У нас есть только
оригинальные песни

Qur`ondan keyingi muqaddas kitob muallifi qanday umr kechirgan edi?

calendar 10.06.2018
1297

2017 yilning 19 sentabrida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh assambleyasi 72-sessiyasidagi nutqi dunyo hamjamiyatida katta qiziqish uyg'otdi. Undagi “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz”, degan so'zlari O'zbekistonning bu boradagi pozitsiyasini aniq va ravshan ko'rsatib berdi. Nutqda, jumladan, shunday deyiladi: “Markaziy Osiyo Uyg'onish davri namoyandalarining islom va jahon sivilizatsiyasiga qo'shgan bebaho hissasini alohida qayd etmoqchiman. Ana shunday buyuk allomalardan biri Imom Buxoriy o'z ahamiyatiga ko'ra islom dinida Qur`oni karimdan keyingi muqaddas kitob hisoblangan “Sahihi Buxoriy”ning muallifi sifatida butun dunyoda tan olingan. Bu ulug' zotning g'oyat boy merosini asrab-avaylash va o'rganish, ma`rifatiy islom to'g'risidagi ta`limotini keng yoyish maqsadida biz Samarqand shahrida Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish to'g'risida qaror qabul qildik”.

Hadis ilmining sultoni Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriyning ma`naviy merosini o'rganish va targ'ib etishda ushbu xalqaro Markazning o'rni katta. Markaz ilmiy tadqiqotlar va malaka oshirish o'quvlari yo'nalishida faoliyat yuritadi. Yiliga to'rt marta “Imom al-Buxoriy saboqlari” jurnali chop etiladi.

Ta`kidlash joizki, Hazratning shoh asarlari “Al-Jome` as-sahiyh” (4 jildlik) va “Al-adab al-mufrad” to'lig'icha o'zbek tiliga o'girilib, keng kitobxonlar ommasiga tortiq etilgan. Bugungi kunda Imom Buxoriy nomi bilan Toshkent islom instituti faoliyat yuritmoqda. Qolaversa, bir necha jome masjidlar hadis bilimdonining nomi bilan ataladi.

Samarqandning Xartang qishlog'ida, alloma dafn etilgan go'shada muhtasham majmua barpo etilgan. Bu yodgorlik majmuasi Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Andijon, Namangan, Qo'qon va Shahrisabz xalq ustalari tomonidan qisqa muddat, ya`ni sakkiz oy mobaynida barpo etilgan ekan. Majmua tarkibida hazratning maqbaralari, katta jome masjid, muzey va boshqa inshootlar bor. Ta`kidlash joizki, muzeyda birinchi yurtboshimizga o'sha paytlardagi Saudiya Arabistoni podshosi tomonidan sovg'a qilingan ka`bapo'sh saqlanadi. Shuningdek, majmua xududida beshta chinor daraxti va ular bo'yidagi hovuz ham tarixiy ahamiyatga ega. Ushbu daraxtlar 16-asrda Buxoro xoni Ablullaxon tomonidan ekilgan. Hozirda chinorlarning yoshi 570 dan oshganini mutaxassislar ta`kidlashadi. Bugungi kunda yer sharining turli nuqtalaridan kelayotgan ziyoratchilarni ko'rganda, Qur`oni karimdan keyin ikkinchi o'rindagi muqaddas kitob “Sahihi Buxoriy”ni tuzgan zot bilan vatandoshligingdan faxrlanib ketasan kishi.

Imom Buxoriy hazratlari dunyo miqyosida nechog'lik ulkan martabaga ega bo'lishiga qaramasdan, sobiq sho'ro tuzumi davrida o'zining munosib qadr-qimmatini topmagan siymolardan biri edi. Eng ayanchlisi, xorijiy yurtlarda, ayniqsa, musulmon olamida yuksak extiromu cheksiz mehr-muhabbatga sazovor bo'lgan alloma o'z yurtida e`tibordan chetda edi. Uning hayoti va bebaho merosi deyarli o'rganilmas, alloma abadiy qo'nim topgan maskan tashlandiq va o'ta ayanchli holatda bo'lganini mahalliy aholining yoshi ulug'lari yaxshi eslashadi.

