У нас есть только
оригинальные песни

Qirg'izistonda prezidentlik saylovlari. G'alaba qozonishda pul katta o'rin tutadimi?

calendar 30.05.2017
981

Qirg'izistonda kuzdagi prezidentlik saylovlaridan avval nomzodlarni ilgari surish kampaniyasi avj olmoqda. Ularning eng asosiylari to'rt nafar - Temir Sariyev, Bakit Torobayev, Omurbek Babanov va Sooronbay Jenbekov.

 

Intriga hali ham bor

Nomzodlarni ilgari surish bo'yicha intriga hozircha to'la yo'q bo'lib ketmadi hamda SDPK ichidagi tushunarsiz vaziyatga bog'liq bo'lib turibdi. Ehtimol, hukumat partiyasidan bitta nomzod qo'yiladi, biroq bu hozircha savol ostida qolgan masala.

Jamiyatda “qora ot”ning paydo bo'lishi bilan bog'liq fikrlar ham yo'q emas, - ya`ni, hech kimga tanish bo'lmagan nomzod oxirgi lahzada chiqadi va g'alaba qozonadi.

Biroq bu fantastikaga yaqin fikrlar. Buning ustiga, “qora otlar” ularni yaxshi bilgunga qadar yaxshi bo'lib ko'rinadi, ammo keyinchalik boshqa siyosatchilarga xos bo'lgan qusurlarga ega ekani oydinlashib boradi.

Yaqindagi konstitutsiyaviy o'zgarishlar mamlakatni siyosiy boshqarish mexanizmiga jiddiy ta`sir ko'rsatmadi. Yangi Konstitutsiyaga ko'ra bosh vazir avvalgi vakolatlari bilan qolgan.

Xalq tomonidan saylanadigan prezident kuch bloki, maxsus xizmatlar va prokuraturani nazorat qiladi, hamda butun tizimning eng muhim halqasi bo'lib qoladi.

 

G'alabaga eltuvchi besh omil

Nomzodlardan birining g'alabasiga ta`sir ko'rsatuvchi beshta asosiy omilni sanab o'tish joiz.

Birinchidan, hammasini saylovchilar fikri hal qiladi. Bu kinoya emas, aslida ham shunday. Biroq bunda muhim jihatlar bor. Qirg'izistonda to'laqonli, xuddi AQSh (demokratlar va respublikachilar) yoki Angliyadagi (konservatorlar va leyboristlar) kabi elektorat yo'q. Bu yerda saylovchilar bugun shunday, ertaga esa boshqacha ovoz berishadi.

Vaqt bilan tashkil topgan barqaror mafkuraviy tanlov yo'q. Bugun jamoatchilik fikriga ko'ra, yaqqol yetakchi, deb aytish mumkin bo'lgan shaxslar ham ko'rinmayapti. Buning ustiga, saylov kunidagi ovoz berish ko'p holatda ichki his-tuyg'ularga bog'liq bo'ladi, hamda saylovchi so'nggi daqiqada kimga ovoz berishini hal qiladi.

Shuni tushunish lozimki, Qirg'izistondagi nomzodlarning bugungi reytinglari – ancha tushunarsiz narsa. Buning ustiga, ular ko'p va turlicha natijalar bermoqda.

Aniq-ki, vaziyat saylovchilarning xohishiga qarab tezda o'zgarib boradi. Hattoki barqaror demokratiyaga ega bo'lgan davlatlar ham bu kuzatiladi. Masalan, Fransiyada saylovlarga bir necha oy qolganda Fiyon favorit edi, biroq u saylovda hattoki ikkinchi turga ham yetib borolmadi, g'oliblik esa Makronga nasib etdi.

AQShda ham shunday vaziyat ko'zga tashlandi, Hillari Klinton oxirgi lahzagacha barcha so'rovlarda Donald Trampni ortda qoldirdi, biroq aynan tadbirkor g'alaba qozondi.

Ikkinchidan, umummilliy va mintaqaviy darajadagi elitaning bir fikrga kelishi juda muhim omilga aylanadi. U joylarda saylovchilar bilan ishlashni ta`minlaydi, bu esa istalgan saylov kampaniyasining muhim elementi sanaladi. Bugungi kunda siyosiy elitalarda konsensus yo'q. U yaqin 2-4 oy ichida shakllanib boradi.

Ehtimol, elitalar ularga kim ko'proq ma`qul kelishidan emas, balki kim xavfsizroq va ularga keyingi faoliyat uchun barqaror siyosiy maydonni ta`minlab berishidan kelib chiqishadi.

Shunisi aniq-ki, ular bizneslariga tahdid uyg'otuvchi, mulkni reyderlik bilan egallab olishi va siyosiy istiqbollarni to'sib qo'yadiganlardan xavfsiraydi.

Qirg'izistonda davlat darajasida reyderlik bunga qadar ham ro'y bergandi va u har doim qarama-qarshilik hamda to'ntarishga yetaklagan.

