У нас есть только
оригинальные песни

Shavkat Mirziyoyev Mingbuloq neft koniga bordi

calendar 07.07.2017
1391

Shavkat Mirziyoyev Mingbuloq tumanidagi mas`uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi «Mingbuloqneft» O'zbekiston — Xitoy qo'shma korxonasiga tashrif buyurdi. Bu haqda O'zA xabar bergan.

«Mingbuloq konida qidiruv va qazib olish» uzoq istiqbolga mo'ljallangan keng ko'lamli loyihadir. Loyiha doirasida 4 qidiruv-burg'ilash qudug'i ishga tushiriladi va 4 mavjud quduq kapital ta`mirlanadi.

Mazkur loyiha O'zbekiston Respublikasining 2017 yil davlat investitsiya dasturining manzilli ro'yxatiga kiritilgan bo'lib, ayni paytda bosh pudratchi — Xibu Duolling Engineering kompaniyasi burg'ilash maydoni va vaxta qarorgohidagi tayyorgarlik ishlari yakuniga yetkazildi. Joriy yilda Mingbuloq neft koni ma`muriy binosini ta`mirlash, M15 qidiruv-burg'ilash qudug'ini ishga tushirish va boshqa tadbirlarni amalga oshirish uchun Xitoy moliya-tijorat institutlari kiritadigan 15 million dollarga teng sarmoya o'zlashtirilishi ko'zda tutilgan. 

Yaqinda bu yerda M15 qidiruv qudug'i ishga tushirildi. Quduqda burg'ilash ishlari katta — 6 ming metrgacha chuqurlik, anomal bosim — 1200 atmosfera bosimi va kollektorlarning geologik murakkab tuzilishi sharoitida olib borilishi eng zamonaviy muhandislik yechimlarini taqozo etadi. 25 yilga mo'ljallangan va umumiy qiymati 255 million dollardan ortiq bo'lgan ushbu loyiha natijasida Mingbuloq neft konidan yiliga 200 ming tonna suyuq uglevodorod qazib olish rejalashtirilgan. 

M15 qidiruv-burg'ilash qudug'ining ishga tushirilishi bilan 130 dan ziyod ish o'rni yaratildi. 

Prezident ushbu korxona mamlakat iqtisodiyotini yanada rivojlantirishda muhim o'rin tutishini ta`kidladi. Quruvchilar va xitoylik mutaxassislar bilan suhbatlashdi. 

Shu yerda Farg'ona vodiysida o'tkazilgan geologik qidiruv ishlari natijalari haqida ma`lumot berildi. Bu ko'plab turdagi tabiiy boyliklarni aniqlash imkonini berdi. Kelgusida ularni o'zlashtirish bo'yicha zamonaviy korxonalar tashkil etiladi. 

Namangan viloyatida quriladigan gidroelektr stansiyalari loyihasi ham namoyish qilindi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 maydagi «2017—2021 yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qaroriga muvofiq Namangan viloyatida umumiy quvvati 38,5 mVt, ishlab chiqarish quvvati 150,8 million kilovatt soatni tashkil etuvchi kichik gidroelektr stansiyalarini qurish ko'zda tutilgan. Jumladan, Uchqo'rg'on tumani hududida Katta Farg'ona kanalida kichik GeSlar kaskadini qurish rejalashtirilgan. 

Prezident suvdan energiya olish tabiat in`om etgan imkoniyat ekani, bunday energiya qayta tiklanishi, ekologik tozaligi va arzonligi bilan afzal bo'lishini ta`kidladi. Xitoy tajribasi asosida mamlakatning barcha hududida kichik gidroelektr stansiyalari qurilishi, kelgusida elektr ta`minotining katta qismi ushbu manbalar hisobidan qoplanishini qayd etdi. 

Suv tozalash inshootlari barpo etish, aholini toza ichimlik suvi bilan ta`minlash qamrovini kengaytirish masalalariga ham alohida e`tibor qaratildi. Bu borada tizimli yondashuv zarurligi ta`kidlandi, mutasaddilarga ko'rsatmalar berildi. 

Яндекс.Метрика