— O'zligimizni, milliy qadriyatlarimizni anglash yo'liga kirishar ekanmiz, bu ishlarning debochasida Imom Buxoriy hazratlarining ma`naviy merosini o'rganish vazifasi turishi tabiiy holdir, — deb yozadi Imom Buxoriy jome masjidi imom xatibi Zayniddin Eshonqulov. — Chunki bu zotning islom diniga qilgan xazmati barcha zamon ulamolari tomonidan e`tirof etib kelingan. Birgina misol tariqasida qatarlik olim Doktor Muhammad Ali Donaviyning “Al-Umma” jurnalidagi (1982 yil, avgust) “... Darhaqiqat, Islom ummati ko'pgina fazilatlar, ilm va hidoyat evaziga Buxoriydan qarzdordir. Bu ummat zimmasiga yuklatilgan vazifa shuki, ular o'z farzandlariga maktablarda, oliygohlarda va majlislarda Buxoriy hazratlari o'zi kim ekanliklarini o'rgatmoqlari lozim”, degan e`tirofini keltirib o'tish kifoya.

Bu ulug' zotning benihoya nodir quvvayi hofizasi va hadisshunosligi xususida el orasida bir qancha rivoyatlar yuradi. Alloma umri davomida juda ko'p safarlarda bo'lgani ma`lum. Imom Buxoriy Basra shahriga kelganlarida jarchi “Ey ahli ilmlar! Muhammad ibn Ismoil Buxoriy keldi!”, deya hamyurtlariga xabar qiladi.
Uni izlab borganlar Basra jome masjidida, ustun ortida namoz o'qiyotgan yosh yigitni ko'radilar. U namozini o'qib bo'lishi bilan atrofini o'rab olib, ular uchun imlo majlisi qurishini iltimos qilishadi. U kishi rozi bo'ladi.
Shunda jarchi ikkinchi marta “Batahqiq, Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy keldi! Biz undan imlo majlisi qurishni so'radik! U ertaga falon joyda majlis qurishga rozi bo'ldi!”, deb jar soladi. Ertasiga faqihlar, muhaddislar, hofizlar va nozirlardan minglab odam jamlanadi.

Manbalarda ta`kidlanilishicha, Bog'dodda ham ulug' allomaning ko'plab shogirdlari bo'lgan. Abu Ali Solih ibn Muhammad Bog'dodiy shunday degan ekan:
“Muhammad ibn Ismoil Bog'dodda majlis qurar edi. Men uning imlosini odamlarga yetkazib turar edim. Uning majlisiga yigirma mingdan ziyod odam jamlanar edi. Xulosa shuki, hadis ilmining sultoni o'z davrida ham, keyin ham ustozlarning eng ulug'i bo'lgan. Boshqacha qilib aytganda, o'z bilimini xalqqa yetkazishda benihoya bag'rikeng va bokaram inson sifatida hurmat qozongan.

Muhammad ibn Yusuf Firabriy aytgan ekan:
«Bir kecha Muhammad ibn Ismoilning uyida qoldim. U zotning o'sha kecha o'n sakkiz marta turib yodiga tushgan narsalarni yozib qo'yganini hisobladim». Bundan ko'rinadiki, hazrat ilm yo'lida nafaqat dunyoviy manfaatlaridan voz kechgan, balki bunday zahmatdan lazzat topgan komil inson bo'lgan.

Yaqinda Muqaddas Ka`ba ziyoratiga borib qaytgan hoji otalarimizdan biri bilan suhbatlashib qoldim. Uning aytishicha, bizning otaxonu onaxonlarimiz u muborak joyni tavof qilishni qanchalik istashsa, Saudiya Arabistonidagi insonlar Imom Buxoriy dafn etilgan tuproqni bir ko'rishga orzumand ekan.

Chindan ham, hozirda Imom Buxoriy majmuasiga dunyoning turli burchaklaridan ziyorat umididagilar tashrif buyurishmoqda. Mahorat bilan bezatilgan koshinli ayvonlar, mahobatli maqbara, serfayz hovliyu, salobatli masjid va boshqa tarix va bugunni o'zida akslantirgan binolar har qanday sayyohni befarq qoldirmasligi shubhasiz.

Яндекс.Метрика