У нас есть только
оригинальные песни

Oflayn kartalar yoxud ma’nan eskirgan, xavfsiz bo‘lmagan DUET kartalari haqida

calendar 12.12.2016
1692

Bugungi kunda yurtimizda to‘lov kartalari Online va Offline rejimida ishlaydi. Hozirgi paytda onlayn rejimida ishlaydigan kartochkalar soni jadallik bilan o‘sib bormoqda. Amalda barcha banklar onlayn kartochkalarni emissiya qilmoqda va vaqti-soati bilan eski namunadagi kartochkalar muomaladan chiqib ketadi.

Odatda banklar mijozlarga naqd pulsiz hisob-kitoblarning anchayin zamonaviy Uzcard tizimiga o‘tish, ya’ni Online kartochka egasi bo‘lishni taklif qiladi. Ushbu jarayonda eski kartadagi balans qoldiq mablag‘lari yangi namunadagi kartochkaga ko‘chiriladi. Lekin karta egalari safida ikkala turdagi kartalardan foydalanayotganlar ham mavjud.

Barcha turdagi plastik kartalarning afzalligi ularni ruxsatsiz foydalanishlardan himoya qiluvchi PIN-kod mavjudligidadir. Duet kartasi yo‘qotilgan holatda nima bo‘ladi? “Umuman olganda, hech narsa, chunki, karta faqatgina uning egasi biladigan PIN-kod bilan himoyalanadi”, — deb o‘ylaydi oddiy fikrlaydigan kishi va yanglishadi.

Shunga qaramasdan, Duet plastik kartochkalari barcha zaifliklardan xoli ekaniga ishonchimiz komil bo‘lishi mumkinmi?

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bugungi kunda Duet platformasidagi plastik kartalar ma’naviy jihatdan eskirgan hisoblanadi, chunki ushbu platforma ayrim kamchiliklardan xoli emas.

Birinchidan, Duet kartochkasi egasi mobil telefoniga mobil dastur o‘rnatish imkoniyatiga ega emas. Bu esa mobil telefonga bog‘langan plastik kartaning to‘lovlar tarixini ko‘rishga to‘sqinlik qiladi. Shuningdek, to‘lov makonini yaratish, kartalar balansi haqida ma’lumot olish va hatto amalga oshirilgan operatsiyalar ro‘yxatini yuritish imkoniyati ham cheklangan.

Ikkinchidan, agar muayyan karta egasi o‘zining elektron hamyonini odat bo‘lib qolgan (1 yoki 5) parol bilan PIN-kod orqali himoyalagan bo‘lsa, u pullaridan ajralib qoldi deyishga asos bor. Boisi, ushbu kartani qo‘lga kiritgan yovuz niyatli odam bir necha daqiqa ichida kartada saqlanayotgan pul mablag‘larini sarflab yuborishi mumkin. Karta Offline texnologiyasi asosida ishlashi sababli tezlik bilan uni blokirovka qilish va kartochkadagi mablag‘lar harakatini monitoring qilish imkoniyati yo‘q. Duet plastik kartochkasi yo‘qotilgan holatda kartochkaning egasi unga kartani taqdim etgan bank muassasasiga zudlik bilan yetib borishi va kartani stop-listga joylashtirish bo‘yicha ariza yozishi zarur. Plastik kartochkalar karta egalari-mijozlar yozma arizalariga muvofiq va/yoki tijorat banklari arizalari asosida stop-listga kiritiladi. Ushbu ro‘yxat shakllantiriladi va tijorat banklariga markazlashgan tarzda protsessing markazi tomonidan tarqatiladi. Inkassatsiya qilish paytida stop-list savdo xizmat ko‘rsatish korxonasida o‘rnatilgan terminalning savdo kartochkasiga qayd qilinadi. O‘z vaqtida inkassatsiya qilinmaydigan savdo xizmat ko‘rsatish korxonalarida yo‘qotilgan/o‘g‘irlangan kartochkalardan tranzaksiyalar amalga oshirilishi ehtimoli yuqori bo‘lib, ushbu holat kartochka egasi uchun jiddiy moliyaviy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Bugungi kunda Duet kartochkalari bilan bog‘liq o‘ta jiddiy muammolardan biri “eski” banklararo tranzaksiyalarni ularga keyingi o‘rinda ishlov berish uchun protsessing markaziga yuborishdir. Mazkur tranzaksiyalar quyidagi sabablar tufayli yuzaga keladi:

