У нас есть только
оригинальные песни

Shaharlarda aholi sonining oshib borayotganligi muammolarga sabab bo'lmoqda

calendar 19.05.2016
1700

Birlashgan Millatlar tashkilotining Aholi punktlari bo'yicha Dasturi (UN Habitat) Hisobot e'lon qildi. Unga ko'ra, 2030 yilga borib er yuzi aholisining uchdan ikki qismi jahon Yalpi Ichki mahsulotining 80 foizi to'g'ri keladigan shaharlarda istiqomat qiladi. Hujjatga ko'ra, bugungi kunda sayyoramiz aholisining beshdan bir qismi global yalpi ichki mahsulotning 60 foizi to'g'ri keladigan 600 ta shaharda istiqomat qilayotgan ekan. Bu borada aholisi bir million kishidan kam bo'lgan katta va kichik shaharlar tez rivojlanayotgan urbanistik markazlar sifatida ko'rilgan. Bu kabi shaharlarda er yuzi aholisining 59 foizi istiqomat qiladi. Urbanizatsiya — deganda qishloq aholisining yaxshi hayot ilinji va ish qidirib shaharlarga oqib kelishi tushiniladi.


Katta va kichik shaharlar o'zgarayotgan jahon iqtisodiyotining markazlariga aylanib bormoqda. Qishloqlardan ish izlab keluvchilar hisobiga shaharlar kengaymoqda. Insoniyat tarixida ilk bor jahon aholisining katta qismi shaharlarda istiqomat qilishi bilan bog'liq hodisa qayd qilinmoqda. Agar 1800 yilda shaharlarda dunyo aholisining atigi 2 foizigina shaharlarda istiqomat qilgani hisobga olinadigan bo'lsa, bugungi kunda er shari aholisining 3 milliard 900 millioni shaharlarda yashashi aytilar ekan, bu juda katta raqam ekanini oydinlashadi. Shuni ta'kidlash kerakki, 1950 yilda jahon aholisining 30 foizi o'zlarini shaxarliklar deb hisoblashardi. BMT ma'lumotlariga ko'ra, 2014 yilda er shari aholisining 54 foizi shaharlarda yashagan. Har kuni dunyo shaharlariga o'rtacha 180 mingga yaqin kishi keladi.Hisobot mualliflarnining fikricha, aholining shaharlarga kelib joylashish jarayonlari yaqin 14 yil ichida Barqaror rivojlanish maqsadlarining ro'yobga chiqishi imkoniyatlarini yaratib beradi. Shu bilan birga shaharlarga aholining joylashuvi nazoratdan chiqqudek bo'lsa, yoki rejadan chiqib ketsa, u holda odamlar o'rtasida tengsizlik kelib chiqadi. Shaharlarda xarobalar ko'payadi va iqlim o'zgarishlariga olib keladi. Tahlilchilarning fikricha, o'tgan asrga nisbatan 21 asrda aholi o'rtasida tengsizlik ortib bormoqda. AQSh Aholini ro'yxatga olish Byurosi ma'lumotlariga ko'ra, er shari aholisining soni shu yilning 1 yanvarida 7 milliard 300 million kishini tashkil qilgan. Еr yuzi aholisi ilk bor 1804 yilda bir milliard kishidan oshib ketgan edi. Ikki milliardlik statistika 1927 yilda qayd qilindi. Oradan 33 yil o'tib, ya'ni 1960 yilda uch milliardlik dovondan o'tildi. 1974 yilda er yuzida to'rt milliardan ortiq kishi istiqomat qilardi. 1987 yilda bu raqam besh milliardga chiqdi. Oltinchi milliard 1999 yilda qayd qilindi. 2011 yilning oktyabr oyida er yuzida yashovchilar soni etti milliard kishiga etdi. 2030 yilga borib sayyoramizda yashovchilar soni 8 milliardan oshib ketishi kutilmoqda.


