У нас есть только
оригинальные песни

Rossiya Dumasida mojaro. Jurnalistlar boykot boshladi

calendar 22.03.2018
875

RBK, «Lenta.ru», «Dojd» telekanali, «Exo Rossiya» radiostansiyasi, «Kommersant`», Znak.com, Republic va RTVI jurnalistlar tomonidan jinsiy zo'ravonlikda ayblangan deputat Leonid Slutskiy etika bo'yicha qo'mita tomonidan aybsiz deb topilishiga javoban boykot e`lon qildi.

Birinchi bo'lib RBK parlamentdan o'nlab jurnalistlarini (sayt, telekanal, gazeta va jurnal) chaqirib oldi, tez orada «Exo Moskva», «Kommersant`» va «Lenta.ru» Slutskiy hamda Davlat dumasi bilan hamkorlikni to'xtatdi, «Lenta.ru» rahbariyati saytdan Slutskiy haqidagi barcha materiallarni (u jinsiy zo'ravonlikda ayblanganidan tashqari) o'chirib tashlanishini ma`lum qildi. 

Republic nashri esa bundan keyin o'z materiallarida Davlat dumasi haqida gap ketganida qavs ichida quyidagi izohni qo'shib ketadigan bo'ldi: «RFning jinsiy zo'ravonlikni oqlaydigan davlat organi».

«Kommersant`» tahririyati Duma komissiyasining deputat Leonid Slutskiyga qarshi ayblovlar bo'yicha tekshiruvdan keyin qabul qilgan xulosasidan hayron. Biz komissiyani adolatdan ko'ra jamoaviy etikani ustun ko'rgan deb bilamiz. Umid qilamizki, bu tarixga shu yerda nuqta qo'yilmaydi. Lekin biz shu vaqtgacha nyusmeyker sifatida biz bilan hamkorlik qilib kelgan Slutskiy bilan munosabatlarga nuqta qo'yamiz», deyilgan «Kommersant`» bayonotida.

RTVI telekanali bosh muharriri Aleksey Pivovarov shunday dedi: «RTVI rahbariyati jurnalistlarni dumadan qaytarib olish bo'yicha tahririyat bilan hamjihat. Janob Slutskiy o'z postida qolar ekan, biz bu davlat organi bilan hamkorlik qilmaymiz».

«Exo Moskva» radiosi bosh muharriri Aleksey Venediktov «Davlat dumasi endi jurnalistlar uchun xavfsiz joy emasligi»ni aytib, «Etika komissiyasi qaroridan juda xafaligi»ni aytdi va duma spikeri Vyacheslav Volodin tavsiya qilganidek, jurnalistlarni ortga qaytardi.

7 mart kuni Volodin jurnalistlarga shunday degandi: «Sizlar uchun dumada ishlash xavflimi? Unda kasbingizni o'zgartiring».

Znak.com nashri ham o'z jurnalistlarini dumaga yubormasligi va Leonid Slutskiy haqida boshqa yozmasligini bildirgan.

Mart oyi boshida Slutskiy RTVI bosh muharriri o'rinbosari Yekaterina Kotrikadze, «Dojd» prodyuseri Darya Juk va «Russkoy slujby Bi-bi-si» muxbiri Farida Rustamova tomonidan jinsiy zo'ravonlikda ayblangandi. Rustamovaning so'zlariga ko'ra, unda Slutskiy bilan suhbat audiosi mavjud, unda deputat jurnalistga uyatsiz so'zlar bilan ma`shuqasi bo'lishni taklif qilgani aks etgan.

Jurnalistlar dumaga murojaat qilib, chora ko'rishni so'rashdi. Lekin parlamentariylar saylovoldi kampaniyasi bilan band bo'lib, audioni ko'rib chiqishni ham istashmadi va yopiq eshiklar ostida o'tgan yig'ilish yakunida komissiya «deputatning badxulqligini ko'rsatadigan harakatlar» qayd etilmaganini ma`lum qildi. 

21 mart kuni davlat Dumasida tuzilgan maxsus komissiya yig'ilish o'tkazdi, unda LDPR deputati Slutskiyning harakatlarida axloq qoidalari buzilishi bilan bog'liq holat yo'qligi ma`lum qilindi. Endilikda komissiya rahbari Otari Arshba jurnalistlarini chaqirib olishini birinchi bo'lib ma`lum qilgan RBKni komissiya a`zolariga bosim o'tkazishda ayblamoqda.

«Biz jurnalistlarni Dumadan ortga chaqirib olish bilan deputatlarga bosim o'tkazilishiga yo'l qo'yib bo'lmaydi, deb bilamiz. Bunday qaror qabul qilishdan oldin yaxshilab o'ylab ko'rish kerak: hissiyot bilan qabul qilingan qaror kelgusida muammolar tug'dirishi mumkin», deya Arshbaning so'zlarini keltirgan TASS.

Komissiya a`zolaridan biri Irina Rodnina audio rasshifrovkasi bilan tanishishga ham ulgurmaganini tan oldi, komissiya raisi Arshba bunday audioyozuv borligidan bexabarligini aytdi, komissiyaning boshqa bir a`zosi Raisa Karmazina jurnalistlar bunday holat haqida avvalroq ma`lum qilmasdan, endi aytayotgani shubhali ekanini qo'shimcha qildi. 

Ayrim deputatlar jurnalistlarga Dumaga emas, huquq-tartibot organlariga murojaat qilishni tavsiya etishdi.

Qo'mita rahbari Leonid Levin tahririyatlarning boykoti «matbuotning asosiy funksiyalaridan biri - jamiyatni axborotdan xabardor qilish - barchasidan muhimroqligi» haqidagi tamoyilga to'g'ri kelmasligini iddao qildi. Uning so'zlariga ko'ra, OAV bunday xato qarorni emotsiyaga berilgan holda qabul qilmoqda.

Яндекс.Метрика