"Normand to'rtligi” mamlakatlari etakchilari Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Germaniya kantsleri Angela Merkel, Frantsiya rahbari Fransua Olland va Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko 2 oktyabr kuni Parij shahrida uchrashib olishga kelishishdi, deya xabar bermoqda Krem matbuot xizmati.
Matbuot xizmati ma'lumotlariga ko'ra, 9 sentyabr kuni tunda "Normand to'rtligi” mamlakatlari etakchilari telefon suhbatlarini o'tkazib, Ukraina janubi-sharqidagi inqirozni bartaraf etish masalasini muhokama qilishdi. "Еtakchilar Ukraina janubi-sharqida o'q otishni to'xtatishni qo'llab-quvvatlashdi. Navbatdagi vazifa barcha to'qnashuv chiziqlaridan bronetexnika, 120 millimetrgacha bo'lgan minomyotlar, 100 millimetrgacha artilleriya qurollarini olib ketishga erishishdan iborat”, – deyiladi xabarda.
Rossiya tomonining fikricha, asosiy e'tiborni Minsk kelishuvida belgilangan siyosiy holatni yuzaga chiqarishga qaratib, Ukrainada konstitutsion islohotlarni olib borish, Donbass hududiga alohida maqom berish, shuningdek, mahalliy saylovlarni o'tkazish hamda amnistiya to'g'risidagi qonunni qabul qilish lozim. Suhbat jarayonida Ukrainaga Rossiya gazini etkazib berish masalasi ham ko'tarilgan.
"Normand to'rtligi” davlatlari etakchilari, shuningdek, 12 sentyabr kuni Berlinda bo'lib o'tadigan mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari uchrashuviga ham to'xtalib, davlat rasmiy vakillariga turli yo'nalishlarda ishlarni davom ettirish va aniq takliflarni tayyorlash vazifasini topshirishga kelishib olindi.