У нас есть только
оригинальные песни

Oliy Majlis huzurida yangi institut o'z faoliyatini boshladi

calendar 07.01.2018
1298

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2017 yil 12 iyuldagi Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O'zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan videoselektor yig'ilishidagi ma`ruzasida, shuningdek 2017 yil 22 dekabrdagi parlamentga taqdim etgan Murojaatnomasida qonun ijodkorligidagi kamchiliklar, deputatlarda qonunchilik tashabbusi borasida faollikning yetishmasligi asosli tanqid qilingandi.

Davlat rahbari har bir qonun loyihasi yuzasidan fikr va takliflarni quyidan – fuqarolardan, joylardagi xalq deputatlari Kengashlaridan olish tartibini keng joriy etish, qonunlarni qabul qilish jarayonida ularni aholi o'rtasida har tomonlama muhokama qilish tizimidan samarali foydalanish borasida bir qator takliflarni ham ilgari surgan. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot xizmatining xabar qilishicha, qonunlar muhokamasiga keng xalq ommasini jalb qilish, buning uchun zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, demokratiyaning ilg'or mexanizmi sifatida jamoa bo'lib elektron murojaat kiritish tartibini tatbiq qilish, Oliy Majlis tarkibida ilmiy-amaliy tadqiqot va axborot-tahliliy faoliyatni olib boruvchi markazni tashkil etish kabilar shular jumlasidandir.

Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan takliflarni hayotga tatbiq etish, parlament, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a`zolari faoliyatini ilmiy, axborot-tahliliy jihatdan ta`minlash samaradorligini oshirish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tashkil etildi.

Institut zimmasiga bir necha yo'nalishdagi vazifalar yuklatildi, jumladan qonunchilik muammolarini, normativ-huquqiy hujjatlarni va huquqni qo'llash amaliyotini, ya`ni qonunlarning hayotga qanday tatbiq etilayotganini o'rganadi,   Oliy Majlis palatalarining faoliyatini takomillashtirishga doir takliflarni tayyorlaydi. 

Bundan tashqari,  parlament palatalari, deputatlar va senatorlar faoliyatini ilmiy, axborot-tahliliy jihatdan ta`minlaydi, ularning professionallik darajasini oshirishga ko'maklashadi. Shuningdek, deputat yoki senator buyurtmasiga ko'ra biror-bir sohada kichik tadqiqot o'tkazib, tegishli muammoning yechimiga qaratilgan ilmiy asoslangan ma`lumotnomalar tayyorlab beradi. Yoki qonun loyihasini tayyorlash bo'yicha bergan taklifini amalga oshirishda metodik, amaliy ko'mak beradi. 

Qolaversa,  huquq, siyosat, iqtisodiyot va boshqa sohalarda ilmiy tadqiqotlar o'tkazadi, ilg'or xalqaro tajribani hisobga olgan holda qonunchilikni rivojlantirishning ilmiy konsepsiyalarini ishlab chiqadi. Masalan, hozir bizda aksariyat kodekslarning qabul qilinganiga 20 yildan oshdi, o'tgan davr mobaynida hayotimizda ko'plab o'zgarishlar bo'ldi, ayniqsa, Harakatlar strategiyasida bir qator dolzarb vazifalar belgilandi, shulardan kelib chiqib milliy qonunchiligimizning rivojlanish tendensiyalarini aniqlashga qaratilgan konsepsiyalarni yoki boshqacha aytganda “yo'l xaritalar”i ishlab chiqiladi. Bugungi kunda jami 20 mingga yaqin qonun hujjatlari mavjud bo'lib,  shundan atigi 2,1 foizi qonunlar. Institut mazkur ko'rsatkich salmog'ini, qonunlarning ulushini oshirish, eng muhimi  to'g'ridan-to'g'ri amal qiluvchi qonunlarni qabul qilish borasida tashabbuslar bilan chiqadi.

Institut xorijiy parlamentlar ishi tajribasini uning samarali shakllaridan Oliy Majlis palatalari, deputatlar va senatorlar faoliyatida foydalanish maqsadida o'rganadi. Shuningdek, milliy qonunchilikning xalqaro normalar va standartlarga muvofiqligi tadqiq etib, ularni qonunchilikka implementatsiya qilish bo'yicha takliflar ishlab chiqadi.

