У нас есть только
оригинальные песни

O‘zbekistonning ikkita hududida shamol parklari tashkil etiladi

calendar 16.06.2016
1192

Toshkentdan shimoli-sharq tomondagi tog‘li hududlar, Samarqanddan janubi-sharq tomondagi tog‘ tizmalari hamda Jizzax bilan Samarqand viloyatlari o‘rtasida joylashgan tog‘ tizmalari shamol salohiyati yuqori bo‘lgan hududlar sirasiga kiradi. Keyingi o‘rinda esa Navoiy viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi turadi. Shu va boshqa masalalar Toshkentda o‘tgan O‘zbekistonning shamol-energetik salohiyatiga bag‘ishlangan ikkinchi milliy konferensiyada muhokama qilindi, deb yozadi “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi rasmiy sayti.

“Navoiy viloyati, Qoraqalpog‘iston va boshqa tog‘li hududlarda shamol salohiyati yuqori. Ikkita salohiyati nisbatan yuqori bo‘lgan hududda shamol parklarini tashkil etishni rejalashtiryapmiz. Park uchun joyni aniqlash maqsadida shamol sharoitini tahlil qilib, bunda yerdan foydalanish xususiyatlari, elektr va transport tarmoqlarining mavjudligi hisobga olinmoqda”, — dedi Geo-Net kompaniyasi loyiha menejeri Yoxanes Beker.

Har bir hududda quvvati 100 megavatt bo‘lgan shamol energiyasi parkini tashkil etish har yili mos ravishda 326 million va 358 million kilovatt/soat elektr energiyasini ishlab chiqarish imkonini beradi. Bu esa 180 mingta oila bir yilda o‘rtacha ishlatadigan energiyaga tengdir.

“Bizning tahlillarga ko‘ra, O‘zbekiston shamol energiyasini rivojlantirish bo‘yicha katta salohiyatga ega, — deydi Intec-GOPA kompanisi loyiha direktori Martina Dabo. — Dunyoning qator davlatlarida shamol nafaqat elektr energiyasi uchun, balki xonalarni isitish va havoni sovitish uchun ham ishlatiladi. Bu O‘zbekiston uchun ham dolzarbdir. Bundan tashqari, shamol energiyasini ishlab chiqarishda yerga ishlov beradigan maxsus moslamalardan foydalanish mumkin”.

Яндекс.Метрика