoshlar ulardan o'rnak oladi. Shu bois san'atkorlar uchun har oyda tashkil etiladigan ma'naviyat darslarida ularga: "Mayli, bu sizlarning shaxsiy profilingiz, lekin sizlar oddiy inson emassizlar, xalq oldidagi odamsizlar. Sizlardan odamlar nimanidir o'rganadi. Shuning uchun profilingizga o'ta shaxsiy narsalarni joylashtirmang, uyingizda qanday libosda bo'lsa ham yuravering, lekin nima kiyganingiz, yotganingiz, turganingiz, ovqatlanayotganingizni suratga olib, ommaga e'lon qilishingiz shartmas. Bundan ko'ra, profilingizga tarbiyaviy ahamiyatga ega suratlar joylashtiring”, deya uqtirib kelmoqdamiz. Masalan, ish jarayoni, xalq xizmatida yurgani, kerak bo'lsa, kitob o'qiyotgani yoki biror xayrli ishlarni amalga oshirayotganini joylashtirsin.

Ijtimoiy tarmoqlardagi noo'rin xatti-harakati sababli biror san'atkorga nisbatan chora ko'rildimi?


O'zingiz ham e'tibor bergan bo'lsangiz kerak, hozirda san'atkorlarning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati ancha tartibga tushib qoldi. Surat joylashtirishlar ham nisbatan kamaydi. Xalq artisti Ozodbek Nazarbekov kabi zabardast san'atkorlar ijtimoiy tarmoqlarni butunlay tark qilishdi.
Aynan ushbu masalada bir qator san'atkorlarga nisbatan choralar ko'rishga to'g'ri keldi. Jumladan, Lola Yo'ldoshevaning litsenziyasi olinishiga ijtimoiy tarmoqlardagi harakatlari ham sabab bo'ldi. Bugungi kengash yig'ilishida esa Jasur Umirovga "Instagram” ijtimoiy tarmog'iga oyoqlarining tasvirini joylashtirgani uchun ogohlantirish berildi.

Jasur Umirov bilan bog'liq masalada san'atkornimas, balki uning ma'murini ko'proq aybdor deb bilaman. Chunki ma'mur san'atkorning imijini yaratish, uning xatti-harakatlarini tartibga solib yurishi uchun ham pul olayapti. Ma'mur xonandani tartibga solib yurishi lozim. Nima uchun el e'tiboridagi san'atkor oyoqlarining suratlarini ommaga e'lon qilar ekanu, ma'mur bunga bepisand munosabatda bo'lishi kerak? Shunday bepisand bo'laversa, ertaga bundan ham og'irroq ishlarni qilmaydimi? Kechirasizu, shunday ma'murlar borki, xonandalar ular bilan bemaslahat birorta ham ish qilmaydi. Bir-birini qattiq hurmat qiladi, kerak bo'lsa, san'atkor o'z ma'muridan cho'chib turadi.
Ijtimoiy tarmoqlarga kelsak, ular har kuni monitoring qilinadi. Shaxsam o'zim ham boshqa profil orqali har kuni monitoring qilib boraman. Shu yo'l bilan ayrim san'atkorlar joylashtirgan suratlar murojaatimizdan so'ng olib tashlandi. Masalan, yaqinda Kaniza, Lola singari xonandalar joylashtirgan rasmlar ma'naviyatimizga zidligi yaqqol ko'rinib turgani sababli 10-15 daqiqa ichida sahifadan o'chirildi.
Bir narsani istardikki, estrada xonandalari ham bu borada o'zaro suhbat qurishsa, xato-kamchiliklarni bir-biri bilan muhokama qilishsa. "O'zbeknavo” vakolati doirasiga nari borsa litsenziyani bekor qilish kiradi. Bunday qilsak, san'atkorga moddiy jihatdan zarar bo'ladi. Ma'naviy jihatdan esa ular qashshoqligicha qolib ketishi mumkin.

Mana, bir necha xonandalarning litsenziyasi turli sabablarga ko'ra olib qo'yildi. Masalan, Lola Yo'ldosheva, Anvar Sobirov va boshqalar. Ularning litsenziyasi qachon qaytarilishi rejalashtirilgan?

Bu erda bir narsani e'tiborga olish kerak. Litsenziyasi bekor qilingan xonandalarning keyingi faoliyati, ularning xatti-harakatlari muntazam ravishda kuzatib boriladi. Agarda san'atkorlar bundan to'g'ri xulosa chiqarmasa, litsenziyasi olinishiga sabab bo'lgan xato va kamchiliklarini bartaraf etmasa, shu holatda yuraverishadi. O'zbekchilik, ko'z-ko'zga tushadi, deb ularning ba'zi harakatlariga ko'z yumib turgan bo'lsak ham, agarda haddidan oshishsa, bundan ham qat'iy choralarni ko'rishimiz mumkin. To'y va marosimlarda xizmat ko'rsatish huquqidan mutlaqo mahrum eta olamiz.