Institut o'z zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosini  ta`minlash uchun davlat hokimiyati organlaridan, davlat va xo'jalik boshqaruvi organlaridan, ta`lim va ilmiy muassasalardan, boshqa tashkilotlardan zarur bo'lgan hujjatlar, materiallar va ma`lumotlarni so'rash hamda olish huquqiga ega.  Ta`lim va ilmiy muassasalarning, markazlarning, huquqni qo'llovchi organlarning elektron ma`lumotlar bazalaridan (banklaridan), axborot-kutubxona resurslaridan belgilangan tartibda foydalanadi. Bevosita davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, xo'jalik boshqaruvi organlaridagi huquqni qo'llash amaliyotini o'rganadi. Ilmiy, axborot-tahliliy materiallarni, qonunlar loyihalarini tayyorlash, tadbirlar o'tkazish hamda institut vakolatiga kiruvchi boshqa vazifalarni amalga oshirish uchun olimlar, mutaxassislardan iborat ishchi guruhlar tuzadi. Ilmiy tadqiqotlarga vazirliklar, davlat qo'mitalari, idoralar mutaxassislarini, ilmiy-tadqiqot markazlari xodimlarini, olimlarni va oliy ta`lim muassasalari o'qituvchilarini, shu jumladan xorijlik shunday mutaxassislarni jalb etadi. Oliy Majlis palatalari, ularning kengashlari, qo'mitalari va komissiyalarining hamda deputatlar birlashmalarining majlislarida ishtirok etadi. Tegishli xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan belgilangan tartibda o'zaro tajriba va axborot almashishni yo'lga qo'yadi.

Zimmadagi vazifalarni talab darajasida bajarishda tabiiyki Institutning kadrlar bo'yicha salohiyati muhim o'rin tutadi. Buning uchun Institut tarkibida Strategiya va menejment,  Konstitutsiyaviy huquq va davlat boshqaruvi tadqiqoti, Sud-huquq tizimi, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tadqiqoti, Iqtisodiyot, moliya va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari tadqiqoti, Ijtimoiy siyosat, sog'liqni saqlash masalalari tadqiqoti, Qonunchilik nazariyasi va qiyosiy huquqshunoslik kabi bo'limlar tashkil etilgan.

Institutning har bir bo'limi xalq bilan, keng jamoatchilik bilan ishlaydi, ular bilan muloqotda bo'lib, ularning fikrlarini olib, tadqiqot o'tkazadi, maqsadga muvofiq takliflarni qonunchilikda aks ettirish bo'yicha ilmiy-amaliy takliflarni ishlab chiqishga qodir, bilim, malaka, saviya va tegishli xorijiy tillarni bilish jihatidan har tomonlama yetuk  amaliyotchilar va  olimlar bilan to'ldirilmoqda.

Institutni shakllantirish jarayonida jahon tajribasini, 50 dan ortiq mamlakat amaliyoti, ya`ni  parlamentga ilmiy-ekspert, tahlil xizmatini ko'rsatadigan turli shakldagi organlar ishi o'rganildi. Masalan, Janubiy Koreya Milliy Majlisi huzurida 100 dan ortiq ilmiy xodimni o'zida jamlagan Milliy assambleya tadqiqot xizmati faoliyat olib bormoqda. Yaponiya parlamentida mustaqil tahlillar bilan shug'ullanadigan uchta organ — parlament milliy kutubxonasining huquqiy ma`lumot va tadqiqot byurosi, Vakillar palatasining tadqiqot byurosi,  Maslahatchilar palatasining tadqiqot idorasi tajribasi bilan tanishib chiqildi. AQSh Kongressining Tadqiqot xizmati, Germaniya Bundestagidagi Ilmiy xizmat, Turkiya Buyuk Millat Majlisining Tadqiqot markazi, Polsha Seymi Kantselyariyasi Tadqiqotlar byurosi, Chexiya Respublikasi Deputatlar palatasi va Senatining Parlament instituti, shuningdek, Gretsiya, Malayziya, Ukraina kabi mamlakatlarning xuddi shunday tusdagi tuzilmalari faoliyati o'rganildi. Eng muhim jihati, ushbu organlarning nomi har xil bo'lgani bilan faoliyat yo'nalishi va maqsadi bir xil, uch yo'nalishdagi vazifani bajaradi. Birinchidan, xalq bilan muloqot qiladi, xalqning fikrini parlamentga yetkazadi. Ikkinchidan, deputatlar va senatorlarga ilmiy maslahat beradi, ularga xulosalar, tadqiqot natijalarini taqdim etadi. Uchinchidan, parlament faoliyatini ilmiy asosda tashkil etish bo'yicha takliflar ishlab chiqadi.

Яндекс.Метрика