У нас есть только
оригинальные песни

Qog'oz shaklidagi mehnat daftarchalari berilishi to'xtatiladi

calendar 25.05.2017
1081

2019 yilning 1 yanvaridan boshlab O'zbekistonda birinchi marta ishga joylashtirilgan xodimlarga qog'oz shaklidagi mehnat daftarchalari berilishi to'xtatiladi. Bu O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 23 maydagi «Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi farmonida belgilangan.

Unga ko'ra, xodimlarning ish joyi va davlat ijtimoiy sug'urtasiga to'lov qilgan davri bo'yicha ro'yxatga olishning “elektron mehnat daftari” tizimini joriy etish rejalashtirilgan.

Mehnat daftarchalaridagi yozuvlar soliq to'lovchining individual raqami (STIR) va fuqarolarning jamg'arib boriladigan pensiya to'lovi bo'yicha individual raqami (PTIR) asosida, xodimning ish joyi va O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjyetdan tashqari pensiya jamg'armasiga to'lovlar amalga oshirilgan davri bo'yicha hisobga olish bilan bosqichma-bosqich almashtirib boriladi.

Shuningdek, farmon bilan 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab kasb-hunar kollejlari, akademik litseylarning barcha o'quvchilarini, ularning har biriga soliq to'lovchining individual raqami berilgan va elektron raqamli imzo (ERI)ni tegishli to'lovni undirmasdan bergan holda, soliq to'lovchi sifatida davlat soliq organlarida ro'yxatga qo'yiladi.

Bundan tashqari, 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va oliy ta`lim muassasalarining birinchi marta ishga joylashgan bitiruvchilari ish haqidan olingan daromadlaridan yagona ijtimoiy to'lovning o'rnatilgan stavkasini, ta`lim muassasasini tamomlagan kundan boshlab uch yildan ortiq vaqt o'tmaganlik sharti bilan, ularni ishga joylashganliklaridan keyingi bir yil ichida 50 foizga, ikkinchi va uchinchi yil davomida 25 foizga, byudjyet tashkilotlari, monopolist tashkilotlar, ustav jamg'armasida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo'lgan tashkilotlarga ishga joylashganlar bundan mustasno bo'lgan holda, kamaytiriladi.

Яндекс.Метрика