У нас есть только
оригинальные песни

Platini FIFA prezidentligi uchun saylovda ishtirok eta olmaydigan bo'ldi

calendar 12.11.2015
1033

FIFA prezidentligi uchun navbatdan tashqari saylovda qatnashadigan 5 nafar nomzoddan iborat ro'yxat e'lon qilindi. Bu ro'yxatda UЕFAning amaldagi prezidenti Mishel Platini nomi yo'q.

Qayd etish kerakki, Platiniga saylovda g'alaba qozonish uchun eng asosiy nomzod sifatida qaralayotgandi. Lekin sentyabr oyining oxirida Shveytsariya prokuraturasi Mishel Platini FIFA rahbari Yozef Blatterdan 2 million frank miqdorida mablag' olgani bo'yicha tekshiruv o'tkazishni boshlagan va 8 oktyabr kunida uni 90 kunga futbol faoliyatidan chetlashtirgandi. Ushbu muddatga yana 45 kun qo'shib berilishi mumkinligi va agar shunday bo'lsa, Platini 2016 yilning 26 fevraliga belgilangan saylovda qatnasha olmasligi aytilgandi.

Biroz avvalroq, nomzodlardan biri Infantino agarda Platini FIFA prezidentligi uchun saylovda qatnashsa, o'z nomzodini qaytarib olishi haqida ma'lum qilgandi.

Quyida FIFA prezidentligi uchun 5 nomzod nomi keltirilgan:

- shahzoda Ali ibn Al-Husayn (Iordaniya shahzodasi, UЕFA vitse-prezidenti); 
- shayx Salmon ibn Ibrohim Al-Xalifa (OFK rahbari, bahraynlik shayx);
- Jerom Shampan (FIFA Ijroqo'mi sobiq a'zosi);
- Janni Infantino (UЕFA bosh kotibi);
- Tokio Seksvale (Janubiy afrikalik multimillioner).

Qayd etish kerakki, ro'yxatdagi nomzodlardan biri, iordaniyalik shahzoda 2015 yilning 29 may kunida bo'lib o'tgan saylovda ishtirok etgan, lekin birinchi turda amaldagi prezident Yozef Blatterdan engilgach, o'z nomzodini qaytarib olgandi.

Яндекс.Метрика