У нас есть только
оригинальные песни

Prezidentning xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan uchrashuvlari tafsiloti

calendar 27.03.2018
791

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-mart kuni «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuidagi Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi doirasida Yevrokomissiya vitse-prezidenti, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerini, Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mavlut Chavusho‘g‘li, Pokiston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Xavaja Muhammad Asifni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerinini qabul qilar ekan,  turli darajadagi aloqalar kuchayganini mamnuniyat bilan qayd etdi, bu esa O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirish yo‘lida birgalikdagi sa’y-harakatlardan dalolatdir.

Suhbat chog‘ida Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilishda zarur ko‘mak ko‘rsatish va mintaqani barqaror rivojlantirish, shuningdek savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, ta’lim va madaniyat sohalaridagi ikki tomonlama amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Kelgusi yilda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi Strategiyasini qabul qilish muhimligi qayd etildi.

O‘zbekiston Prezidenti Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari yuqori sur’at bilan rivojlanib, izchil mustahkamlanayotganini alohida ta’kidladi.

So‘nggi yillarda ikki tomonlama hamkorlik aniq amaliy mazmun bilan boyigani qayd etildi. O‘zaro savdo hajmi ortib bormoqda, muhim sarmoyaviy loyihalar bajarilyapti, ishbilarmon doiralar va mintaqalar o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalari kuchaymoqda. Ta’lim, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar almashinuvga oid yangi dasturlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning kuzida kutilayotgan Rossiya Federatsiyasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifiga tayyorgarlik jarayonlari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari muhokama qilindi. 

Davlatimiz rahbari Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mavlut Chavusho‘g‘lini samimiy qutlar ekan, do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash maqsadida o‘tgan yili oktyabr oyida Turkiyaga oliy darajadagi tashrif chog‘ida erishilgan kelishuv va bitimlarni to‘la amalga oshirish muhimligini qayd etdi.

Navbatdagi oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘rish, avvalo muzokaralar kun tartibini savdo, sarmoya, yuqori texnologiyalar, transport va turizm, madaniyat sohalari va boshqa yo‘nalishlardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikka oid aniq loyihalar, dasturlar bilan boyitish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Pokiston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Xavaja Muhammad Asif bilan uchrashuv chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarga amaliy ruh bag‘ishlash zarurligi qayd etildi. 

Davlatimiz rahbari o‘zaro savdo, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, yengil sanoat va boshqa tarmoqlardagi kooperatsiya aloqalari, transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish, O‘zbekistonga ziyorat turizmi uchun tashrif buyurayotgan sayyohlar oqimini oshirish bo‘yicha foydalanilmayotgan ulkan salohiyat mavjudligini alohida qayd etdi. Aloqalarni yanada faollashtirish, turli darajadagi o‘zaro tashriflar hamda qo‘shma tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuvlar chog‘ida xorijiy delegatsiyalar rahbarlari Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferensiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirib, u o‘z vaqtida tashkil etilgani va tadbir kun tartibiga kiritilgan masalalar dolzarb ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Forum natijalari ushbu mamlakatdagi vaziyatni tinch muzokaralar yo‘li bilan hal qilish jarayonini amalga oshirishga salmoqli hissa qo‘shishiga ishonch bildirildi.

Mamlakatimizdagi ijtimoiy-siyosiy yangilanishlar va sotsial-iqtisodiy islohotlarning yangi bosqichi, shuningdek, O‘zbekistonning mintaqada konstruktiv, o‘zaro manfaatli hamkorlikda tutgan faol ishtirokiga yuksak baho berildi.

Yuqori martabali mehmonlar davlatimiz rahbariga Yevropa Ittifoqi rahbariyati, Rossiya, Turkiya, Pokiston rahbarlarining salomi va samimiy tilaklarini yetkazib, mamlakatlarining O‘zbekiston Respublikasi bilan har tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.

 

Яндекс.Метрика