У нас есть только
оригинальные песни

Oliy ta`lim to'g'risidagi yangi nizomning tasdiqlanishi kutilyapti

calendar 11.08.2018
1178

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta`lim to'g'risida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Nizomga ko'ra, oliy ta`lim uzluksiz ta`lim tizimining mustaqil turi bo'lib, O'zbekiston Respublikasining “Ta`lim to'g'risida”gi Qonuni va Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga muvofiq oliy ta`lim muassasalarida umumiy o'rta (11 sinf) va o'rta maxsus, kasb-hunar ta`limi hamda ushbu nizom asosida amalga oshiriladi.

Oliy ta`lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat: 

oliy ta`limni iqtisodiyotning tarmoq va sohalari uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga qaratilganligi;
ta`lim va tarbiyaning insonparvar, demokratik xarakterda ekanligi;
oliy ta`limni umumiy o'rta, o'rta maxsus, kasb-hunar va oliy o'quv yurtidan keyingi ta`limlar bilan uzluksizligi va uzviyligi;
ta`lim tizimining dunyoviy xarakterda ekanligi;
davlat ta`lim standartlari doirasida ta`lim olishning hamma uchun ochiqligi;
ta`lim dasturlarini tanlashga yagona va tabaqalashtirilgan yondashuv;
bilimli bo'lishni va iste`dodni rag'batlantirish;
oliy ta`lim tizimida davlat va jamiyat boshqaruvini uyg'unlashtirish;
oliy ta`lim, fan va ishlab chiqarishni integratsiyalash.

Qayd etilishicha, oliy ta`limning asosiy maqsadi mamlakatning istiqbolini hisobga olgan holda zamon talablariga javob bera oladigan malakali, raqobatbardosh, yuksak bilimli, respublikaning ilm-fan, madaniyat, iqtisod, ijtimoiy sohalarini rivojlantirishda o'z hissasini qo'shadigan, mustaqil fikrlay oladigan, yuksak ma`naviyatga ega bo'lgan yuqori salohiyatli mutaxassislarni tayyorlashdan iborat.

Oliy ta`limning asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:

davlat ta`lim standarti, malaka talablari, o'quv reja va o'quv fan dasturlarga muvofiq o'qitish sifatini ta`minlash;
o'quv jarayonini (amaliyot, stajirovka) kadrlar iste`molchilarining takliflarini inobatga olgan holda tashkil etish;
oliy malakali mutaxassislar, shuningdek  ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash;
ilm-fan, madaniyat, texnika, texnologiyalar, iqtisodning zamonaviy yutuqlari, mamlakatning iqtisodi va madaniyatining ijtimoiy istiqbolini hisobga olgan holda kadrlar tayyorlash uslublarini tizimli takomillashtirish;
yoshlarda insonparvarlik ruhiyatini shakllantirish, ularning tarbiyasiga milliy vatanparvarlik g'oyasi asosida umuminsoniy qadriyatlarni hamda Vatanga, jamiyatga, oilaga va atrof-muhitga muhabbatni singdirish;
o'qitishning interfaol usullarini, innovatsion pedagogik hamda axborot kommunikatsion texnologiyalarini, mustaqil ta`lim olish, masofaviy ta`lim tizimini amaliyotga joriy qilish;
oliy ta`limda fan va ishlab chiqarish uyg'unligi mexanizmlarini ishlab chiqish va amaliyotda qo'llash;
ilmiy-pedagogik kadrlar va ta`lim oluvchilarning ilmiy–ijodiy faoliyati, ilmiy tadqiqotlari yordamida fan, texnika, texnologiyalarni rivojlantirish, olingan natijalarni mamlakat iqtisodiyotida va ta`lim jarayonida qo'llash bo'yicha tavsiyalar tayyorlash;
davlat va nodavlat oliy ta`lim muassasalarini rivojlantirish asosida ta`lim xizmatlari bozorida raqobatni yuzaga keltirish;
oliy ta`lim muassasalarini boshqarishni takomillashtirish va mustaqilligini kengaytirish, jamoat boshqaruvini vasiylik kengashlar shaklida olib borish;
ta`lim va kadrlar tayyorlash sifatini ta`minlash borasida ilmiy, uslubiy tadqiqotlarni olib borish, bitiruvchilarni kasb yo'llash hamda mehnat bilan bandligi monitoringini olib borish;
oliy ta`lim sohasida o'zaro foydali xalqaro hamkorlik aloqalarni rivojlantirish.

Oliy ta`lim tizimi quyidagilardan iborat:
davlat ta`lim standarti va malaka talablariga muvofiq ta`lim yo'nalishlari va mutaxassisliklar bo'yicha ta`lim dasturlarining bajarilishini ta`minlaydigan davlat va nodavlat oliy ta`lim muassasalari;
oliy ta`limni normativ-huquqiy va ilmiy-uslubiy jihatdan ta`minlash uchun ilmiy-tadqiqot ishlarini bajaradigan ilmiy-tadqiqot muassasalari;
oliy ta`limni boshqarish bo'yicha vakolatli davlat organlari, shuningdek, ularga tegishli korxona, muassasa va tashkilotlari.

Oliy ta`lim ikki bosqichdan iborat: bakalavriat va magistratura.

O'zbekiston Respublikasida oliy ta`lim muassasalarining quyidagi turlari mavjud: universitet, akademiya, institut (qonunchilik hujjatlariga muvofiq mavqe (statusi) ularga tenglashtirilgan boshqa oliy ta`lim muassasalari).

Яндекс.Метрика