У нас есть только
оригинальные песни

Olti yarim milliardlik liga yo'lga chiqdi

calendar 01.03.2018
1261

Bugundan juda katta o'zgarishlar kiritilgan yangi futbol mavsumi boshlanadi. Muxlislar - Oliy va Birinchi liga deya ataluvchi ikkita nufuzli musobaqalar tizimini Superliga va Pro-liga deya atalishiga yil davomida ko'nikib olishsa kerak.

Ishqibozlar musobaqalarning nomi o'zgarganidan taajjubga tushgani yo'q. Asosiysi, natija o'zgarsin.

Ma`lumki, mazkur musobaqalar Professional futbol Ligasi (PFL) tashkiloti boshqaruvida o'tkaziladi.

Futbolning boshqa sport turlaridan eng katta farqi uning katta mablag' talab qilishida bo'lsa kerak. O'sha Superligada ishtirok etuvchi bitta klub uchun ketadigan mablag' bilan boshqa sport turidagi butun boshli federatsiyani ta`minlash mumkin. Nima ham derdik, butun dunyoda shunday.

Faqat o'zbek futbol rivoji uchun qancha katta mablag' sarflanmasin, xalqaro maydonlardagi natijalar borgan sari maydalishib ketmoqda (so'ngi 15 yil ichidagi yakka-yagonasi U-23 yutug'i bundan mustasno).          

Endi PFL bilan bog'liq raqamlarga to'htalsak. 2018 yilgi mavsum reglamentida Superliga va Pro-liga klublaridan olinadigan mablag'lar aniq ko'rsatib o'tilgan.

Jumladan, 2018 yilning 1 fevraliga qadar Superliga klublari PFLga 500 million so'mdan, Pro-liga jamoalari esa 40 million so'mdan badal puli to'lashlari kerak. Ma`lumotlarga ko'ra mazkur badal pullari asosiy jamoa bilan birgalikda klub qoshida tashkil etiladigan ayollar va bolalar ligasida ishtirok etuvchi jamoalar uchun to'lanar ekan.

Endi tasvvur qiling, faqatgina Pro va Super liga jamoalaridan PFLga kelib tushadigan umumiy summa taxminan 6 milliard 720 million so'mni tashkil etadi.

Ushbu mablag'lar birinchi navbatda musobaqalarni o'tkazish, sport inventarlari va zaruriy texnik vositalarni xarid qilish, klublarning turli yoshdagi jamoalari o'rtasida Respublika birinchiliklarini o'tkazish, ilmiy-metodik qo'llanmalar nashr etish, chempionat uchrashuvlarida ishlaydigan hakamlar, nazoratchilar, komissarlar maoshlarini to'lashga sarflanadi.

Badal pullari miqdorini belgilashda yangi mavsumda jamoalar soni qisqargani, uchrashuvlar soni esa ko'paygani ham inobatga olingan.

Futbolimiz ko'p xarajatli rivojlanish yo'lini tanladi. PFLning 15 sahifadan iborat talablarini bajarish uchun qurbi yetadigan klublar soni qancha bo'lishini esa mavsum boshlanganida bilamiz. Har bir klub qoshida o'zining futbol akademiyasi va to'rtta yosh toifasidagi hamda oliy tabaqadagi chempionatida ayollar jamoalari bo'lishi kabi talablarning o'zi ham klublar xarajatlarining qay darajada ko'payishini ko'rsatib turibdi. PFL tomonidan qo'yilgan talab va badal pullarini vaqtida bajara olmagan jamoalar chetga chiqib qoladimi yo'qmi buni vaqt ko'rsatadi.

Shuni aniq bilamizki, birinchi mavsumga o'tgan yili Oliy liga deya atalgan chempionatda 12-o'rinni egallagan barcha klublar bor kuchini sarflab, Super ligada ishtirok etishga urinadi. Klublarimizning yillik smetalari jamoatchilik uchun ochiq bo'lmasada, ularning bir yillik xarajatlari eng kamida 3-4 milliard so'm atrofida bo'lishidan xabardormiz. Mazkur sonlar o'rtamiyona klublarga tegishli. Milliy chempionatimizda baquvvat homiyga ega bo'lib, yiliga 25-30 milliard pul sarflaydigan jamoalar ham bor.    

Shuncha mablag' sarflagan klublar  daromad topish yo'lida ish tashkil etmasa, kelajagi uchun harakat qilmagan bo'ladi. Demak, jamoalarimiz jahon andazalaridagi marketing yo'lida ham rivojlanishi kerak. Klublar o'z daromadlarini oshirib, yildan-yilga rivojlana borsa, o'z akademiyasini, turli jamoalarini ko'paytirsa, bu butunlay boshqa masala. Ammo biz hozir shunchaki, klublardan pul sarflash talab qilinyapti xolos.

Yangi mavsumda Superligada 12ta, Pro-ligada esa 16ta klub ishtirok etishi ko'zda tutilmoqda.

Endi reglamentga ko'ra, klublardan olti milliarddan ziyod mablag' yig'ib oladigan PFLning klublarga futbol sifatini oshirish masalalarida ko'maklashishdan tashqari, daromad topish yo'llarini ham topish yo'lida harakat qilishi lozim.

Chunki, klublarning mablag' tomonidan baquvvat bo'lishi PFL uchun ham juda zarur ekan.      

Elmurod Ermatov, Andijon

Яндекс.Метрика