У нас есть только
оригинальные песни

Prezident Toshkentni aylanadi. «Bunyodkor» stadioni oldidagi ko'prik bugun ochilishi kutilmoqda

calendar 10.08.2018
1003

Bugun, 10 avgust kuni O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishadi va bir necha obektlarga tashrif buyuradi. 

Shahar bo'ylab aylanishdan so'ng Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahri va tumanlari hokimlari, mutasaddi rahbarlar ishtirokida yig'ilish o'tkazilishi kutilmoqda.

Prezident Chilonzor tumanida ham bo'lib, Bunyodkor va Cho'ponota ko'chalari kesishmasida bunyod etilgan yo'l o'tkazgichni foydalanishga topshirishi kutilmoqda.

«O'zbekiston temir yo'llari» aksiyadorlik jamiyatiga qarashli «Ko'prik qurilish tresti» unitar korxonasi mutaxassislari tomonidan qurilgan ko'prik bugunga kelib foydalanishga tayyor holatda. Keyingi kunlarda hududda oxirgi pardozlash ishlari olib borildi.

«Bunyodkor» shoh ko'chasi Toshkent shahrining eng uzun, janubiy va shimoliy qismlarini bog'laydigan yo'ldir. Mazkur yo'nalishda doim avtomobillar qatnovi tirband. Ushbu magistralda jami 9ta yo'l o'tkazgich mavjud bo'lib, endi ularning soni yana bittaga ko'paydi.

Yo'l o'tkazgichning umumiy uzunligi 667,5 metrni tashkil etadi. Estakada qismining uzunligi 488,5 metr bo'lib, balandligi 8, kengligi 24,5 metrni tashkil etadi. Yirik inshoot jami 21ta ustun oralig'ida barpo etilgan.

Bu yerda piyodalar uchun ham qator qulayliklar yaratilgan. Xususan, umumiy uzunligi 124 metr bo'lgan ikkita piyodalar o'tish ko'prigi qurilgan, shuningdek, yoshi keksa va nogironlar uchun maxsus lift hamda eskalator o'rnatilgan.

Mazkur yo'l o'tkazgich qurilishi o'tgan yilning kuzida boshlangandi. «O'zbekiston temir yo'llari» kompaniyasi 2018 yil fevralida yo'l o'tkazgich 2018 yil may oyida foydalanishga topshirilishini va`da qilgandi.

2018 yil mayida esa muddat iyun oyiga surildi.

Avgust oyi boshida Bunyodkor va Cho'ponota ko'chalari chorrahasidagi yo'l o'tkazgich oyning birinchi yarmida ochilishi haqida xabar tarqatilgandi.

Iyun oyida Bunyodkor shoh ko'chasining Muqimiy ko'chasi («Aliyev oltin markazi», «Flagman»)dan to Chilonzor ko'prigi oxiri (Singapur menejment instituti)gacha bo'lgan qismi yopilgan va shundan keyin Chilonzor hududidagi yo'llarda muttasil tiqilinchlar va tirbandliklar yuzaga kelgandi. Yo'l ochilishi orqali bu noqulayliklar bartaraf bo'ladi.

Яндекс.Метрика