O'zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov JCh-2018 o'yinlarini boshqarishi mumkin bo'lgan hakamlar ro'yxatidan o'rin egalladi. Tsyurixda FIFA hakamlar qo'mitasining navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi va unda JCh-2018 musobaqasida ishlashi mumkin bo'lgan 25 nafar referilar saralab olindi.
Agar Ermatov JCh-2018 o'yinlarida ham ishlasa, navbatdagi rekordni yangilashi mumkin bo'ladi. Hozirgacha aynan u mundiallarda eng ko'p uchrashuvni (9 uchrashuv) boshqargan hakam bo'lib turibdi. Uning har bir o'yinni boshqarishi rekordning yangilanishiga sabab bo'ladi.
FIFA tomonidan e`lon qilingan 25 nafar hakamlarning 9 nafar Yevropa vakili bo'lsa, besh nafari – Janubiy Amerika, to'rt nafari – Osiyo, uch nafari – KONKAKAF va yana bir nafar Okeaniya referilari sanalishadi.
Hozircha bu JCh-2018da ishlaydigan hakamlarning so'nggi ro'yxati sanalmaydi. Qo'shimcha testlardan o'tilgach va turli xil jarohat yoki shunga o'xshash holatlarni chetlab o'tgan hakamlar mundialda ishtirok etadi. Yakuniy ro'yxat 2018 yilning yanvarida e`lon qilinadi.
Hakamlar ro'yxati:
Yevropa: Junayt Chaqir (Turkiya), Byorn Kuypers (Niderlandiya), Janluka Rokki (Italiya), Damir Skomina (Sloveniya), Yonas Eriksson (Shvetsiya), Antonio Mateo Laos (Ispaniya), Shimon Marchinyak (Polsha), Feliks Brix (Germaniya), Milorad Majich (Serbiya).
Osiyo: Ravshan Ermatov (O'zbekiston), Alirizo Fag'oniy (Eron), Navaf Shukralla (Bahrayn), Ruyuzi Sato (Yaponiya).
Afrika: Bakari Gassama (Gambiya), Janni Sikazve (Zambiya), Gehad Grisha (Misr).
Markaziy va Shimoliy Amerika: Mark Geyger (AQSh), Xoel Agilyar (Salvador), Sesar Ramos (Meksika).
Janubiy Amerika: Sandro Richchi (Braziliya), Nestor Pitana (Argentina), Vilmar Roldan (Kolumbiya), Enrike Kaseres (Paragvay), Julio Baskunyan (Chili).
Okeaniya: Mett Konger (Yangi Zelandiya).