У нас есть только
оригинальные песни

O‘lmas Olloberganov: Odamlarning qulog‘i fonogrammaga o‘rganib bo‘ldi

calendar 10.10.2016
1410

San’at olamida o‘z o‘rni va ovoziga ega bo‘lgan xonanda O‘lmas Olloberganov so‘nggi vaqtlarda kamnamo. Uning ijodiy faoliyatidagi yangiliklar, rejalari bilan tanishish maqsadida jurnalist Feruz Muhammad xonanda bilan suhbat uyushtirdi.

 

— Eshitishimizcha, bu yil xorijda gastrol konsertlari o‘tkazibsiz. Muxlislar qanday kutib olishdi?
— Chet elda yashayotgan yurtdoshlarimizdan juda ko‘p takliflar tushadi. Biz ham ularning takliflarini imkon qadar yerda qoldirmaslikka harakat qilamiz. Bundan 7—8 oy ilgari AQShning Nyu-York shahrida ikki marta gastrol konsertlari uyushtirdik. Muxlislar juda ham yaxshi kutib olishdi.

— Nega ijodda kamnamosiz: yangi qo‘shiqlar yaratyapsizmi-yo‘qmi, muxlislaringiz butunlay bexabar?
— Haqiqatan ham, ijodimda katta lirik chekinish bo‘ldi. Buning sabablari ko‘p, aytaman desam, og‘riqli so‘zlar ham talaygina. Birinchi sababi — yaxshi qo‘shiq yo‘q. O‘zi azaldan shundayku-ya, ba’zi san’atkorlarga o‘xshab bugun bitta qo‘shiq yozib, ertaga uning unutilib ketishini istaymayman. Ikki yilda 20 ta emas, bitta qo‘shiq aytib, reklama qilmasak ham, muxlislar o‘sha qo‘shiqni o‘zi topib, tinglamoqda. Hatto yaqinda bir guruh muxlislar “Ota” nomli qo‘shig‘imga klip ishlab berish taklifi bilan keldi va hozirda klip olinmoqda. Hozir prodyuserim Davlatbek Yo‘ldoshev bilan yana qizg‘in ijod bilan bandmiz.

— Ba’zi san’atkorlarning aytishicha, siz ikki marta jonli ijroda konsert berib, katta moliyaviy zarar ko‘rgan ekansiz. Shu rostmi?
— 2012—2013 yillarda ketma-ket ikki marta jonli ijroda konsert berdim. Har ikkala dasturga ikki oydan ortiq, dam olmay, 30 ta musiqachi bilan tinimsiz ishlaganmiz, shuning uchun ham bu konsertlarni jahon standartlariga to‘la javob bera oladigan darajada o‘tgan, deb bemalol ayta olaman. Jonli ijrodagi bugungi konsertlarni ham ko‘ryapman, eshityapman, lekin nokamtarlik bo‘lsa ham aytishim kerak — mening konsertlarim professionalizm jihatidan bularga nisbatan ancha yuqori darajada o‘tgan, professional ijroimga ham mutaxassislar juda yuqori baho bergan edi. Lekin konsertlarimdan so‘ng, bizning muxlislarga bunday professional, joni ijrodagi konsertlar kerak emas ekan, ular baribir bunday ijrochilarni qo‘llab-quvvatlay olmas ekan, degan xulosaga kelganman. To‘g‘ri, o‘zimizdan ham kamchiliklar o‘tgan — konsert arafasida reklamaga yetarlicha e’tibor qarata olmaganmiz. Xullas, konsertlarim oqibatida kelib chiqqan katta moliyaviy zarar ijodimdagi tanaffusga ham sabab bo‘ldi.

— Jonli ijroda konsert berish uchun juda katta mablag‘ kerakmi?
— 100 foiz jonli ijroda konsert berish uchun qancha ko‘p mablag‘ bo‘lsa shuncha yaxshi. Bunday konsert uchun taxminan 200 million so‘mcha pul sarflanadi.

— Buncha mablag‘ nimaga kerak?
— Avvalo 30 dan ziyod sozandalar guruhi bilan ikki oy muntazam ishlaysiz — ularga maosh, yo‘l puli berish, ovqat bilan ta’minlash kerak. Har bir qo‘shiq uchun alohida ishlaydigan professional sozandalar jamoasini to‘plash ham oson emas, axir. Bundan tashqari, konsert reklamasi, saroyning ijara haqi, xullas, ancha-muncha xarajat bo‘ladi.

— Konsertingiz uchun barcha mablag‘ni o‘zingiz tikkanmidingiz?
— Yo‘q, moddiy tomonini homiylarimiz ko‘targan. Ular katta zarar ko‘rgan bo‘lsa ham, menga “Kamomadni to‘ldirasan”, deyishmadi. Vaziyatga, konsert qanchalik yaxshi o‘tgani va ijodiy jamoa qanchalik sidqidildan mehnat qilgani o‘zlari guvoh bo‘lib turgan edi. Kelishuvning boshida ham: “Siz chiptalarga, konsertning moddiy tomoniga aralashmaysiz”, deyilgan edi.

— Bugun Jahongir Otajonov, Ozodbek Nazarbekov, Otabek Muhammadzohid, Gulsanam Mamazoitova, Rustam G‘oyipov, Farhod Saidov singari xonandalar jonli ijroda konsert bermoqda. Ularning konsert dasturlariga munosabatingiz qanday?
— To‘g‘risi, bu xonandalarning konserti haqida fikr bildirib, ularga yomon ko‘rinib qolishni xohlamayman. Ulardan faqat birining konsertiga kirganman, unda ham, to‘g‘risi, xonandaning repertuariga tushunmay, konsert oxirigacha o‘tira olmay, chiqib ketganman. Har nima bo‘lganda ham, xonanda sahnada madaniyatli bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Qo‘shiq aytishdan tashqari, sahnada turish, kuylash, gaplashish madaniyati bor. Shunga qaramay, jonli ijroda konsert berayotgan, shunga jazm qilgan san’atkorlarni qo‘llab-quvvatlash kerak, deb hisoblayman. Chunki bu juda katta mehnat, uyqusiz tunlarni talab qiladi. Odamlar fonogramma-konsertlarni qanday eshitib o‘tirishadi, hayron qolaman. Fonogramma — bu muxlislarni aldashdan boshqa narsa emas. Bugun to‘ylarda ham jonli ijroda kuylaganingizga qarashmayapti, jonli ijroda kuylab to‘yni ham qizdira olmaysiz — odamlarning qulog‘i fonogrammaga o‘rganib bo‘lgan. So‘nggi vaqtlarda to‘yini jonli ijroda o‘tkazib qaytgan xonandalar haqida to‘y egalari: “To‘yni yaxshi o‘tkaza olmadi”, deya gapirib yurgani haqida ko‘p eshityapmiz. Agar yana konsert bersam fonogrammada beraman, degan qarorga keldim.

 

Яндекс.Метрика