– savdo-xizmat ko‘rsatish korxonalari tomonidan savdo terminallarini o‘z vaqtida inkassatsiya qilinmasligi — buning oqibatida ushbu korxonaga xizmat ko‘rsatuvchi bank zarar ko‘radi;

– bank muassasalarida o‘z vaqtida kliring sessiyalari amalga oshirilmasligi.

Bundan tashqari, Duet tizimining yana bir kamchiligi stop-list muammosidir. Barcha savdo-xizmat ko‘rsatish korxonalari ham mazkur tizimda ishlash reglamentiga aniqlik bilan amal qilmaydi va o‘z vaqtida inkassatsiya qilinmaganidan so‘ng o‘g‘irlangan/yo‘qotilgan kartalardan tranzaksiyalar amalga oshirilishi xavfi paydo bo‘ladi. Oqibatda o‘g‘irlangan/yo‘qotilgan kartochkalarga xizmat ko‘rsatuvchi Uzcard banklararo to‘lov tizimi ishtirokchi-banklari to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy jihatdan zarar ko‘radi.

Duet tizimida nazarda tutilgan pul mablag‘lari inkassatsiyasi rejimi, shuningdek, savdo-xizmat ko‘rsatish korxonasi bilan ayrim insofsiz bank xodimlarining firibgarlik maqsadida til biriktirishi uchun noqonuniy yo‘l ochib beradi. Bu esa soliq organlariga savdo-xizmat ko‘rsatish korxonasining daromadi pasaytirilgan holda ma’lumot taqdim etilishi demakdir. Bu, o‘z navbatida, davlat budjetiga pul tushumlarining kamayishiga sabab bo‘ladi.

Duet plastik kartangizdan kim va qay tarzda pul o‘g‘irlashga harakat qiladi?

Firibgarlik nayranglarida nafaqat begona yovuz niyatli odamlar, balki odatda ishonch bildiriladigan shaxslar, ya’ni savdo va xizmatlar sohasi vakillari, ayrim insofsiz bank xodimlari ham ishtirok etishi mumkin. Oflayn plastik kartochkalaridan pul o‘g‘irlanishi holatlari hatto umuman kutilmagan joyda ham amalga oshirilishi mumkin. Bugungi kunda Duet platformasidagi plastik kartochkalar bilan bog‘liq firibgarlik usullarining eng ommalashganlaridan biri qo‘sh tranzaksiyadir. Xaridor savdo-xizmat ko‘rsatish tarmog‘ida to‘lovni amalga oshirar ekan, kartani operatorga taqdim etadi. U kartani hisoblash qurilmasidan o‘tkazadi va xaridor yoki operator PIN-kodni kiritadi, shundan so‘ng xodim karta egasiga xatolik bo‘lganini aytadi. So‘ngra jarayon yana bir marta takrorlanadi va bu gal tranzaksiya muvaffaqiyatli amalga oshiriladi. Biroq muayyan vaqt o‘tgandan so‘ng karta egasi xarid uchun pul ikki marta yechib olinganidan xabar topadi. Ayni paytda bu holatni oddiy sabab, ya’ni Duet plastik kartochkalarida SMS-xabarnoma mavjud emasligi tufayli aksariyat karta egalari pul yechilishi bilan bog‘liq jarayondagi xatolik yoxud summa bir xil bo‘lgani bois takror deya qabul qilib, sezmasligi ham mumkin. Bunday tranzaksiyalar bo‘yicha arz qilish va pullarni qaytarib olish yengil kechmaydi. Biroq aybdorlarni ham javobgarlikka tortishda muayyan murakkabliklar mavjud. Chunki barchasini tizimda xatolik ro‘y bergani yoki operatorning yanglishgani bilan asoslash mumkin. Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, qo‘sh tranzaksiya haqiqatan ham firibgarlik bo‘lib chiqmasligi, balki to‘lov terminali ishidagi xatolik bilan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin. Xullas, shunga o‘xshash holatlar uchrab turadi va ulardan hech kim himoyalanmagan.

