У нас есть только
оригинальные песни

Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi

calendar 24.02.2017
1926

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 24 fevral kuni Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Bu haqda O'zA xabar berdi.

Qashqadaryo viloyatining iqtisodiy salohiyati ulkan, deyiladi xabarda. Bugungi kunda mamlakatda qazib chiqarilayotgan tabiiy gazning 70 foizi, neftning qariyb 78 foizi, gaz kondensatining 80 foizi, g'allaning 13 foizdan ortig'i, paxtaning 14 foizdan ziyodi ushbu viloyat hissasiga to'g'ri keladi.

Viloyatda sanoat izchil rivojlanmoqda. Yalpi hududiy mahsulotda bu sohaning ulushi 38 foizni tashkil etayotgani ham shundan dalolat beradi. «Sho'rtan neft-gaz», «Muborak neft-gaz» korxonalari, «Sho'rtan gaz-kimyo» majmuasi, Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Dehqonobod kaliyli o'g'itlar zavodi, Tollimarjon issiqlik elektr stansiyasi, «Hisor neft-gaz» kabi yirik ishlab chiqarish quvvatlari mamlakatimiz sanoatining lokomotivlari hisoblanadi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi ham jadal rivoj topmoqda. Bugungi kunda yalpi hududiy mahsulotning 51,6 foizi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida ishlab chiqarilmoqda. Mehnat bilan band aholining qariyb 80 foizi shu tarmoqda daromad topmoqda.

Qishloq xo'jaligida mo'l hosil yetishtirilmoqda, tarkibiy o'zgartirishlar davom ettirilmoqda. So'nggi besh yilda 3 ming 200 gektar paxta maydoni qisqartirilib, kartoshka, meva-sabzavot va poliz ekinlari yetishtirish yo'lga qo'yilgan. Oxirgi uch yilda fermer xo'jaliklarining 22 foizdan ziyodi ko'p tarmoqli xo'jalikka aylantirilgan.

Barcha sohalarda amalga oshirilayotgan ana shunday islohotlar natijasida keyingi besh yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 2 barobar oshgan, hududiy eksport hajmi 100 million dollarga yetgan va 2011 yilga nisbatan 2,5 barobar ko'paygan.

Birinchi Prezident rahbarligida Qarshi va Shahrisabz shaharlarida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari bu ikki qadimiy shahar qiyofasini tubdan o'zgartirib yubordi. Qarshi shahrining hududi 9 ming gektardan 17 ming gektarga, Shahrisabz shahrining hududi 3 ming 300 gektardan 4 ming 900 gektarga kengaytirildi.

2016 yilda Qashqadaryo ustidagi qadimiy Amir Temur ko'prigi rekonstruksiya qilinib, daryoning ikki qirg'og'ida Qarshi ahli va mehmonlar dam oladigan so'lim maskanlar barpo etildi. Toshkent – Qarshi yo'nalishi bo'yicha yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» tezyurar elektr poyezdi qatnovi yo'lga qo'yildi.

Shavkat Mirziyoyev o'zining saylovoldi dasturida bu boradagi ishlarni izchil davom ettirish, mamlakatning barcha hududlari qatori Qashqadaryo viloyati rivojini ham yangi bosqichga ko'tarish bo'yicha ulkan reja va maqsadlarni bayon etgan edi. Prezident Qashqadaryoga tashrifi davomida ana shu rejalar ijrosi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va istiqbolli loyihalar bilan tanishishi ko'zda tutilgan.

Яндекс.Метрика