У нас есть только
оригинальные песни

Samarqandlik fermer bir tup shaftolida 3 xil meva yetishtirdi

calendar 01.01.2018
1152

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Chig‘atoy fayzli bog‘lari” fermer xo‘jaligi rahbari dunyo ekoturizm faoliyatini kuzatib, sayyohlarning fermerlarning uyi yoki dala shiyponida qolishiga guvoh bo‘lgach, sayyohlar uchun mehmonxona qurishni boshlab yubordi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Uni yonida qishloq xo‘jalik mahsulotlarini quritish va qayta ishlash sexi ham barpo etilmoqda. Ana shunda sayyohlar gulzor, bog‘ va issiqxonani tomosha qilib, sexda tayyorlangan ekologik toza sharbatlardan iste’mol qilishi uchun sharoit yaratiladi.

Fermerning bog‘i bir necha qismdan iborat. Uning bir tarafida Yevropadan keltirilgan gullar, daraxtlar bo‘lsa, yana bir tarafida Sharq ertaklariga tushib qolganday bo‘lasiz. Amerika va Kanadada o‘sadigan yong‘oq navlari, Gruziya noklari, Gretsiyaning olxo‘ri, shaftolisi, Hindistonning danaksiz anorigacha payvandlash usulida ko‘paytirilmoqda.

Mutaxassislarning ma’lum qilishlaricha, odatda, nok ko‘chatini ko‘kartirish qiyinroq, uning meva berishiga ham 10-12 yil kerak bo‘lar ekan. “Chig‘atoy fayzli bog‘lari” bog‘bonlari bu muddatni 80 foizga qisqartirishga erishdi. Tezpishar va serhosil navini ko‘paytirish maqsadida olmurutga payvand qilingan nok ko‘chatlari uch yilda hosilga kiradi. Bu nav iyun oyining o‘rtalaridan oktabrning so‘ngiga qadar hosil beradi.

Xo‘jalik bog‘ida payvandlash orqali ko‘paytirilgan yil davomida hosili navbat bilan pishadigan yana bir mevali daraxt bor. Bu shaftoli bo‘lib, uning bir tupida uch xil meva, uch muddatda pishadi. Bunday shaftolidan ko‘plab ko‘chat yetishtirishga ham erishildi.

Bog‘dorchilikka bo‘lgan ishtiyoq bois, qayerdaki serhosil va tezpishar, eksportbop va xaridorgir meva haqida eshitsa, topib kelib, iqlimimizga moslab, yurtimizda ko‘paytirishga harakat qiladi. Hech bo‘lmasa urug‘ini ko‘kartiradi. Fermer ana shu tarzda Xitoyda o‘sadigan “Goja” dorivor o‘simligini ko‘paytirdi. Yurak, qon-tomir, bel, oyoq, oshqozon, buyrak kasalliklari uchun dorilar tayyorlanadigan bu o‘simlik mevasining bir kilogrammi Yevropa davlatlarida 100 dollarga baholanadi.

Bir necha yillar oldin Dubaydan keltirilgan kivi hozir 15-20 kilogramm meva bermoqda. Shuningdek, kivi ko‘chatlari ham tayyorlangan bo‘lib, buyurtma asosida yetkazib berilmoqda.

— Besh sotixli tabiiy issiqxonada anjir yetishtirayapmiz, — deydi fermer xo‘jaligi rahbari Tohir Yorqulov. — Odatiy usulda anjir yetishtirilganda kuz-bahordagi ko‘mib-ochish paytida gul tuganaklari ko‘p nobud bo‘ladi. Issiqxonada esa anjirning mo‘l hosil berishini isbotladik. Mo‘’jazgina issiqxonadagi 12 tup limonning har biridan 30 kilogrammdan hosil olyapmiz. Endi esa uzumdan yiliga 2 marotaba hosil yetishtirmoqchimiz. E’tibor qilsangiz, ochiq holda uzum yetishtirishda ko‘chatlar kuzda uyquga ketadi. Issiqxonada esa doim mo‘’tadil haroratda hosil tuganaklari paydo bo‘laveradi. Bu esa bir necha marta hosil olishda qo‘l keladi.

Яндекс.Метрика