У нас есть только
оригинальные песни

Prezident Samarqand viloyati IIB boshlig'ini keskin tanqid qildi

calendar 10.11.2017
1841

O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida so'zlagan nutqida viloyat ichki ishlar organlarida ishlarning qoniqarsizligi haqida ham to'xtalib o'tdi.

“Ichki ishlar organlari xodimlarining asosiy vazifasi jinoyatlarni barvaqt aniqlash va oldini olishdan iborat. Lekin ularning o'zlari tomonidan og'ir va o'ta og'ir jinoyatlar sodir etilsa, buni qanday izohlash mumkin? 

Joriy yilning o'tgan davrida 42 nafar ichki ishlar xodimi tomonidan 25 ta jinoyat sodir etilgan. Ularning 10 tasi mansabni suiiste`mol qilish, 7 tasi pora olish bilan bog'liq jinoyatlar sodir etgan. Bunday ichki ishlar xodimlarining 9 nafari viloyat miqyosidagi xodimlar ekani ayniqsa achinarlidir. 

Viloyatda har yili ichki ishlar xodimlari tomonidan o'rtacha 40 taga yaqin jinoyat sodir etilmoqda. Bu ko'rsatkich yuqori darajada qolayotgani va bu yo'nalishdagi profilaktik tadbirlarning samarasizligi bizni jiddiy tashvishlantirmoqda. 

Tabiiy bir savol tug'iladi: Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i Fayzullo Quvondiqov bunday holatni qanday izohlaydi? Yoki u uzoq muddat bu lavozimda ishlab charchab qoldimi? Agar charchamagan bo'lsa, ishida natija bo'lishi kerak. Natija esa yo'q. Buyam haqiqat. 

Bunday noxush holatga Ichki ishlar vazirligi rahbariyati alohida, takror aytaman, alohida e`tibor qaratishi shart. 

Ichki ishlar xodimi xalqimizga namuna, o'rnak ko'rsatadigan, kerak bo'lsa, el-yurt uchun fidoyi inson bo'lishi kerak. Chunki ichki ishlar xodimiga ishonib, xalqimiz kechasi uyida tinch uxlaydi, kunduzi ish joyida samarali mehnat qiladi. 

Bundan buyon ichki ishlar tizimida kadrlar bilan ishlash, ularning malakasi va mas`uliyatini oshirish ishlariga alohida e`tibor qaratilib, bu masala qat`iy nazoratga olinishi zarur. 

Prezidentning Davlat maslahatchisi O.Murodov bir hafta muddatda Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi faoliyatini har tomonlama tanqidiy ko'rib chiqsin. 

Viloyat rahbarlarining ushbu sohada amalga oshirgan ishlari bo'yicha hisobotlarini tinglashni tashkil etsin. Boshqarma boshlig'i Fayzullo Quvondiqov egallab turgan lavozimiga loyiqmi yoki loyiq emasmi – shu masala bo'yicha taklif kiritsin. 

Prezidentning Davlat maslahatchisi O.Murodov Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda, bir hafta muddatda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan sodir etilishi mumkin bo'lgan salbiy holatlarning kelib chiqishiga chek qo'yish va shaxsiy tarkib o'rtasida ma`naviy-ruhiy muhitni sog'lomlashtirib, tartib-intizomni mustahkamlash yuzasidan aniq chora-tadbirlar ko'rsin”, - dedi davlat rahbari. 

Яндекс.Метрика