У нас есть только
оригинальные песни

O‘zbekiston atom energetikasi orqali elektr energiyasiga ehtiyojini to‘liq ta’minlay oladimi?

calendar 09.01.2018
1131

Ortda qolgan 2017-yilning dekabr oyida Rossiyaning «RosAtom» davlat korxonasi rahbari mamlakatimizga tashrif buyurdi. Uning tashrifi OAV va internet saytlarida yoritilar ekan, ko‘pchilikda bir savol paydo bo‘ldi: «Yaqin yillarda O‘zbekistonda ham atom elektr stansiyasi (AES) quriladimi?

Hozircha bu savolga aniq javob yo‘q, chunki bu haqda hech qanday rasmiy xabar berilmadi. Ammo «RosAtom» rahbarining fikricha, O‘zbekistonda bemalol kichikroq hajmda AES qursa bo‘ladi va bunga hamma sharoit bor. Ana o‘shanda O‘zbekiston o‘zining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq ta’minlab, elektr energiyasini import qiluvchi davlatdan uni eksport qiluvchi davlatga aylanishi mumkin. Albatta, bu quriladigan AESlar soni va quvvatiga bog‘liq.

Agar kelajakda O‘zbekistonda AES quriladigan bo‘lsa, masalaning eng muhim tomoni — AESning xavfsizlik darajasi qanday bo‘ladi? 2011-yili Yaponiyadagi «Fukusima» AESda yuz bergan halokatdan so‘ng odamlar o‘rtasida AESlarga nisbatan ishonchsizlik paydo bo‘ldi, shu jumladan, yurtdoshlarimizda ham. Ammo bir narsani ta’kidlab ketishni xohlar edik — «Fukusima» halokatidan so‘ng Yaponiyadan boshqa bironta davlatda AESlar faoliyati to‘xtatilgani yo‘q. Hatto jahon bo‘ylab qurilayotgan yangi AESlarning ham qurilishi davom ettirilayapti. Yaponiyadagi holatga kelsak, mamlakat bosh vaziri Sindzo Abe o‘z chiqishlaridan birida mamlakatda AESlar faoliyati qayta tiklanishini va bu uchun oldin hamma AESlar qattiq nazoratdan o‘tkazilib, xavfsizlik talablariga javob berganlari kechiktirilmasdan qayta ishga tushirilishini aytib o‘tgan.

Dunyo atom energetikasiga nazar

Agar AESlarning dunyo bo‘ylab joylashish manzillariga qaraydigan bo‘lsak, eng ko‘p AES Yevropa qit’asida (Rossiya bilan birga) joylashganini ko‘ramiz. Ikkinchi o‘rinda Shimoliy Amerika joylashgan. Uchinchi o‘rinda Osiyo qit’asi turadi. Ekspertlarning fikricha, yaqin kelajakda Osiyo qit’asi AESlar soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘ringa chiqib oladi. Chunki dunyoning ikkinchi iqtisodiyoti maqomiga ko‘tarilgan Xitoyda yildan-yil elektr energiyasiga bo‘lgan talab keskin oshib boryapti va hukumat eskilarini ekspluatatsiya qilish bilan birga, yangi AESlar qurish yo‘li bilan bu muammoning yechimini xohlayapti. Shuningdek Hindiston ham oshib borayotgan elektr energiya talablarini yangidan-yangi AESlar qurish yo‘li bilan qondirmoqchi. Shuningdek, Vetnam davlati o‘zining ilk AESini 2019-yilda ishga tushirishni mo‘ljallayapti. Osiyoning boshqa ayrim mamlakatlari ham kelajakda o‘z davlatlarida AESlar qurish istiqbollarini xomcho‘t qilmoqdalar.

To‘rtinchi o‘rinda esa Argentina va Braziliyada joylashgan bir necha AESlari bilan Janubiy Amerika turibdi.

Beshinchi o‘rinda Afrika qit’asi joylashgan. Bu qit’ada AESlar hozircha faqatgina JARda bor. Ammo qit’aning bir necha mamlakatlari yaqin kelajakda AESlar qurib, o‘zlaridagi elektr energiyasi taqchilligi muammosini yo‘qotishni rejalashtiryaptilar. Bu yo‘lda Sudan ilk qadamlarni tashladi. 2017-yilning 26-dekabr kuni «RosAtom» va Sudan hukumati o‘rtasida Sudanda AES qurish haqida shartnoma imzolandi.

