У нас есть только
оригинальные песни

Ruslan Sharipovning onasi: Inson boshiga tushgan barcha narsaga o‘zi sababchi bo‘ladi

calendar 12.06.2016
1677

‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, bugungacha xit bo‘lib kelayotgan taronalar muallifi Ruslan Sharipovning suratlari internetda keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Vaziyatga oydinlik kiritish uchun “Darakchi” uning xonadoniga yo‘l oldi va onasi Lola opa bilan suhbatda bo'ldi.

— Aytingchi, bugungi kunda o‘g‘lingiz nimalar bilan band?
— Hozir toqqa ketgan, umuman olganda esa hech narsa bilan band emas.

— O‘z vaqtida o‘zbek estradasining cho‘qqilarini zabt etgan Ruslan Sharipovning hayotida nima bo‘ldiki, u hammasidan voz kechib, bugungi ahvolga tushdi?
— Oilaviy sabablar ham bo‘ldi… Lekin baribir inson taqdiri uchun o‘zi mas’ul bo‘lishi kerak, shu sababdan hammasiga baribir o‘zi aybdor deb o‘ylayman.
 
— Qanday oilaviy sabablar uni hamma narsadan voz kechishiga olib keldi?
— Ruslan turmush o‘rtog‘ini juda qattiq sevardi, hozir ham sevadi… Uning yaxshi yashashi uchun hamma sharoitlarni yaratib berdi. Qo‘sha-qo‘sha mashinalar, uy yumushlarini bajaradigan xizmatchilardan tortib, bolalariga qaraydigan enagagacha yolladi. To‘qlikka sho‘xlik bo‘ldimi, xotini Ruslanga boshqasini sevib qolganini va unga turmushga chiqishini aytdi. Nazarimda, Ruslanda hayotga bo‘lgan juda katta qiziqish va ishtiyoq o‘sha onda so‘ndi.
 
— O‘g‘lingizning tarqalgan suratlarini ko‘rdingizmi?
— Yo‘q, agar bo‘lsa ko‘rsating.
(Suratlarga nazar solgach…)
— Ha, bugun u mana shunday insonga aylangan.
 
— Ushbu suratlar hammani larzaga soldi. Otasi qanday inson bo‘lgan?
— U ham o‘z sohasini juda iste’dodli sohibi bo‘lgan. Biroq u ham juda ko‘ngli bo‘sh odam edi. Ruslan ham shunday, boshiga tushgan barcha narsaga ham uning mana shu xarakteri sabab. Kuchli emas, hayot sinovlariga taslim bo‘ladigan, kurashuvchanlik qobiliyati yo‘q inson.
 
— Uning suratlarini ko‘rib, san’atkorlardan birortasi keldimi?
— Hech kim kelmadi. Na Izzat Ibrohimov, na Rashid Xoliqov va na Tohir Sodiqov, birortasi kelmadi.
 
— Bugun u ishlamayotgan bo‘lsa yashash uchun pulni qayerdan olyapti?
— Uyini sotgan. Hozir men bilan yashayapti.
 
— U hamma narsasini yo‘qotayotgani, hayoti tubanlikka tushib borayotganini anglayaptimi?
— Ehtimol, lekin bildirmaydi. U “agar istasam ertagayoq avvalgidan-da zo‘r bo‘lib ketishim mumkin”, deydi.
 
— Uni ichkilik balosidan davolash haqida o‘ylab ko‘rmadinglarmi?
—Men uchun asosiysi u sog‘ bo‘lgani va ichmagani. Boshqa narsa kerakmas. Albatta, davolash niyatidaman, uning avvalgi holiga qaytishiga ishonaman.
Яндекс.Метрика