У нас есть только
оригинальные песни

Rossiya aholisi kamaymoqda: hamma umid muhojirlardan

calendar 21.11.2017
2354

Rossiya aholisi so'nggi besh yilda yana kamaya boshladi. Hozirda Federatsiyada salkam 147 mln fuqaro istiqomat qiladi. 9 oy mobaynida tabiiy kamayish 106 ming kishini tashkil etgan. Ularning 16 mingga yaqini o'z joniga qasd qilganlardir. Bu kabi salbiy namuna 2035 yilgacha saqlanib qolishi mumkin, deyiladi Gazeta.ru sayti e`lon qilgan tahliliy maqolada. 

Rossiya statistika qo'mitasi ma`lumotlariga binoan, Rossiya Federatsiyasida doimiy istiqomat qiluvchi aholi soni 2017 yil 1 oktabr holatiga ko'ra 146,9 mln kishini tashkil etmoqda. Yanvar-sentabr oylarida tabiiy kamayish 106,2 ming kishini tashkil etgan. O'tgan yilning shu davri mobaynida aholi kam bo'lsa-da, 18,2 ming kishiga ko'paygan edi. 

Hayotdan ko'z yumganlarning aksariyati qon aylanish tizimidagi kasalliklardan vafot etgan. YTHlar 14 mingdan ortiq odamning boshiga yetgan. Sifatsiz alkogol 5 mingdan ortiq inson umriga xazon bo'lgan. 6,7 ming kishi o'ldirilgan. 

Rossiyaliklar qashshoq va ishsiz

O'z joniga qasd qilishlar joriy yilning yanvar-sentabr oylarida 15,8 ming kishini tashkil etgan. Albatta, 2016 yilda bu raqam 18 mingdan ortiq bo'lgani e`tiborga olinsa, bu yil bu boradagi pasayish sezilarlidir. Ya`ni, bu yilning 9 oyida har yuz ming kishidan 14,4 kishi o'zini o'ldirgan. Ta`kidlash o'rinliki, Rossiyada o'zini o'ldirish cho'qqisi o'tgan asrning 90-yillariga to'g'ri kelgan, o'shanda har yuz ming odamdan 43-46 kishi o'z hayotiga nuqta qo'ygan. 

JSST o'z joniga qasd qilish uchun turli vajlarni ko'rsatadi. Masalan, ishini yo'qotish, moliyaviy muammolar, haddan ortiq ko'p alkogol iste`mol qilish, shaxsiy hayotdagi sinovlar, yaqinlarini yo'qotish. Bulardan tashqari ijtimoiy muammolar — qashshoqlik, ishsizlik, mojarolar, urushlar, majburiy muhojirlik kabilar shular jumlasidan. 

Yoz mavsumida hukumat qashshoqlik yoqasida turgan fuqarolar soni 2016 yilgi 19,8 mln kishidan ortib, 22 milliongacha o'sganini bildirgan edi. Mamlakatda o'tkazilgan ijtimoiy so'rovda rossiyaliklarning 10 foizga yaqini oziq-ovqat mahsulotlariga pul yetmayotganini aytgan bo'lsa, 29 foizi kiyim-kechakka zo'rg'a pul orttirayotganini bildirgan. 

Rosstatning so'nggi axborotida qayd etilishicha, aholining real daromadi to'rtinchi yildirki pasaymoqda. 2017 yil yanvar-oktabr oylarida o'tgan yilning shu davriga nisbatan daromad miqdori 1,3 foizga pasaygan. 

Bunda yana ishsizlik kamaygani qayd etilgan. Oktyabrda bu raqam 5,1 foizni tashkil etgan. Aholi bandlik xizmatlarida ishsiz sifatida ro'yxatdan o'tganlar, Rossiya Mehnat vazirligi ma`lumotlariga ko'ra, atigi 0,7 mln kishidir. Ishsizlik nafaqasini oluvchilar yanada kamroq, 0,6 mlndir. Qolganlar qanday kun kechirayotgani noma`lum. Umuman, Rossiyada to'liq bo'lmagan ish kuni bilan band bo'lgan fuqarolar hisobiga ishsizlik darajasi sezilarli pastligi rost. 

Biroq ishi borlarning puli kam. Mamlakat hukumati bir necha yillardan beri muddatida to'lanmagan maosh muammosini hal eta olmayapti. Tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan ma`lumotlarga binoan, 2017 yil 1 noyabr holatiga ko'ra, ish haqidan qarzdorlik jami 3,5 mlrd rublni tashkil etmoqda.

Ta`kidlanishicha, Rossiyaning eng yangi tarixida aholi sonining tabiiy kamayishi 2011 yilda kuzatilgan. O'shanda 125 mingga kamaygan. 

2012 yilda ham bu jarayon davom etgan, biroq unchalik sezilarli bo'lmagan. 2013 yili tabiiy o'sish qayd etilib, aholi 27 ming kishiga ko'paygan. 2014-2016 yillarda ham u qadar bo'lmasa-da, o'sish bo'lgan.

Umumiy hisobda mamlakatda vafot etganlar soni tug'ilganlar sonidan 8,3 foizga ko'pni tashkil etgan. Ammo RFning 17 ta sub`yektida bu raqam rekord darajadagi 1,5-1,8 marotabaga yetdi.

Agar sobiq ittifoq respublikalaridan kelgan muhojirlar bo'lmaganida Rossiya aholisi yanada katta sur`atlarda pasayib borayotgani yaqqol ko'zga tashlanar edi. Biroq, hozircha, muhojirlar ularning o'rnini to'ldirmoqda. Natijada Rossiya aholisi yanvar-sentabr oylarida 50 ming kishi, ya`ni atigi 0,03 foizga ortdi. O'tgan yilning shu davrida fuqarolar ortishi 214,6 ming kishini tashkil etgan edi.

Lekin bu yil muhojirlar ham Rossiyaga kamroq ko'chib borishga qaror qilishgan – 419 ming kishi (2016 yilda 426 ming kishi). Ayniqsa, Ukraina, Moldova, Ozarboyjon va Qozog'iston fuqarolari Rossiyaga kamroq ko'chishgan. 

Shu bilan birga, muhojirlarni asosiy yetkazib beruvchi Ukraina bo'lib qolmoqda. Suriyadan ko'chib kelganlar 3 baravar, Afg'oniston muhojirlari soni 2,7 baravar, Vetnam va Turkmaniston fuqarolarining ko'chib kelishi 1,7 marta, qirg'izistonliklar 1,4 marta, Tojikistondan borganlar 1,2 martani tashkil etadi. 

Shuningdek, vaqtincha ko'chib borganlar ham statistika raqamlarini yaxshilaydi. IIV hududiy idoralari qaroriga ko'ra, 7981 kishiga vaqtinchalik boshpana berilgan. O'tgan yitli vaqtincha ko'chib kelganlar soni 17 mingdan ortiq bo'lgan. 

Iqtisodiy taraqqiyot vazirligining taxminlariga ko'ra, mamlakatdagi og'ir demografik vaziyat sababli yaqin 5-6 yilda har yili mehnatga layoqatli kishilar soni 800 mingga  kamayadi. 

Яндекс.Метрика