У нас есть только
оригинальные песни

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi mini futbol bo‘yicha Paralimpiya kubogi sohibi bo‘ldi

calendar 23.04.2016
909

22-aprel, juma kuni O‘zbekiston Milliy paralimpiya assotsiatsiyasida mini futbol bo‘yicha Paralimpiya kubogi uchun turnir o‘tkazildi, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Mazkur musobaqada Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi, shuningdek, boks, taekvondo, tennis va suzish bo‘yicha Respublika sport federatsiyalarining xodimlaridan tashkil topgan jamoalar ishtirok etdi.

Ishtirokchilar bahslarni chorak finaldan boshladi. Dastlab, O‘zbekiston boks federatsiyasi jamoasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi jamoasini 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Ikkinchi o‘yinda Milliy olimpiya qo‘mitasi jamoasi O‘zbekiston tennis federatsiyasi jamoasini 4:1 hisobida yengdi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasi jamoasi O‘zbekiston suzish federatsiyasi jamoasidan 5:1 hisobida ustun keldi. Turnirda jami 7 ta jamoa ishtirok etganligi bois, O‘zbekiston Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi jamoasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yarim finalga chiqdi.

Final yo‘llanmasi uchun kechgan bahslarda taekvondo assotsiatsiyasi vakillari boks federatsiyasi jamoasiga 0:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. Milliy olimpiya qo‘mitasi jamoasi esa Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi jamoasi darvozasiga javobsiz oltita to‘p yo‘llab, ikkinchi o‘yinda ham yirik hisobda g‘alaba qozondi.

Final uchrashuvida Milliy olimpiya qo‘mitasi jamoasi O‘zbekiston boks federatsiyasini 3:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.

Яндекс.Метрика