У нас есть только
оригинальные песни

Senat majlisi yaqin. Unda DXX, to‘ylar va 500 so‘mlik tangalar masalalari ko‘rib chiqiladi

calendar 17.03.2018
1021

2018-yil 17-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati xabar berdi.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi N.Yo‘ldoshev olib bordi.

Kengash O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisini joriy yilning 29-mart kuni Toshkent shahrida chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Senatning yalpi majlisi kun tartibiga O‘zbekiston Respublikasining bir qator qonunlari hamda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini tubdan oshirishga, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturini izchil ijro etishga, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan masalalar kiritilmoqda.

«Davlat mukofotlari to‘g‘risida»gi (yangi tahriri), «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi, «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida»gi, «O‘rmon to‘g‘risida»gi (yangi tahriri), «O‘zbekiston Respublikasi uy-joy-kommunal xizmati sohasi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida»gi, «Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, yalpi majlisda senatorlar xalqaro huquqiy hujjatlarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasining bir qancha qonunlarini ko‘rib chiqadilar.

Shuningdek, senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsman) 2017-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni, O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2017 yilda huquqiy targ‘ibot va ma’rifatning holati haqidagi axborotini eshitadilar hamda to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqadilar.

Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqiladi.

Oliy Majlis Senati qo‘mitalari va devonining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir ishlarini muvofiqlashtirish uchun Kengash tomonidan ishchi guruh tuzildi.

Shu bilan bir qatorda, Kengash a’zolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qiymati 50 (ellik), 100 (yuz), 200 (ikki yuz) va 500 (besh yuz) so‘mlik tangalar chiqarish to‘g‘risidagi taklifi, ularning namunalari va dizayni ko‘rib chiqildi va ma’qullandi.

Senat Kengashi o‘z vakolatiga kiradigan boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdi.

Яндекс.Метрика