O'z samolyotlari orqali Suriya hududini bombardimon qilganidan keyin Rossiyaning Yaqin Sharqdagi ta'siri kengaydi. Bu haqda Business Insider portalida yozilgan.
Harbiy mavzular bo'yicha tahlilchi Jeff Uaytning bildirishicha, AQShdan farqli ravishda Rossiya bu hududda o'z ta'sirini kengaytirish uchun katta qadamlar tashladi.
"Ruslar to'g'ri harakatlanishmoqda. Ularning o'z rejasi bor va ular shu reja bo'yicha ish tutishmoqda. Ular AQShning ojizligidan foydalanishdi va AQShni kurashga da'vat etdi. Rossiyaning o'z maqsadlari grafigi bor. Ular nima xohlashlarini va nima qilayotganlarini yaxshi bilishadi", deydi Uayt.
Uning fikricha, ayni vaziyatda AQShning ustunlik uchun imkoniyatlari haminqadar.
"Biron narsa qilish uchun juda kech bo'ldi. Biz Rossiyaning harakatlariga javob bermadik. Endi biz ular bilan faqat quvlashmachoq o'ynashimiz mumkin", deydi tahlilchi.
U AQSh tomonidan Rossiyaga keskin javob berilishi kerak, deb hisoblaydi. Uning fikriga ko'ra, AQSh Rossiya Suriya osmonidan o'z samolyotlarini olib ketishini talab qilishi kerak.
Yaqin Sharq bo'yicha siyosiy tahlilchi Jonatan Shantser esa Rossiya tomonidan Suriyada amalga oshirilayotgan havo zarbalari hududdagi vaziyatni murakkablashtirib, xaosni paydo qilishidan ogohlantirgan.
"Rossiya samolyotlari Suriya osmonida kezib yurar ekan mustabid Bashar Asad o'zini bexavotir his etadi. Asaddan norozi tomonlar Vladimir Putinning o'yinni qanday olib borishini kutish va kuzatishdan boshqa chorasi qolmayapti", deydi Shantser.