У нас есть только
оригинальные песни

Shahrisabz shahrida 1000 kishilik amfiteatr o'rnatiladi

calendar 18.07.2018
764

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 17 noyabrdagi “O'zbek milliy maqom san`atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi va 2018 yil 6 apreldagi “Xalqaro maqom san`ati anjumanini o'tkazish to'g'risida”gi qarorlari ijrosini ta`minlash maqsadida ayni kunlarda Shahrisabz shahrida mazkur anjumanga tayyorgarlik ishlari yuqori darajada olib borilmoqda.

Davlat rahbarining tashabbusi bilan joriy yilning 6-10 sentabr kunlari bo'lib o'tadigan ushbu anjuman doirasida 54 ta xorijiy davlatdan 400 ga yaqin taniqli musiqashunos va maqomshunos olimlar, san`atkorlar, sohaning yetuk mutaxassislari hamda faxriy mehmonlar, shuningdek, kuzatuvchilarning tashrifi kutilmoqda. 

Bugungi kunda Shahrisabz shahri va uning tarixiy qismi, ya`ni Oq saroy majmuasida anjumanni yuqori saviyada o'tkazish uchun zarur infratuzilma inshootlarini barpo etish ishlari jadal sur`atlarda olib borilmoqda. Aynan mana shu maqsadda Shahrisabz shahar madaniyat va aholi dam olish markazi binosini tubdan qayta rekonstruksiya qilish ishlari boshlab yuborildi. Ta`kidlash joizki, bu maqsadlar uchun davlat byudjyeti hisobidan 8 mlrd 700 mln so'm mablag' yo'naltirilmoqda.

Maqomchilar saroyi qariyb 3500 kv maydonni egallagan. Bu yerda anjuman va konferents zallari, 400 kishilik katta zal, 134 kishilik kichik zal, milliy musiqa asboblari xonasi, kiyinish va pardozlash xonasi, milliy raqs xonasi, teatr studiyasi, sport invertarlari xonasi, kichik kinoteatr, kutubxona va o'quv zali o'rin oladi. 

Yana shuni ham ta`kidlash joizki, ushbu xalqaro maqom san`ati anjumanini ochilish va yopilish marosimiga bag'ishlangan katta tantana ham Oq saroy majmuasi atrofida bo'lib o'tadi va buning uchun Amir Temur maydonida 1000 kishilik ko'chma amfiteatr o'rnatiladi. Anjumanni to'g'ridan to'g'ri kuzatib borishlari uchun Shahrisabzdagi “Hisor” o'yingohi va “Navro'z” aholi dam olish maskanining har biriga 2000 tomoshabin uchun mo'ljallangan katta hajmli monitorlar o'rnatiladi va ularda anjuman jarayonlari to'g'ridan to'g'ri efirga uzatiladi.

Joriy yilning 1 avgustidan Shahrisabz shahriga “Afrosiyob” tezyurar poyezdining kirib kelishi va shaharda qurilayotgan mehmonxona, istirohat bog'lari anjumanga tashrif buyuradigan, butun dunyodan tashrif buyuradigan mehmonlar uchun xizmat qiladi.

Sarvar Anvar o'g'li,
KUN.UZ muxbiri

Яндекс.Метрика