У нас есть только
оригинальные песни

O‘ninchi farzand. O‘tmishi fojiali ko‘p farzandli oilada yana bir mehmon

calendar 07.09.2017
1957

Taqdiri oson kechmagan omsklik Anton Kudryavsev oilasida qiz farzand dunyoga keldi. U oilaning o‘ninchi farzandi, deb yozadi “Argumenti i fakti”.

Omsklik Lyudmila qiz farzandni dunyoga keltirdi. Qizaloq 3,940 kilogramm, 56 santimetr bo‘lib dunyoga keldi. Unga Yeva deb ism berishdi. Yangilikdan xabar topgan baxtli ota u bilan ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lishdi. Albatta, farzandning dunyoga kelishi — har doim yaxshi yangilik, biroq bu safar u o‘ziga xos vaziyat.

Anton birinchi rafiqasi Anya bilan baxtli hayot kechirayotgan edi. Ular uch nafar o‘g‘lini tarbiya qilayotganda Anya uch egizakka homilador bo‘ldi. Afsuski, Sonya, Dasha va Poli timsolidagi cheksiz baxt ulkan qayg‘uga aylandi: shifokorlar Anyada onkologik xastalikni qayd etdi. Kasallik homiladorlik davridayoq rivojlana boshladi, biroq o‘shanda shifokorlar bolalar haqida o‘ylashni maslahat berdi. Tug‘uruqdan so‘ng esa kasallikni davolashning iloji yo‘q edi…

Bunday tashvishga duch kelgan ko‘p farzandli oila haqida eshitgan ijtimoiy tarmoqlardagi odamlar qo‘llab-quvvatlash guruhlarini tashkil etib, davolash uchun pul yuborishdi. Shifoxonalarda esa Kudryavsevlarga pul sarflamaslikni maslahat berishdi. Isroillik shifokorlar ham yordam bera olmadi.

2015-yilning 9-mayida Anya dunyodan ko‘z yumdi. 30 yoshli turmush o‘rtog‘i olti nafar bola bilan yolg‘iz qoldi, ulardan uch nafari hali juda kichkina edi.

“Yaxshi, sen hali uylanishing mumkin”, — degan edi Anya o‘limidan biroz avval.

Anton haqida teleko‘rsatuv efirga chiqqandan so‘ng ayollar uni maktublar bilan ko‘mib tashladi. Chet elda yashashni taklif qilishdi, uni qahramon deb atashdi. Maktublar oqimi biroz kamaygandan keyingina Anton elektron pochtasida Lyudmilaning maktubini ko‘rib qoldi. U hech narsa so‘ramagan, va’da bermagan, shunchaki yordamini taklif qilgan edi…

“Anya vafot etgandan so‘ng bir yil o‘tdi, Lyuda bilan yozisha boshladik. Anyaga xiyonat qildim deb o‘ylamayman. Axir uni tashlab ketganim yo‘q, bolalarni ham”, — deya xotirlaydi Anton.

“O‘g‘limni yolg‘iz katta qilayotgan edim, onam menga yordam berar edi. Anton haqida eshitganimda haqiqiy oilani istayotganimni tushundim. Onam, albatta, qo‘rqib ketdi va ‘Aqldan ozibsan! Axir bu katta mas’uliyat!’ deya baqirdi”, — deydi Lyudmila.

Biroq Lyuda tanlab bo‘lgan edi.

Bir yil avval Anton va Lyudmila nikohdan o‘tdi va oila qurdi. To‘y sayohatidan qaytgandan so‘ng onasi OITVdan vafot etgan, otasi qamoqqa tushgan ikki nafar bolakayni qaramog‘iga oldi.

Har qanday ko‘p farzandli oilada bo‘lgani kabi Kudryavsevlarda ham muammolar yetarli. Biroq ular yosh, faol va sog‘lom. Qiyinchiliklar oldida taslim bo‘lmasdan, shunchaki ularni yengib o‘tadi. Maslahatlashib. Ishonch va muhabbat bilan…

Lyuda hammaga yetadigan ko‘p ovqat pishirishni o‘rgandi. Bolalarning o‘z meva, olmalari bo‘lishi uchun bog‘ bilan shug‘ullanishga qaror qildi.

“Hayotimda mazmun paydo bo‘ldi. Men endi haqiqatan baxtliman”, — deydi u.

Endi esa Yeva dunyoga keldi. Yaqinlari ularni tabriklab, chaqaloqqa sog‘lik tiladi. Ba’zilar esa chindan hayratga tushdi. Axir Yeva oiladagi o‘ninchi farzand. Bu esa hazil emas.

Lyudmila bolaligida 13 nafar bolaning onasi bo‘lishni va saroyda yashashni orzu qilgan edi. Xo‘sh, o‘n nafari allaqachon bor. Buyog‘i uncha ko‘p qolmadi!

Яндекс.Метрика