У нас есть только
оригинальные песни

Rashidjon Qodirov ishi: Alisher Hodiyev hibsdan ozod etildi

calendar 31.08.2018
892

Sobiq bosh prokuror Rashidjon Qodirovga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchi tadbirkor Alisher Hodiyev Ispaniyada O‘zbekiston Bosh prokuraturasi qarori asosida hibsdan ozod etildi, deb yozadi “Gazeta.uz” huquq-tartibot organlaridagi manbasiga tayanib.

Alisher Hodiyev pul yuvishda, firibgarlikda va jinoiy yo‘l bilan topilgan daromadlarni qonuniylashtirishda ayblanmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, u ko‘ngilli ravishda Ispaniyadan O‘zbekistonga qaytib, tergov bilan hamkorlik qilishga, davlatga keltirilgan moddiy zararni qoplashga rozi bo‘lgan. Shu bilan birgalikda Hodievga nisbatan ilgari surilgan ayblovlar olib tashlanmagan — u hamon o‘ziga qarshi ilgari surilgan punktlar bo‘yicha ayblanuvchi hisoblanadi.

Iqtisodiy ishlar bo‘yicha katta e’tibor ayblanuvchilar tomonidan zararning qoplanishiga qaratilishi tufayli, 40 yoshli tadbirkorga O‘zbekistonga ko‘ngilli ravishda kelib, tergov harakatlarida qatnashish imkoniyati berildi.

Alisher Hodiyev shu yilning martida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi so‘rovi bilan Barselonada hibsga olingan edi. 17-iyun kuni Madrid sudi xalqaro qidiruvda bo‘lgan Hodiyevni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish haqida qaror chiqardi. Ammo 7-avgust kuni Ispaniya sudi ekstraditsiya haqidagi qarorni bekor qildi, chunki bu mamlakat Bosh prokuraturasi uni qidirilayotgan shaxslar ro‘yxatidan chiqargan edi.

Rashidjon Qodirov 2000—2015-yillarda O‘zbekiston bosh prokurori bo‘lgan, 2015—2017-yillarda esa u konstitutsiyaviy sud sudyasi etib tayinlangan.

O‘zbekiston Respublikasi bosh prokuraturasi shu yilning fevral oyida Rashidjon Qodirovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan edi.

U “Tovlamachilik”, “Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish”, “Pora olish” moddalari bo‘yicha ayblanmoqda.

Яндекс.Метрика