AESlarning mamlakatlar bo‘ylab taqsimlanishida esa AQSh mutlaq birinchi o‘rinda. Bu mamlakatda yuzga yaqin atom reaktori ishlamoqda. Keyingi o‘rindagi Fransiyada 58 ta reaktor ishlayapti. Uchinchi o‘rinda esa hozircha reaktorlari vaqtinchalik to‘xtatilib ishlamay turgan bo‘lsa-da, Yaponiya turadi — 43 ta atom reaktori bor.

  1. AQSh. 99 reaktor ishlayapti, 4 tasi qurilmoqda.
  2. Fransiya. 58 reaktor ishlayapti, 4 tasi qurilyapti.
  3. Yaponiya. 43 ta bor va ularning hammasi hozir to‘xtatilgan.
  4. Xitoy. 35 reaktor ishlayapti, 22 tasi qurilayapti.
  5. Rossiya. 35 reaktor ishlayapti, 7 tasi qurilmoqda.
  6. Janubiy Koreya. 25 reaktor ishlayapti, 3 tasi qurilyapti.
  7. Hindiston. 22 reaktor ishlayapti, 5 tasi qurilmoqda.
  8. Kanada. 19 reaktor ishlayapti. Yangilari hozircha qurilmayapti.
  9. Ukraina. 19 reaktor ishlayapti.
  10. Buyuk Britaniya. 15 reaktor ishlayapti.

Endi dunyodagi AESlarning eng yiriklari ro‘yxatiga qarasak, ishlamayotgan bo‘lsa-da, Yaponiyaning «Fukusima» atom elektr stansiyasi dunyodagi eng katta AES hisoblanadi.

Ikkinchi o‘rinda esa Yaponiyadagi yana bir AES «Kasivadzava-Kariva» turadi.

Kattaligi jihatidan dunyoda uchinchi o‘rinda Ukrainaning «Zaporoje» AESi turibdi.

Endi AESlarning mamlakat elektr energiyasi ishlab chiqarishidagi ulushiga qaraydigan bo‘lsak, eng katta ko‘rsatkich Fransiya va Ukrainada: AESlar ulushi bu mamlakatlarda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 50 foizidan sal ziyodroqni tashkil etadi. Qolgan mamlakatlarda esa 1 foizdan 15 foizgacha bo‘lganini qoplaydi.

Dunyo atom energetikasini esa IAEA (International Atomik Energy Agency, ruschasi MAgAtE, Mejdunarodnoye agentsvo po atomnoy energii), Xalqaro atom energetikasi agentligi boshqarib boradi.

Hammamizga ma’lumki, Yer yuzida energetika resurslari judayam notekis tarqalgan. Bir hududda katta-katta neft-gaz yoki ko‘mir konlari bo‘lsa, ikkinchi hududda umuman hech narsa yo‘q. Ana o‘sha energetika resurslari yo‘q yoki kam bo‘lgan hududlarda joylashgan mamlakatlarning aksariyati o‘z mamlakatidagi energiya taqchilligini yaqin kelajakda AESlar qurish bilan hal qilmoqchi. Masalan, Sobiq Ittifoq davrida AESlar faqat Rossiya va Ukrainada qurilgan edi. Boshqa ittifoqdosh respublikalarda AES qurilmagan. Ammo bugungi kunda Belarusda yangi AES qurilishi jadallik bilan davom ettirilyapti. Qozog‘iston yaqin kelajakda AES qurishni rejalashtirmoqda. Shuningdek bu mintaqa bilan chegaradosh bo‘lgan Turkiyada RosAtom bilan hamkorlikda AES qurish ishlari boshlab yuborilgan. Umuman olganda, jahondagi aksariyat rivojlanayotgan davlatlar kelajakda energiya taqchilligini AESlar qurib hal qilishni mo‘ljallamoqdalar. To‘g‘ri, bugungi kunda dunyo davlatlari orasida quyosh energiyasi, shamol energiyasi, hatto dengiz to‘lqinlaridan energiya olish kabi qayta tiklanuvchi energiya olish texnologiyalari ham jadallik bilan rivojlanib bormoqda, ammo shu bilan birga AESlar qurishga ham aslo qiziqish kamaygani yo‘q. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari texnologiyalaridan ko‘ra AESlar qurish katta xarajatni talab qilgani uchun ko‘p davlatlar hozircha o‘zlarida AESlar qurishni kechiktirib turishibdi, xolos.

Endi xavfsizlik masalalariga kelsak. AESlar tarixida ikkita halokat bo‘lgan. Biri «Chernobil», ikkinchisi «Fukusima». Har ikkalasida ham halokatlar tabiiy ravishda emas, balki insonlar xatosi bilan yuz berganini va dunyodagi qolgan barcha AESlarda 500 ga yaqin atom reaktorlari ishlab turganini inobatga olsak, AESlar odamlar o‘ylaganiday xavfsizlik va ekologiyaga jiddiy xavf soladigan inshoot emas.

