У нас есть только
оригинальные песни

O'zboshimchalik bilan qurilgan imoratga qanday holatda mulk huquqi beriladi?

calendar 22.08.2018
1314

2018 yil 20 aprelda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Fuqarolarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar hamda o'zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e`tirof etish bo'yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o'tkazish to'g'risida»gi farmoni qabul qilingan edi.

Joriy yil 21 iyunda Vazirlar Mahkamasi Prezident farmoni ijrosini ta`minlash yuzasidan qaror qabul qildi va shu asosda mulk huquqini e`tirof etish to'g'risidagi nizomni tasdiqladi.

Nizom turarjoylarga nisbatan mulk huquqini e`tirof etish bo'yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida jismoniy shaxslarning qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida yoki o'zboshimchalik bilan qurilgan yakka tartibdagi uy-joyga nisbatan mulk huquqini e`tirof etish tartibini belgilaydi.

2019 yil 1 maygacha davom etadigan aksiyada mulk huquqini e`tirof etish va kadastr hujjatlari 2 ta shart asosida beriladi: yer uchastkasi (uchastkaning bir qismi) unga qonun hujjatlariga muvofiq, turarjoy qurish uchun ajratilishi mumkin bo'lmagan yerda joylashmagan va o'zboshimchalik bilan qurilgan imorat shaharsozlik talablarini, shuningdek, uning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo'riqlanadigan manfaatlarini buzmasa yoxud fuqarolarning hayoti va sog'lig'iga xavf tug'dirmasa.

Qaror ko'p qavatli uylarga va ularga tutashib ketgan yer uchastkalariga o'zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga, noturarjoylarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Fuqarolar o'zboshimchalik bilan qurgan imoratga mulk huquqini olish uchun o'sha hududdagi davlat xizmatlari markazlari orqali tuman (shahar) hokimi nomiga ariza bilan murojaat qiladi. Arizaga murojaat qiluvchining pasport nusxasi, oila a`zolari, yerga egalik qilgan muddat va imorat qurilgan vaqt to'g'risida mahalla fuqarolar yig'inidan ma`lumotnoma taqdim qiladi. Bundan boshqa hujjat talab qilish mumkin emas.

Arizani ko'rib chiqish uchun davlat xizmatlari markazi tomonidan yig'im undirilmaydi, faqatgina bir martalik aksiya doirasida eng kam ish haqining 5 barobari miqdorida yig'im to'lanadi. Agarda murojaat etuvchi yolg'on ma`lumot taqdim etsa, ariza rad etiladi.

Ariza asosida kadastr xizmati tomonidan o'rganib, xulosa berilgach, tuman komissiyasi imoratga mulk huquqini e`tirof etish yoki rad etish to'g'risida qaror chiqaradi.

Ushbu masala yuzasidan viloyatdagi davlat xizmatlari markazlariga joriy yilning 1 avgustigacha 686 ta murojaat kelib tushgan bo'lsa, hozirgacha 31 nafar fuqaroga tuman (shahar) hokimlarining mulk huquqini e`tirof etish to'g'risidagi qarori chiqarildi.

F.ANAROV,

Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi bo'lim bosh maslahatchisi.

Яндекс.Метрика