Uchinchi muhim omil - tashqi siyosiy o'yinchilarning ta`siri. Avvalgi saylovlarning tajribasi shuni ko'rsatadiki, bu juda muhim omil bo'lib, unga ko'p narsa bog'lanib turadi, jumladan, qirg'izistonlik saylovchilarning fikri ham. Bu rus tilida so'zlashuvchi saylovchilarning ko'pligi, Rossiya OAVning Qirg'izistondagi ta`siri va Rossiya hamda Qozog'istondagi ko'plab qirg'iz migrantlari bilan bog'liq.

To'rtinchi omil – pullar. Saylovchilarni sotib olish avvalgi barcha saylovlar natijalariga ta`sir ko'rsatgan. Shu bilan birga, dinamika shundayki, pulning o'rni saylovdan saylovga o'sib bormoqda.

Afsuski, bu saylov natijalariga juda jiddiy ta`sir ko'rsatadi.

Qator siyosatchilar vijdoniga qarshi borib ovozlarni sotib olishdan foydalanadi. Qisqasini aytganda, kimda ko'proq pul bo'lsa, o'sha g'alabaga yaqinroq.

Beshinchi omil sifatida ma`muriy resursni tilga olish jozi. Uning ta`siri albatta bo'ladi, biroq Akayev yoki Bakiyev davridagi kabi katta emas.

 

Keyingi prezident uchun chaqiriqlar

Keyingi prezident kim bo'lishi haqidagi gaplar, albatta, keyingi prezident mamlakat uchun nima qilishi kerakligi haqidagi munozaralarga hamohang bo'lishi kerak. Bu juda muhim, sababi Qirg'iziston oldida turgan chaqiriqlar ancha ko'p, hamda ularning aksariyati mamlakat uchun juda muhim.

O'ta muhim chaqiriqlar bir nechta. Birinchi: davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish lozim. U kam samarali va korrupsiya tufayli bo'g'ilib qolmoqda. Huquq-tartibot va sud tizimini islohot qilish darkor. Bugungi tizim shundayki, birinchi navbatda, siyosiy rahbarlar xohishiga qarab ish tutadi, ikkinchidan – tizim ishchilarining manfaatlariga borib taqaladi, hamda faqatgina uchinchidan o'zining to'g'ridan-to'g'ri majburiyatlari bilan shug'ullanadi.

Tabiiyki, bu barcha xodimlarga tegishli emas, ular orasida o'z majburiyatlarini halol va professionallik bilan bajarayotganlar bor. Biroq umuman olganda vaziyat ancha murakkab.

Agarda korrupsiyani sal bo'lsa ham nazoratga olishning uddasidan chiqilsa, iqtisodiyotga kuchli turtki berish imkoniyati paydo bo'ladi.

Iqtisodiyotning rivoji – bu bo'lajak prezident oldida turgan ikkinchi muhim chaqiriq. Bu ish o'rinlari, fuqarolar farovonligi, bu sog'liqni saqlash va ta`limning yaxshi tizimini qurish uchun poydevor.

Uchinchi chaqiriq sifatida ma`lum qismlarga ajralib ketish muammosini tilga olish mumkin, ya`ni jamiyatning turli mezonlar – mintaqaviy, diniy, qarindosh-urug'chilik, moddiy va shunga o'xshashga ko'ra bo'linishi. Jamiyatning bo'linishi, bir qatlamning boshqasiga nisbatan nafrati, tinglashni xohlamaslik, tajovuzkorlik – bu juda xavfli tendensiya.

Ko'pchiligimiz “davlat departamentchilar” va “kremlparastlar”, “diniy” va “xudoga ishonmaydigan”, “muxolifat” va “muxolifatga qarshilar”, “janublik” va “shimollik”larga tobora bo'linib borayotganimizni sezmayapmiz ham.

 

Jamiyatning tabaqalarga ajralishi esa muvaffaqiyatli bo'lishi mumkin emas.

Kishilar iqtisodiy va siyosiy vazifalarni hal etish uchun birdam bo'lishlari darkor. Hech bo'lmasa, muhim masalalarda. Agarda bu yo'q bo'lsa, iqtisodiyot yoki boshqa sohada rivojlanishni kutish qiyin.

To'rtinchi – hamda juda muhim chaqiriq – diniy ekstremizm va terrorizm, shuningdek, jamiyat va davlat xavfsizligi masalalariga aloqador bo'lgan tahdidlarning oshishi.

Biz notinch mintaqada, mafkuraviy, geosiyosiy va iqtisodiy paradigmalarning o'ziga xos buzilishi davrida yashamoqdamiz. Bundan qochish mumkin emas, bu bilan ishlash lozim. Bu bizning uyimizda paydo bo'lgan muammolar emas, biroq ular biz global dunyoda yashaganimiz tufayli tobora bizniki bo'lib bormoqda.

Yana beshinchi, oltinchi va boshqa chaqiriqlar ham bor, ular ko'p. Ularning hammasini aytib o'tish muhim emas. Muhimi, kuzda muammolarni tushunishga qodir, to'g'ri qarorlarni qabul qiladigan va jamiyatda barqarorlikni mustahkamlash qo'lidan keladigan hamda mamlakat rivojlantira oladigan shaxs prezident etib saylanishida.

Tamerlan Ibraimov, mustaqil ekspert
24.kg

Яндекс.Метрика