У нас есть только
оригинальные песни

O‘zbekistonda tinch maqsadlarda foydalanish uchun atom energetikasi barpo etiladi

calendar 10.07.2018
830

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-iyul kuni mamlakatda atom elektr energetikasini barpo etish bo‘yicha tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda elektr energiyasiga bo‘lgan talab 69 milliard kilovatt-soatni tashkil etadi. Bu quvvatning qariyb 85 foizi gaz va ko‘mirni yoqish orqali, qolgan 15 foizi gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqariladi. Buning uchun yiliga 16,5 milliard kub metr tabiiy gaz, 86 ming tonna mazut va 2,3 million tonna ko‘mir sarflanadi.

Kelgusida iqtisodiyot o‘sishi, aholi soni va turmush darajasi oshishi evaziga elektr energiyasiga bo‘lgan talab yanada ortadi.

“Bu sohada faqat tabiiy gaz va ko‘mirdan foydalanishni davom ettiraversak, ularning mavjud zaxirasi ma’lum vaqtdan keyin tugab qolishi mumkin. Bu esa kelajak avlod oldida kechirib bo‘lmaydigan xato va jinoyat bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois mamlakatda tinch maqsadlarda foydalanish uchun atom energetikasini barpo etishga kirishildi. Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi hamkorlikda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Mazkur kompleks 2 ta energoblokdan iborat, har birining quvvati 1 ming 200 megavatt bo‘ladi. Atom elektr stansiyasi uchun dunyodagi eng xavfsiz va zamonaviy energoblok tanlab olingan. Uni 2028-yilgacha ishga tushirish rejalashtirilgan.

Atom elektr stansiyasi barpo etilishi natijasida yiliga 3,7 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi. Bu manba qayta ishlanib, yuqori qo‘shilgan qiymatli neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Atom energiyasi ekologik toza ham. Bunday stansiyalar zararli is gazini hosil qilmaydi. Natijada tabiiy gazni yoqishdan hosil bo‘ladigan va atrof-muhitga tarqaladigan is gazi hajmi yiliga 3 million tonnaga kamayadi.

Yig‘ilishda atom elektr stansiyasini qurish, undan foydalanish, xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq tashkiliy-texnik va amaliy ishlar muhokama qilindi.

Fizika va texnika yo‘nalishlaridagi oliy o‘quv yurtlarini bitirgan salohiyatli kadrlarni tanlab olib, ularni Moskva va Minskka o‘qishga hamda atom elektr stansiyalarida tajriba orttirishga yuborish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Yig‘ilishda har bir bosqichdagi ishlarni puxta ishlab chiqish va amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligini qat’iy nazoratga olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Яндекс.Метрика