Aytingchi, san'atkorlarning to'y-marosimlardagi xatti-harakatlari qay tarzda tartibga solinadi?

Albatta, Toshkentdagi to'ylarni monitoring qilish bo'yicha imkoniyatimiz etganicha harakat qilamiz. To'ylar bo'yicha reydlar tashkil etiladi, belgilangan chegaralardan chiqqan san'atkor, so'z ustalari va boshlovchilarga nisbatan tegishli choralar ko'riladi, ogohlantirish berilib, litsenziyasidan mahrum etilishi ham mumkin. Ammo Toshkent shahrida nari borsa 150-200 nafar san'atkor faoliyat ko'rsatadi. Aksariyat xonandalar viloyatlardan. Ulardagi holatlarni monitoring qilish va san'at sohasi vakillari faoliyatini muvofiqlashtirish bilan hududiy bo'limlar shug'ullanadi. Shu bilan bir qatorda, biz ham viloyatlarga borib, ular faoliyatini o'rganib turamiz. Hududlardagi san'ankorlar bilan to'ylardagi holatlar yuzasidan suhbatlashganimizda, ko'proq raqqosalar bilan bog'liq muammolar mavjudligini ta'kidlashmoqda. Ayrim hollarda san'atkor ikkinchi darajali bo'lib qolmoqda. "Menga falonchi raqqosani olib kel, bo'lmasa sening keraging yo'q”, deydigan fuqarolarimiz ham yo'q emas ekan. Ammo ular aytayotganlarning aksariyati qo'shtirnoq ichidagi raqqosalar bo'lib, na raqsga tushishni biladi va na odob-axloqni. Aytish kerakki, bu masala Toshkent shahrida chiroyli tarzda echimini topgan. Poytaxt to'ylariga alohida raqqosalar emas, balki ansambl kelib, bir necha kuy-qo'shiqlarga ishlangan raqslarni namoyish etib ketishadi. Viloyatlarda esa, afsuski, internet, ijtimoiy tarmoqlarda guvohi bo'lgandirsiz, mast holatga tushib qolib, turli noloyiq harakatlarni qilayotgan raqqosalar ham uchrab turibdi.
Umuman olganda, to'ylardagi holatlarni tartibga solishda faqatgina "O'zbeknavo” estarada birlashmasi yoki uning hududiy bo'linmalari emas, balki mahalliy hokimiyatlar, ichki ishlar bo'limlari, mahalla fuqarolar yig'inlari vakillari ham faol ishtirok etishlari maqsadga muvofiq.

San'atkorlarning "O'zbeknavo” estrada birlashmasidan ruxsat so'rab chet elga chiqishini qanday izohlaysiz?

"O'zbeknavo” estrada birlashmasi vakolati doirasida san'atkorlarning nafaqat O'zbekiston, balki xorijdagi faoliyatini muvofiqlashtirish ham kiradi. Bu borada muayyan tartib-qoidalar ishlab chiqilgan. Bizning ruxsatimizsiz qaysidir davlatda kontsert beradigan san'atkorga qarab butun O'zbekistonga baho beriladi. Tasavvur qiling, O'zbekiston Xalq artisti unvoniga ega san'atkor yurtimizda 4-5 ming tomoshabin oldida kontsert bersayu, chet elda 400-500 kishi ishtirokida o'z ijodini namoyish qilsa. Pulini berarkan, deb duch kelgan joyda kontsert beraverish xalq artisti darajasiga to'g'ri kelmaydi. Shu nuqatai nazardan, ijodkorlar huquqlarini himoyalash, qolaversa yurtimiz san'atining obro'sini saqlash maqsadida ularga bir qator talablar qo'yganmiz. Chet elda kontsert bermoqchi bo'lgan xonanda oldindan bizga xorijlik hamkorlar bilan tuzgan shartnomasini, qaysi mehmonxonada tunashi, qaysi va necha o'rinlik zalda dasturini namoyish etishini, undan oldin kim kontsert bergani, sharoitlari, kerak bo'lsa, iste'mol qiladigan taomlari to'g'risida ham ma'lumotlarni taqdim etishi lozim. Shundan so'ng uning murojaati o'rganib chiqilib, xulosa beriladi.

Manba: kun.uz

Яндекс.Метрика