У нас есть только
оригинальные песни

Shavkat Mirziyoyev raisligida farmatsevtika masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi

calendar 06.02.2018
1234

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 6-fevral kuni farmatsevtika sohasini rivojlantirish borasidagi ishlar natijadorligini tahlil qilish, istiqboldagi dolzarb vazifalarni belgilashga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yig‘ilishda sohadagi ishlar tanqidiy tahlil qilinib, belgilangan vazifalar ijrosi qoniqarli emasligi ta’kidlandi.

“Farmatsevtika korxonalarining aksariyatida zamonaviy texnologiyalar umuman qo‘llanilmaydi, dori substansiyalari ishlab chiqarishga umuman e’tibor yo‘q, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Korxonalar to‘liq siklda mahsulot ishlab chiqarishga o‘tish o‘rniga, hali ham asosan xorijdan tayyor mahsulotlarni olib kelib, qadoqlash bilan shug‘ullanyapti”.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, mavjud 94 ta korxonadan 12 tasigina mahsulotining boshqa davlatlarda tan olinishini ta’minlaydigan GMP — “yaxshi ishlab chiqarish amaliyoti” xalqaro sertifikatiga ega. Buni kengaytirish bo‘yicha tarmoq rahbariyatida tashabbus yetishmayapti. Oddiy misol, yillar davomida qizilmiya ildizini chuqur qayta ishlashga umuman e’tibor berilmagan. O‘tgan yil oxirida Qoraqalpog‘istonga tashrif davomida topshiriq berilganidan keyingina qizilmiya yetishtiruvchilar va qayta ishlovchilar uyushmasi tuzildi.

Bu masalani alohida nazoratga olish kerakligi, hamma faqat yovvoyi qizilmiya ildizini yig‘ish bilan shug‘ullanmasdan, plantatsiyalarni tashkil etish va ildizni chuqur qayta ishlab, dori substansiyalari va vositalari ishlab chiqarishga o‘tish zarurligi qayd etildi.

“Davlat tibbiyot muassasalarini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash ahvoli ham qoniqarsizligicha qolmoqda. Aholi bu islohotlardan kutilgan natijalarni hali umuman sezayotgani yo‘q. Buni ommaviy axborot vositalarida biron-bir ijobiy munosabat bildirilmayotganidan ham bilsa bo‘ladi”, — dedi Prezident.

Yig‘ilishda davlat tomonidan barcha imkoniyatlar yaratilganiga qaramay, bu boradagi ishlarni tashkil etish sust kechayotgani, ayrim muammolar hamon saqlanib qolayotgani tanqid ostiga olindi. Xususan, dori vositalariga ehtiyojni aniqlash tizimi va mavjud ehtiyoj bo‘yicha aniq ma’lumotlar bazasi yaratilmagan. Joriy yilda mingta ijtimoiy dorixona tashkil etish bo‘yicha hali natijali ish qilinmagan.

Farmatsevtika yo‘nalishida yettita erkin iqtisodiy zonani tashkil etish bo‘yicha farmon qabul qilinganiga 9 oydan o‘tgan bo‘lsa-da, hali birontasining hududida ish boshlanmagan. Ularning bosh rejalari tasdiqlanmagan, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari qurilmagan.

Farmatsevtika sohasidagi ilmiy-tadqiqot institutlarining roli umuman sezilmaydi. Bugungi kunda ular tomonidan o‘simlik xomashyosidan atigi 16 nomdagi 1,6 tonna dori substansiyasi ishlab chiqariladi, xolos. Bundan tashqari, sohada zamonaviy ilg‘or texnologiyalarni samarali ishlata oladigan kadrlar yetishmaydi.

Prezident bu muammolarni chuqur tahlil qilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha istiqboldagi muhim vazifalarni belgilab berdi.

Mamlakat ichki bozorida dori-darmonlar narxlarining barqarorligini ta’minlash, ularning sun’iy qimmatlashuvining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish vazifasi qo‘yildi.

Farmatsevtikaga ixtisoslashgan erkin iqtisodiy zonalarning bosh rejalarini ishlab chiqish va tasdiqlash, ushbu zonalarni barcha zarur kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

Sohada yaratilayotgan ishlanmalarni amaliyotga joriy etishni jadallashtirish maqsadida Toshkent farmatsevtika institutida o‘quv-ilmiy laboratoriya va tajriba-ishlab chiqarish kompleksini tashkil etish zarurligi qayd etildi.

Yig‘ilishda farmatsevtikaning tor yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlarni tayyorlash, soha xodimlarini xorijiy farmatsevtika korxonalarida malaka oshirishini tashkil etish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Яндекс.Метрика