Qolaversa, Duet kartalarida pul mablag‘lari haqidagi qayd bevosita kartaning o‘zida saqlanadi va texnologik jihatdan Online rejimida moliyaviy muassasalarning serverlari tomonidan hech qanday nazorat olib borilmaydi. Bu esa xakerlar tomonidan kartalarning buzilishi va ruxsatsiz ravishda mablag‘ o‘tkazish hamda yechib olinishi uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochadi. Ya’ni Offline karta himoyasini buzgan firibgar bank xabardor bo‘lmagan holatda, kartadagi pul mablag‘lari qaydini boshqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Yangi tizimning afzalligi nimada?

Asosiy farqi shundaki, barcha operatsiyalar Online rejimida amalga oshiriladi. Uzcard egasi mablag‘larni kartochkaga yuklab olishiga hojat yo‘q. Summa avvalgidek kartochkaning o‘zida emas, balki bankdagi hisobda bo‘lgani sababli barchasi avtomatik tarzda amalga oshiriladi. Uzcard egasi xarid qilayotganda zarur kod kiritilgandan so‘ng summa uning bankdagi hisobidan yechiladi, ya’ni kartochka bank hisobidan foydalanishga yo‘l ochuvchi o‘ziga xos “kalit” ham hisoblanadi. Sotuvchi esa bankka kelmasdan ham ish kunining yakunida inkassatsiya qilishi mumkin.

Uzcard kartochkasining boshqa bir afzalligi shundaki, u yo‘qotilgan taqdirda bankda karta egasi tomonidan plastik kartochka yo‘qotilgani haqida yozma ravishda ariza yoziladi va uning hisoblari muzlatiladi. Shundan so‘ng hech kim mablag‘larni sarflay olmaydi. Agarda kimdir mijozning bankka murojaatiga qadar kartadan foydalangan bo‘lsa, pullarning harakatlanishini tez va osonlik bilan nazorat qilish mumkin. Kartani esa ertasi kuniyoq tiklash mumkin. Eski namunadagi kartochka yo‘qotilgan taqdirda karta egasi 20 sutka kutishiga to‘g‘ri keladi. Ana shu muddat o‘tgandan so‘nggina undan mablag‘ yechilgan yoki yechilmaganligi haqida bilish mumkin. Boisi, tadbirkorlar ularning oddiy terminali to‘lib qolgan holatlarda inkassatsiya qiladi. Bu bir oyda 2–3 marotaba amalga oshirilishi mumkin.

Shuningdek, Offline karta bloklanganda (masalan, amal qilish muddati tugagan holatda yoki boshqa biron sababga ko‘ra, bankomat yoxud do‘konda garchi shunday imkoniyat bo‘lsa ham oddiy avtorizatsiya yo‘li bilan muammo bartaraf etilmagan taqdirda), kartochkani faqatgina uni taqdim qilgan bank bo‘linmasida blokdan chiqarish mumkin bo‘ladi. Uzcard bilan bog‘liq holatda, buni mamlakat bo‘ylab istalgan filialda amalga oshirish mumkin.

Yagona Umumrespublika Protsessing Markazi

PR-xizmati

Яндекс.Метрика