O‘tgan asrning oxirlarida sodir bo‘lgan Chernobil AES va yangi asrning boshida sodir bo‘lgan «Fukusima» AES halokatlari odamlarda AESlarga qarshi salbiy tasavvur uyg‘onishi uchun yetarli bo‘ldi. Ammo energetika zaxiralarining dunyo bo‘ylab notekis tarqalishi, yildan-yil o‘sib kelayotgan iqtisodiyot va aholi sonining oshishi va shu kabi boshqa omillar turli davlatlarda yangidan-yangi AESlar qurilishiga sabab bo‘lyapti. Albatta, AESlarning atrof-muhit va ekologiyaga qisman zarari bo‘lishi mumkin, ammo energetik mustaqillik juda muhim.

Endi biz o‘zimizga tegishlisiga o‘tsak

Xo‘sh, mamlakatimizda AES qurish qanchalik istiqbolli yoki aksincha bo‘ladi. Yuqorida ham aytildi, energiya mustaqilligiga erishish har bir davlat uchun o‘ta muhim hisoblanadi. Shu jumladan biz uchun ham.

Bizda shu paytgacha elektr energiyasining yetishmayotgani, achchiq bo‘lsa-da, haqiqat edi. Uni bugungi kunda yon qo‘shnimiz Qirg‘izistondan import qilyapmiz, kelajakda Tojikistondan olishimiz haqida gap-so‘zlar bo‘lyapti, ammo mamlakatimiz uchun energetika mustaqilligi ko‘p narsani anglatadi. Chunki chetdan import qilib olinadigan elektr energiyasi iqtisodiy yoki siyosiy sabablarga ko‘ra istalgan vaqtda to‘xtab qolishi mumkin.

Bu masalaning muhim bir tomoni. Ikkinchi tomoni shundan iboratki, bizga elektr enegiyasini eksport qilayotgan Qirg‘iziston uni asosan GESlarda ishlab chiqaradi. Shuning uchun ham ma’lum bir yillarda ob-havo noqulay kelsa va yog‘ingarchilik kam bo‘lsa, ularda elektr energiyasini ishlab chiqarish kamayadi. Buning natijasida ular bizga elektr energiyasini mo‘ljaldan kamroq eksport qilishlari va shu tufayli bizda yana uzilishlar bo‘lishi mumkin. Ana shu jihatdan olib qaraganda biz o‘zimizdagi bor imkoniyatlardan foydalanib AES qursak va buning natijasida energetik mustaqillikka erishsak ham maqsadga muvofiq ish bo‘ladi.

«RosAtom» rahbarining yurtimizga tashrifidan so‘ng aholi orasida: «Agar bizda AES qurishsa, u qayerda quriladi. AES reaktorlarini sovitish uchun ko‘p suv kerak, o‘sha suvni qayerdan olishadi? Uning xavfsizligi qanday bo‘ladi?» degan savollar paydo bo‘la boshladi. Masalaning boshqa jihatlariga javob berishni soha mutaxasislariga qoldirib «Uning xavfsizligi qanday bo‘ladi?» degan savolga javob berishga urinib ko‘ramiz.

Agar dunyo bo‘ylab AESlar joylashgan hududlarni ko‘rarkanmiz, ularning aksariyati aholi zich joylashgan hududlarda qurilganiga guvoh bo‘lamiz. AQShda yoki Xitoy va Yaponiyada ham, Yevropa davlatlarida ham, Ukraina va Rossiyada ham AESlar aholi punktlari orasida qurilgan Hatto Belarusdagi yangi AES shundoqqina Belarus-Litva chegarasiga yaqin yerda qurilyapti va AES bilan Litva poytaxti Vilnyus shahrini bor-yo‘g‘i 50 km. masofa ajratib turibdi. Yoki bir paytlar Sobiq Ittifoq davrida Sharqiy Yevropadagi sobiq sotsialistik lagerga kiruvchi Vengriya, Bolgariya, sobiq Yugoslaviyadagi AESlar ham yirik shaharlar yaqinida qurilgan edi. Shunday ekan, AESlar pishiq va puxta qilib qurilsa va keyin uni boshqarishda ham kuchli nazorat olib borilib, xatoga yo‘l qo‘yilmasa, AESlarda ancha-munchada halokat sodir bo‘lmaydi.

Albatta, kelajakda mamlakatimizda AES quriladimi yoki yo‘qmi buni vaqt ko‘rsatadi. Ammo energetik mustaqillik biz uchun muhim va dolzarb muammo bo‘lib kun tartibimizda turaveradi

Яндекс.Метрика