У нас есть только
оригинальные песни

Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston va Xorazmga tashrif buyurdi

calendar 29.09.2016
2215

O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi, Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev 28-sentabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazmda bo‘lib, ushbu mintaqalarning rivojlanishi bilan tanishdi. Bu haqda, “Axborot” teledasturi reportajiga asoslanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda.

 

Shavkat Mirziyoyev Taxiatosh IESda bo‘lib, 230–280 MVt quvvatga ega ikki bug‘-gaz uskunalarining qurilishi bo‘yicha investitsion loyiha realizatsiyasini muhokama qildi.

Loyiha O‘zbekiston Prezidentining 2015-yil 18-iyundagi qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda.

“Bu loyiha amalga oshirilmasa, Qoraqalpog‘iston va Xorazm sanoatining rivojlanishi imkonsiz. Prezidentimiz bu qarorni 15–20 yillik istiqbollarni inobatga olgan holda, mintaqa kelajagi uchun, yoshlar bandligini ta’minlash uchun imzolagan. Ishni tezlashtirish — bizning burchimiz”.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev Nukus shahri asosiy rejasining amalga oshirilish jarayoni bilan tanishib chiqdi. Muhokama chog‘ida zamonaviy ko‘p qavatli turar joylar, dam olish yerlari, sun’iy ko‘l va suv havzalarining bunyod etilishiga alohida e’tibor qaratildi.

Qoraqalpog‘istonga tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyev paxta dalalarini ko‘zdan kechirdi, qishloq xo‘jaligi ishlari bilan tanishdi va Kegayli tumani fermerlari bilan suhbatlashdi. U fermerlarga mintaqaning murakkab sharoitlarda o‘stirilgan hosil uchun minnatdorlik bildirdi.

“Buning ortida og‘ir mehnat yotibdi, va bu mehnat albatta yuqori natija beradi”, — dedi u.

Qoraqalpog‘iston faollari bilan uchrashuvda mintaqa eksport salohiyatini oshirish, qisqa muddatda hosilni yig‘ib olish singari masalalar ko‘rib chiqildi. Uy-joy qurish, kommunal xizmatlar ishini takomillashtirish, obodonlashtirish ishlarini tashkil etish kabi masalalar ko‘tarildi.

O‘sha kuni Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatida bo‘ldi. U yaqin yillarda Urganchda ko‘p qavatli turar joylar qurilish loyihalari bilan tanishib chiqdi. Shu bilan bir qatorda, qishloq joylarida kam ta’minlangan oilalar uchun individual uylar qurilishi masalasi ko‘rib chiqildi.

Qo‘shko‘pir tumanida Prezident vazifasini bajaruvchi qishloq xo‘jaligi ishlarining borishi bilan tanishdi, fermerlar bilan yerlarning hosildorligini oshirish, suv resurslaridan to‘g‘ri foydalanish, yuqori hosildor ekinlardan foydalanish masalalarini muhokama qildi.

Xorazm faollarining uchrashuvida viloyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, mintaqaviy eksport ko‘rsatkichlarining o‘stirilishi, sotsial infratuzilmani rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Яндекс.Метрика