У нас есть только
оригинальные песни

Sh.Mirziyoyev: "Tijorat banklari eng zamonaviy xizmatlarni ko'rsatib, har bir mijozning ko'ngliga yo'l topa oladigan bo'lishi kerak"

calendar 05.07.2017
992

4 iyul kuni Toshkent shahrida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida navbatdagi yig'ilish o'tkazildi. Bu haqida O'zAda xabar berildi. 

Yig'ilishda mamlakatimiz iqtisodiyotining buguni va ertasi qanday bo'lishi ko'p jihatdan Iqtisodiy rivojlantirish kompleksi vazirliklarining ishi sifati va natijalariga bog'liq ekani alohida ta`kidlandi. 

Shuningdek, majlisda oxirgi yillarda kichik biznesni rag'batlantirish yuzasidan ko'plab qarorlar qabul qilinganiga qaramay, tadbirkorlikni rivojlantirish yo'lida to'siqlar hali ham mavjudligi qayd etildi. 

Shu munosabat bilan, Kompleks rahbari – Bosh vazir o'rinbosari Jamshid Qo'chqorovga Savdo-sanoat palatasi, Iqtisodiyot vazirligi, Markaziy bank hamda boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda tadbirkorlik sohasidagi barcha muammolarni batafsil tahlil qilib, ilg'or xalqaro tajribani inobatga olgan holda, mamlakatimizda kichik biznes, xususiy mulk va tadbirkorlik rivojiga keskin turtki beradigan takliflarni ishlab chiqish topshirildi. 

Yig'ilishda joylarda bo'sh turgan davlat ob`yektlari yoki ilgari xususiylashtirilgan, lekin bugungi kunda foydalanilmayotgan bino-inshootlar bo'yicha barcha ta`sir mexanizmlari ishlab chiqilgan, zarur huquqiy baza yaratib berilgan bo'lsa-da, bu borada hali sezilarli natijalar ta`minlanmagani afsus bilan qayd etildi. 

Bank-moliya tizimini rasmiyatchilik bilan, yuzaki isloh qilish amaliyotiga chek qo'yib, tizimni zamonaviy uslublar asosida ishlaydigan sohaga aylantirish vazifasi o'rtaga qo'yildi. “Eng muhimi, bugungi kunda mamlakatimizdagi tijorat banklari eng zamonaviy xizmatlarni ko'rsatib, har bir mijozning ko'ngliga yo'l topa oladigan, uni o'ziga jalb etish uchun raqobat qilish salohiyatiga ega bo'lishi kerak”, dedi davlatimiz rahbari. 

Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirlik va idoralar, xo'jalik birlashmalarining joriy yil ikkinchi yarim yilligida belgilangan maqsadli parametrlar va tadbirlarni to'liq va o'z muddatida amalga oshirish, shuningdek, o'rta va uzoq muddatli istiqbolni oldindan hisob-kitob qilish va unga erishish uchun “yo'l xaritalari” ishlab chiqish masalalari muhokama qilinib, aniq topshiriqlar berildi. 

Yig'ilishda Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirlik va idoralar, kompaniya va uyushmalar rahbarlarining hisobotlari eshitildi va muhokama qilindi, iqtisodiyot tarmoqlarini izchil rivojlantirish borasidagi kamchiliklarni bartaraf etish hamda jadal o'sish sur`atlarini ta`minlash maqsadida mavjud rezerv va imkoniyatlarni to'liq safarbar etish vazifalari belgilandi.

Яндекс.Метрика