Prezident farmoni asosida «O'zavtoyo'l» faoliyati tugatildi

14 fevral kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Yo'l xo'jaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi farmoni e`lon qilindi.

Farmon avtomobil yo'llari va sun`iy inshootlarni loyihalashtirish, qurish va foydalanish jarayoniga kompleks yondashish asosida yo'l xo'jaligini boshqarishning samarali tizimini shakllantirish, ularni moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, loyihalashtirish va yo'l-qurilish ishlari sifatini oshirish imkonini beradigan to'laqonli buyurtmachi xizmatini yaratish maqsadida qabul qilindi.

Farmonga ko'ra, «O'zavtoyo'l» DAK (davlat-aksiyadorlik kompaniyasi) tugatiladi. Ushbu avtomobil yo'llari qurish va foydalanish davlat-aksiyadorlik kompaniyasi negizida O'zbekiston Respublikasi Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi tashkil etiladi.

«O'zavtoyo'l» DAK O'zbekiston Respublikasi birinchi prezidentining 2003 yil 19 avgustdagi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 21 avgustdagi 361-sonli qarori asosida tashkil qilingandi. 

Ushbu kompaniya tashkiliy boshqaruv tuzilmasi asosan mamlakatdagi avtomobil yo'llarining barcha tarmoqlari ehtiyojlarini to'la ravishda qoplashni ta`minlashga qaratilgandi. Shunga ko'ra, avtomobil yo'llari yagona tarmog'idagi transport vositalarini uzluksiz va to'liq ta`minlash vazifasi ham shu faoliyat doirasida bo'lgan.


Комментарии (0) | Добавить: 16.02.2017
Faqat ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar izoh qoldirishi mumkin. Marhamat ro'yhatdan o'ting!
[ Регистрация | Kirish ]