У нас есть только
оригинальные песни

O‘zbekiston va AQSh prezidentlarining barcha uchrashuvlari

calendar 23.05.2017
2398

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-may kuni Saudiya Arabistonida AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashdi. Bu O‘zbekiston va AQSh davlat rahbarlarining so‘nggi 15 yildagi ilk yuzma-yuz uchrashuvi bo‘ldi. Bungacha O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov AQShning ikki prezidenti bilan uchrashgan edi.

Birinchi uchrashuv. 1996-yil, 25-iyun

O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimov 1996-yilning 23—28-iyun kunlari tashrif bilan AQShda bo‘lgan. Tashrif davomida O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan, shuningdek, Prezident boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Texas va Kolorado shtatlarida ham muzokaralar olib borgan. 25-iyun kuni esa Islom Karimov Oq uyda AQShning o‘sha vaqtdagi prezidenti Bill Klinton bilan uchrashgan.

Ikkinchi uchrashuv. 2002-yil, 14-mart

Islom Karimov 2002-yilning 11—14-mart kunlari rasmiy tashrif bilan Amerikada bo‘ldi va 12-mart kuni Oq uyda AQSh prezidenti kichik Jorj Bush bilan uchrashdi. “Islom Karimov Oq uyda AQSh prezidenti va hukumati a’zolari tomonidan faxriy mehmondek kutib olingan edi”, — deb yozadi Open Asia. Bu vaqtga kelib AQShning Afg‘onistonda 2001-yili boshlagan “terrorchilikka qarshi urushi” ayni avj pallasiga chiqqan, O‘zbekiston o‘z hududidagi bazadan AQShning foydalanishiga ruxsat bergan edi.

Uchinchi uchrashuv. 2017-yil, 21-may

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Arab-musulmon mamlakatlari va AQSh sammiti doirasida Ar-Riyodda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashdi. “Uchrashuvda Donald Tramp O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar jarayonini yuqori baholadi”, — deyiladi O‘zA axborotida.

Яндекс.Метрика