У нас есть только
оригинальные песни

Qashqadaryoda johil kuyov qonun oldida javob berdi

calendar 20.05.2017
1985

Sharifa opa (ism-familiyalar o'zgartirilgan) qizini Salohiddinga uzatayotganida undan umidlari katta edi. Salohiddin shu qishloqda, ko'zi oldida katta bo'lgan, toparman-tutarmon yigit edi. Boz ustiga fermer, mulkdor, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Bundan ortiq kuyovni topib bo'larmidi?! Afsuski, opaning orzulari sarobga aylandi. Odamning olasi ichida bo'ladi deganidek, to'ydan so'ng Salohiddin asl qiyofasini ko'rsata boshladi. Ko'p o'tmay, oilaga darz ketdi. Bularning barchasiga Salohiddinning takabburligi, manmanligi va johilligi sabab bo'ldi. Qizi uyga qaytib kelganidan Sharifa opaning ko'ngli vayron bo'lsa-da, ma`naviyatdan yiroq, kuchi faqat haqoratu tahqirlashga yetadigan kuyovidan qutulganiga shukr qildi.

Biroq Salohiddin boshqacha fikrda edi. U turmushining buzilishiga qaynona-qaynotasini aybdor deb bilardi. Bir necha bor ular bilan gaplashib olmoqchi bo'ldi, ammo jur`ati yetmadi. Qolaversa, qaynotasi poytaxtdagi nufuzli idorada ishlaydi. Shu bois, u bilan ko'rishish, yuzma-yuz gaplashib olish biroz mushkul ish edi.

Salohiddin qaynotasining yo'lini uzoq poyladi. Qishloqqa kelganini eshitganida, bir necha bor ko'chasidan o'tdi. Ammo uni yolg'iz uchrata olmadi. Qaynotasining yana poytaxtga ketayotganini eshitib, fursatni qo'ldan bermaslik uchun shu zahotiyoq yo'lga tushdi. “Shu bugunoq gaplashib olaman. Yo'qsa, uni yana uzoq vaqt kutishimga to'g'ri keladi”. Salohiddin ana shu xayollar bilan mashinasida borarkan, o'z-o'zidan g'azab otiga mindi. Oilasini parokanda qilgani uchun qaynotasidan buning hisobini so'rashga qat`iy ahd qildi. Qo'llari musht bo'lib tugildi...

Mehmondorchilik avjiga chiqqan bir payt edi. Hammaning kayfiyati a`lo. Sobir Hikmatovni kuzatish uchun farzandlari, qarindosh-urug'lari, do'st-birodarlari to'plangan. To'satdan darvoza ortida shovqin-suron ko'tarildi. Kimdir ovozining boricha baqirib, uy egasini haqoratlardi. Sharifa opa xavotirlanib, ko'chaga yugurdi. Unga ergashib boshqalar ham tashqariga oshiqishdi. Ko'chada yer tepinib turgan Salohiddinni ko'rib, Sharifa opasining jahli chiqdi.

-  Nega kelding?

-  Sobirni chaqir!

Uy bekasi surbet kuyovning sensirashidan mehmonlar oldida izza bo'ldi. Salohiddin qaynonasiga yovqarash qilgancha talabini takrorladi.

-  Chaqirmayman, senga ket, dedim!

-  Hikmatovlarning barini...

Salohiddin yomon so'kindi. Sharifa opa bundan yer yorilmadi, yerga kirmadi.

-  Sen nega hammani haqoratlayapsan?

Sharifa opaning jiyani Tolmas mojaroga aralashdi. Salohiddin uning aralashuvidan jahli chiqib, tanobini tortib qo'ymoqchi bo'ldi. Biroq qo'shnilar bunga izn berishmadi. Keyin kuyov bor ovozi bilan baqirib so'kinishga tushdi.

Salohiddin atrofdagilarning nafratga to'la nigohlarini ko'rib, urinishlari befoydaligini tushundi. Ammo shunday qaytib ketishga ham g'ururi yo'l qo'ymadi. Mashinasiga o'tirib, g'azab bilan bir ikki marta gazni bosdi. Keyin esa mashinani to'g'ri qaynonasining ustiga haydadi. Bir zumda qiy-chuv ko'tarildi. O'zini olib qochishga ulgura olmagan Sharifa opaning oyog'ini mashina bosib o'tdi. Salohiddin esa bunga parvo qilmay voqea joyini tark etdi.

Sharifa opa tan jarohati olib, shifoxonada davolanishiga to'g'ri keldi. Johil kuyov esa qonun oldida javob beradigan bo'ldi.

Jinoyat ishlari bo'yicha Koson tuman sudi tomonidan Salohiddin Bo'tayorovga nisbatan jazo muqarrarligi ta`minlandi.  

Яндекс.Метрика