У нас есть только
оригинальные песни

O‘zbekiston paxta yetishtirishda Better Cotton standartini joriy etadi

calendar 24.10.2017
1102

O‘zbekiston xalqaro Better Cotton standarti bo‘yicha ijtimoiy ahamiyatga va ekologik barqarorlikka ega paxta yetishtirishni boshlaydi. Loyihani Jahon banki a’zosi — Xalqaro moliyaviy korporatsiya Vengriya bilan hamkorlikda amalga oshiradi. Loyiha prezentatsiyasi 24-oktabr kuni 13-Xalqaro o‘zbek paxtasi va tekstili yarmarkasida bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.

2017–2022-yillarga mo‘ljallangan loyihaning maqsadi yaxshiroq xalqaro amaliyotni joriy etish yo‘li bilan paxta yetishtirish samaradorligini oshirish, shu yo‘l bilan paxta sektorida majburiy mehnatdan foydalanilishi ehtimolini minimumga tushirishdir. Loyihaning Xalqaro moliyaviy korporatsiya investitsiyalari shaklidagi taxminiy qiymati 5 million dollarni tashkil etadi.

Birinchi bosqichda (2017–2018) korporatsiyasi boshlang‘ich dasturni amalga oshiradi — u Farg‘ona (uch paxta zavodi va olti fermer xo‘jaligi), Jizzax (ikki paxta zavodi va to‘rt fermer xo‘jaligi) viloyatlarida Better Cotton standarti asosida barqaror paxta yetishtirish standartlari tizimini ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazishdan iborat. Muvaffaqiyatli sinovdan so‘ng tizim shu viloyatlarda paxta bilan shug‘ullanuvchi 3 ming fermer xo‘jaligi va agrokorxonani qamrab oladi.

2019–2022-yillarda tizimni O‘zbekistonning qolgan hududlarida joriy etish ko‘zlanmoqda.

Xalqaro moliyaviy korporatsiyaning mahalliy sheriklari orasida Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, “O‘zpaxtasanoateksport” (keyinchalik — uning davomchisi), “O‘zbekengilsanoat” kompaniyalari hamda Kasaba uyushmalari federatsiyasi bor.

Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkiloti va O‘zbekiston paxta sektoriga aloqador boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Better Cotton standarti asosida loyiha ekspertlari, O‘zbekistonda paxta yetishtirish bosqichlarini o‘rganib chiqqan holda, har bir bosqich uchun tavsiyalar tayyorladi.

Tavsiyalar ishlov berilgan paxta urug‘larini bir xil chuqurlikda, o‘simliklar zichligining gektariga 90 ming donadan oshmaydigan miqdorda nuqtali ekishni ko‘zda tutadi.

Ekspertlar, shuningdek, urug‘larni qoldiq o‘simliklar bilan birga ekishni tavsiya etmoqda, bu O‘zbekistonning issiq iqlimida muhim ahamiyatga ega — yozda qoldiq o‘simliklar ostida havo harorati Selsiy bo‘yicha 28 darajani tashkil etadi, sayoz kultivatsiya sharoitida bu ko‘rsatkich 33 darajaga, yuza qatlamda esa 43 darajani tashkil etadi.

Tavsiyalarga ko‘ra, qoldiq o‘simliklar va o‘simliklarning tomirlarini dalada qoldirish, maydalash hamda xas-xashak, somon va paxta poyalarini bir tekis sochib chiqish zarur.

O‘zbekistonda ekspertlar paxta kasalliklarini aniqlamadi, lekin zararkunandalarni nazorat qilish zarurligini ta’kidladi.

Paxta yetishtirishning muhim bosqichlaridan biri — defoliatsiya. U o‘simlikning barglari to‘kilishi uchun o‘tkaziladi, bu keyinchalik mashinada paxta terishda yordam beradi. Ammo, ekspertlarning aniqlashicha, O‘zbekiston dalalarida asosan magniy xlorat ishlatiladi, u bilan ishlov berilganidan so‘ng o‘tda ko‘p barg qolib ketadi. Bundan tashqari, paxta dalalarida defoliatsiya bir tekis amalga oshirilmaydi, ko‘saklar ochilishini tezlashtiruvchi preparatlar qo‘llanmaydi.

Shu tariqa, O‘zbekistonda kombaynlar yordamida terilgan paxta o‘simlik va ko‘saklar aralashuvi tufayli sifatsiz ko‘rinadi. Ekspertlar ko‘saklarning tez yetilishi, samarador defoliatsiya va o‘simliklarning qayta o‘sishiga ko‘mak beruvchi preparatlarni tavsiya qildi.

Better Cotton standarti paxta terishda inson mehnatidan foydalanilishini nazarda tutmaydi, shu bois paxta poyalari mashina yig‘imiga to‘liq moslashishi lozim.

Яндекс.Метрика