У нас есть только
оригинальные песни

Prezident Qarori: Maktabgacha ta`lim tizimi tubdan takomillashtiriladi

calendar 10.09.2017
1869

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 sentabr kuni «Maktabgacha ta`lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida» Qarorni imzoladi.

«O'tgan davr mobaynida sog'lom va har tomonlama rivojlangan o'sib kelayotgan avlodning shakllanishini ta`minlashga qaratilgan samarali maktabgacha ta`lim tizimini tashkil qilish bo'yicha kompleks tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirildi va shu bilan birga, mavjud tizimli kamchiliklar maktabgacha ta`lim sohasida davlat siyosatini to'liq amalga oshirishga to'sqinlik qilmoqda», — deyilgan qaror matnida va kamchiliklar birma bir sanab berilgan.

Maktabgacha ta`limni boshqarishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, tarbiya va o'quv jarayonini takomillashtirish, maktabgacha ta`lim muassasalarini yuqori malakali mutaxassislar bilan to'ldirish, ularning infratuzilmasi va moddiy-texnik jihozlanishini yaxshilash maqsadida:

O'zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi, Sog'liqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining maktabgacha ta`lim sohasidagi faoliyati qoniqarsiz deb topilgan.

Qarorga ko'ra belgilab qo'yilmoqdaki, 2018 yil 1 yanvardan boshlab Toshkent, Nukus shaharlarida, viloyatlar markazlarida eksperiment tariqasida davlat-xususiy sheriklik shartlarida, shu jumladan, quyidagilarni nazarda tutgan holda yangi maktabgacha ta`lim muassasalari tashkil etiladi:

  • zamonaviy ijtimoiy-hammabop maktabgacha ta`lim muassasalarini tashkil etish maqsadida investorlarga yer uchastkalari, bo'sh turgan binolar, shu jumladan, faoliyat yuritmayotgan va tarbiyalanuvchilar soni kam bo'lgan davlat maktabgacha ta`lim muassasalarini beg'araz ajratish;
  • investorlarga maktabgacha ta`lim muassasalarini, ayniqsa shunday muassasalarga yuqori ehtiyoj mavjud va infratuzilmasi rivojlanmagan hududlarda tashkil etish uchun zarur bo'lgan soliq imtiyozlari va boshqa preferensiyalarni, shuningdek, imtiyozli kreditlarni taqdim etish imkoniyati;
  • investorlar tomonidan vakolatli davlat organlari bilan 50 yil muddatga tuziladigan davlat-xususiy sheriklik to'g'risidagi kelishuv asosida loyihani amalga oshirish;
  • investorlar tomonidan davlat-xususiy sheriklik to'g'risidagi kelishuvda nazarda tutilgan shartlarga, maktabgacha ta`lim sohasidagi davlat talablariga, sanitariya-gigiyena normalariga qat`iy rioya etish, kelishuv amal qilishining butun muddati davomida faoliyat yo'nalishini saqlab qolish bo'yicha majburiyatlarni qabul qilish, shuningdek, maktabgacha ta`lim muassasalari xizmati narxining ijtimoiy hammabopligini ta`minlash;
  • davlat-xususiy sheriklik to'g'risidagi kelishuv shartlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish hamda ularni bekor qilish mexanizmlari.

 

Toshkent shahrida joylashgan davlat maktabgacha ta`lim muassasalariga tadbirkorlik sub`yektlari bilan sifat talablariga va sanitariya-gigiyena normalariga javob beradigan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor ovqatlarni yetkazib berish bo'yicha to'g'ridan-to'g'ri shartnomalar tuzishga eksperiment tariqasida ruxsat berilsin.

Qarorga ko'ra, maktabgacha ta`lim tizimini tanqidiy o'rganish va yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish bo'yicha komissiya (keyingi o'rinlarda Komissiya deb yuritiladi) tashkil etilmoqda va quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilanmoqda:

  • maktabgacha ta`lim sohasidagi qonunchilikni undagi bo'shliqlarni, korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarni yuzaga keltiruvchi normalarni aniqlash nuqtai nazaridan inventarizatsiya qilish va tahlil etish;
  • maktabgacha ta`lim sohasida davlat siyosatini samarali amalga oshirishga, shu jumladan, zarur infratuzilmani yaratishga, xodimlarning mehnatini moddiy rag'batlantirishga, pedagogik kadrlarni sifatli tayyorlash va malakasini oshirishga, shuningdek, maktabgacha ta`limning xususiy sektorini rivojlantirishga to'sqinlik qiluvchi tizimli muammolarni aniqlash hamda kompleks o'rganish;
  • maktabgacha yoshdagi bolalarni uyg'un rivojlantirish sohasidagi ilg'or xorijiy tajribani hisobga olgan holda sifatli maktabgacha ta`limni tashkil etishga davlat talablarini qayta ko'rib chiqish;
  • maktabgacha ta`lim muassasalariga bolalarni qabul qilishning amaldagi tartibini, vakolatli davlat organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishi holatini tanqidiy o'rganish;
  • mavjud amaliyot va ilg'or xorijiy tajribani o'rgangan holda, nodavlat maktabgacha ta`lim muassasalari faoliyatini litsenziyalashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish, ularning tashkiliy-huquqiy shakllarini takomillashtirish bo'yicha takliflar tayyorlash;
  • maktabgacha ta`lim muassasalarini o'quv-tarbiyaviy adabiyotlar bilan ta`minlash tizimini tahlil qilish;
  • maktabgacha ta`lim muassasalarini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta`minlash tartibini o'rganish hamda sifat talablariga va sanitariya-gigiyena normalariga javob beradigan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor ovqatlar yetkazib berishning shaffof hamda soddalashtirilgan tizimini yaratish bo'yicha takliflar tayyorlash;
  • maktabgacha ta`lim sohasida qonun hujjatlari va huquqni qo'llash amaliyotini yanada takomillashtirish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish.
Яндекс.Метрика