Rossiya Mudofaa vazirligi 2016 yilda Rossiya federal byudjetidan 3,14 trln rubl, ya'ni 2016 yilga mo'ljallangan byudjetning 19,6 foizini olishi mumkin, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi.
Bu Rossiyaning keyingi yil uchun federal byudjeti loyihasi hujjatlarida ko'rsatilgan. Qayd etilishicha, Mudofaa vazirligi xarajatlari yalpi ichki mahsulotdan 4 foizni tashkil qiladi.
2016 yilda 2015 yilga nisbatan 25,5 mlrd rublga ko'proq mablag' ajratilishi Mudofaa vazirligi ob'ektlariga "byudjet investitsiyalari hajmining 48,8 mlrd rublga kamayishi” va rossiyalik harbiy xizmatchilarga mukofot pullarining 40 mlrd rublga oshirilishi bilan izohlanmoqda.
2016 yilda "Milliy xavfsizlik va huquq-tartibot faoliyatiga” ajratiladigan mablag'lar hajmi 2,02 trln rublni, ya'ni byudjetning 12,4 foizini tashkil qiladi.
O'z navbatida, Rossiya ta'limni rivojlantirish dasturini 9,4 foizga, ya'ni 404,89 mlrd rublgacha kamaytirmoqchi, shuningdek, o'qituvchi va shifokorlarga maoshlar uchun rejalashtirilgandan 33,3 mlrd rubl kamroq mablag' ajratiladi.