У нас есть только
оригинальные песни

Prezident qarori bilan shrot va sheluxa sotadigan barcha korxonalar tugatildi

calendar 20.01.2018
1637

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 19-yanvar kuni «Yog‘-moy tarmog‘ini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda keltirilgan.

Unga ko‘ra, yog‘-moy mahsulotlarini ishlab chiqarishning resurs bazasini kengaytirish, yog‘-moy korxonalaridagi asbob-uskunalarni modernizatsiya qilish, ularni ishlab chiqarish jarayonini nazorat qilish va hisobini yuritishning zamonaviy tizimlari bilan jihozlashni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi yog‘-moy tarmog‘ini jadal rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tasdiqlanadi.

Shuningdek, shrot va sheluxani sotish bo‘yicha «Ozuqa yem ta’minoti» MChJ korxonalari tugatilib, keyinchalik sanoatda qayta ishlash uchun mo‘ljallangan ekstraktli paxta yog‘i birja savdolari orqali faqat «O‘zpaxtayog‘» AJ korxonalariga sotilishi haqidagi tartib belgilanadi.

2019-yil 1-yanvarga qadar muddatga o‘simlik yog‘ini ishlab chiqaruvchilar import yog‘-moy xom ashyosi asosida ishlab chiqarilgan hajmlar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi.

«O‘zdonmahsulot» AJ ikki oy muddatda omuxta yem ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha, jumladan, omuxta yem ishlab chiqarish yuzasidan amaldagi quvvatlarni inventarizatsiyadan o‘tkazish, omuxta yem ishlab chiqarish uchun bozordagi ehtiyoj va mamlakatda mavjud bo‘lgan resurs bazasini o‘rganish, chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik sektorlari bo‘yicha omuxta yem tayyorlashning ilmiy asoslantirilgan retsepturalarini ishlab chiqish, makkajo‘xori va boshqa boshoqli don ekinlaridan, shuningdek, yog‘-moy, un mahsulotlari, spirt va pivo ishlab chiqarishdagi chiqindilardan omuxta yemning zamonaviy sanoat ishlab chiqarishini tashkil etishni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasi kiritiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bir oy muddatda chigitni qayta ishlovchi yog‘-moy korxonalarini chigitni yuklash, qabul qilish, saqlash va qayta ishlash jarayonini real vaqt rejimida kuzatish, jumladan xom ashyo, yarim tayyor va tayyor mahsulotlarni o‘lchash va hisobini yuritish imkonini beruvchi avtomatlashtirilgan tizimlar, chigit, paxta yog‘i, shrot va sheluxani tashiydigan yuk avtomashinalarining harakatlanishini real vaqt rejimida monitoring qilib borish uchun ularni zamonaviy GPS trekerlar bilan jihozlash bo‘yicha choralar ko‘radi.

Qarorga ko‘ra, «O‘zpaxtayog‘» AJ Toshkent shahar, Shota Rustaveli ko‘chasi, 8-uy manzili bo‘yicha joylashtiriladi.

Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari Z.T.Mirzayev, N.S.Otajonov va S.R.Xolmurodov zimmasiga yuklandi.

Яндекс.Метрика