У нас есть только
оригинальные песни

Qiziq fakt: Samarqand viloyatining 2001-yil 11-sentabrdan keyingi yetti hokimi hozirda yuqori lavozimlarda ishlamoqda

calendar 14.07.2018
1003

Samarqand viloyati hokimlari bilan bog‘liq yana bir qiziq fakt: qamoqqa olingan Turobjon Jo‘rayevva viloyat hokimi vazifasini bajarishga endigina kirishgan Erkinjon Turdimovni hisobga olmasa, 2001-yil 11-sentabridan boshlab viloyatga rahbarlik qilgan qolgan yetti hokim hozirda turli yuqori lavozimlarda mehnat qilmoqda.

Himmat Oqbo‘tayev — 2016-yil dekabrida viloyat hokimi etib tayinlangan va besh oydan sal ko‘proq davom etgan hokimligidan so‘ng ishdan olingan. Prezident Mirziyoyev uni “jamoatchilik fikrini inobatga olmay ish tutgani, viloyatning boshqa rahbarlari bilan sog‘lom munosabatga putur yetkazgani, jur’at va tashabbuskorlik yetishmagani” va yana boshqa kamchiliklari uchun ishdan olgan. 2017-noyabridan beri esa Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida hokimlik qilib kelmoqda (aytmoqchi, Samarqandning yangi hokimi Erkinjon Turdimov aynan Qo‘shrabotdan).

Zoyir Mirzayev — salkam olti yil Samarqandga hokimlik qilgach, 2016-yil dekabrida O‘zbekistonning yangi hukumati tarkibidan o‘rin olgan. Shundan beri bosh vazir o‘rinbosari sifatida qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalariga mas’ul hisoblanadi.

O‘ktam Barnoyev — Samarqandga 2008—2010-yillarda hokimlik qilgan. Ishdan olinayotganida Prezident Karimov uni “ishga mas’uliyatsizlik bilan yondashish, o‘ziga ortiqcha bino qo‘yib, manmanlikka, o‘zboshimchalikka berilish”da ayblagan. 2016-yil dekabrida Barnoyev katta sahnaga qaytgan — Prezident Shavkat Mirziyoyev uni Buxoro viloyatiga hokim etib tayinlagan.

A’zamxon Bahromov — viloyatga 1,5 yilga yaqin viloyatga rahbarlik qilgan. Ishdan olinayotganida Prezident Karimov uni “ma’naviy chegaradan chiqib, hech chidab bo‘lmaydigan darajaga yetib borish, nafs balosiga giriftor bo‘lish, boshqalarni mensimaslik, o‘zini hammadan ustun qo‘yish, qo‘pollik qilish, oyog‘i yerdan uzilish”da ayblagan (2009-yili, jumladan, poraxo‘rlikda ayblanib, 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi). 2017-yili esa yana sahnaga qaytdi — sentabrda Samarqandning Qo‘shrabot tumaniga, keyinroq, noyabrida esa Kattaqo‘rg‘on tumaniga hokim etib tayinlandi.

Mamarizo Nurmurotov — Samarqandga 2004—2006-yillarda hokimlik qilgan; O‘zAning 2008-yilgi axborotiga ko‘ra, “salomatligi yomonlashib, viloyatning birinchi rahbari vazifasini bajarishga har tomonlama kuch-quvvati yetmagani inobatga olinib”, hokimlikdan olingan. U 2017-yil iyunidan beri O‘zbekiston Markaziy banki raisi sifatida ishlab kelmoqda (xususan, valyuta liberalizatsiyasi ham uning raisligida yuz berdi).

Rustam Xolmurodov — olti oydan sal ko‘proq Samarqand viloyatiga hokimlik qilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, hokimlikdan olingach, 12 yil davomida biror lavozimda ishlamagan. 2016-yil oktabridan beri esa Samarqand davlat universiteti rektori sifatida ishlab kelmoqda (hokim etib tayinlanishidan avval ham shu lavozimda ishlagan).

Shavkat Mirziyoyev — 2001-yil 11-sentabr kuni Samarqand viloyati hokimi etib tayinlangan. 2003-yil 12-dekabrdan esa O‘zbekiston bosh vaziri lavozimida ish boshlagan. O‘zbekiston Birinchi Prezidenti vafotidan so‘ng, 2016-yil 8-sentabrida Oliy Majlis tomonidan O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. 2016-yil 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovida g‘olib chiqib, 14-dekabrdan O‘zbekistondan Prezidenti vakolatlarini to‘laqonli bajarishga kirishdi.

Яндекс.Метрика