2035 yilga borib er yuzidagi qashshoqlarning yarmidan ko'pi shaharlarda istiqomat qilishidan ham aslo ko'z yumib bo'lmaydi.Rivojlanayotgan mamlakatlarda shaharlar aholisi har yili 60 million kishiga ko'payadi. Bu raqam yaqin 30 yil davomida o'zgarmay qolaveradi. 15–20 yil ichida Afrika va Osiyoda shaharlar aholisi ikki barobar ko'payishi kutilmoqda. Shahar infratuzilmasi rivojlanishidan ko'ra, aholi soni oshib borayotganidan xavotirga tushilmoqda. Shaharga kelayotgan qishloq aholisining hammasi ham o'z orzusiga bir zumda erisha olmaydi. Bu o'z navbatida shaharlarda qashshoqlar sonining ortib ketishiga olib kelmoqda. Shaharga kelganlar bir qator muammolar bilan to'qnash kelishi sir emas. Birinchi navbatda ular uy-joy muammosiga duch kelishadi. Shu sabab o'z bilganlaricha shahar chetiga boshpana qurishadi. Bu kabi boshpanalar to'laqonli yashash uchun deyarli yaroqsizligi hammaga ma'lum. Shu singari xarobalarda elektr energiyasi, toza ichimlik suvi, kanalizatsiya, yo'llar va kommunal xizmatlarning yo'qligi aniq. Buning ustiga bu erdagilar ro'yxatdan o'tmasdan yashashadi. Bu ularning bir qator xuquqlardan mahrum ekanliklarini anglatadi. So'nggi 50 yilda shaharlar atrofidagi xarobalarda istiqomat qiluvchilar soni 35 milliondan 900 milliongacha ko'paydi. Yaqin 30 yil davomida bu raqam ikki barobar ko'payishi kutilmoqda. Xarobalarda istiqomat qiluvchilar asosan Afrika va Janubiy Osiyo mamlakatlarida ekani aytilar ekan, ularning sanitariya holatlariga amal qilmasliklari bois yuqumli kasalliklarga chalinishidan bong uriladi.

1990 yilda jahonda megapolislar soni atigi 10 tani tashkil qilgan bo'lsa, bugungi kunda ularning soni 28taga etdi. Megapolislarda 2014 yilgi ma'lumotlarga ko'ra, 453 million kishi istiqomat qilgan. Bu er yuzi aholisining 12 foizi demakdir. Aholisi 5 milliondlan 10 milliongacha bo'lgan shaharlarda 300 milliondan ortiq kishi, yoki er yuzidagi shaharlar aholisining 8 foizi yashaydi.Shaharlar va shahar aholisining soni oshib borishi bilan havo sifati ham salbiy tomonga o'zgarishi sir emas. Har yili bir million kishi shahar havosining ifloslanishi oqibatida vafot etadi. Transportlarning ko'payib borishi ham yo'l transport hodisalarining ortishiga sabab bo'lmoqda. Jahon Sog'liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra, har yili rivojlanayotgan mamlakatlarda yuz beradigan yo'l transport hodisalari oqibatida 500 ming kishi xalok bo'lib, 15 million kishi jarohat oladi. Qurbonlar va jabrdiydlarning asosiy qismini piyodalar va velosipedchilar tashkil qiladi.

28 ta megapolisning 16 tasi Osiyoda, to'rttasi Lotin Amerikasida, uchtasi Afrikada va yana uchtasi Еvropada, ikkitasi Shimoliy Amerikada joylashgan. Ekspertlarning fikricha, 2030 yilga borib jahonda aholisi 10 million va undan ortiq kishi bo'lgan 41ta megapolis paydo bo'ladi. Hozircha aholisi 38 million kishi bo'lgan Tokio jahondagi eng yirik megapolis deya tan olingan. Ikkinchi o'rinda 25 million aholi istiqomat qiladigan Dehli turadi. Uchinchi o'rin esa 23 million aholisi bor Shanxayga nasib qilgan. Mexiko, Mumbay va San-Paulu shaharlarining har birida 21 millionga yaqin aholi istiqomat qilishi aytiladi. Osakada 20 million, Pekinda 20 millionga yaqin kishi istiqomat qiladigan bo'lsa, Nyu-York va Qohira aholisi 18,5 million kishidan iborat.

Яндекс.Метрика