Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumaniga bordi

Shavkat Mirziyoyev 10 iyul kuni Toshkent shahrining Sergeli tumanida bo'lib, tumanda bunyod etilayotgan uy-joylar qurilishi bilan tanishdi. 

O'zA xabariga ko'ra, Sergeli tumanining 6-mavzesida 66ta 7 qavatli uy bunyod etilmoqda. Bu uylar qurilishi mustaqillik bayramining 26 yilligi arafasida foydalanishga topshiriladi. Mazkur turar joylar tufayli 2 ming 500 dan ziyod oila yangi uyga ko'chib o'tadi.

Sergeli tumanidagi qurilish ishlari uchta maydonda olib borilmoqda. 6-mavzedagi 66 ta yetti qavatli uy mustaqillik bayrami arafasida o'z egalariga topshiriladi. Boshqa maydonlardagi 36ta ko'p qavatli uylarni qurish ishlari ham boshlab yuborilgan. 

Uylar mamlakatimizda ishlab chiqarilgan qurilish materiallaridan zamonaviy qilib barpo etilmoqda. Shuningdek, maktablar, maktabgacha ta`lim muassasalari, dam olish joylari, poliklinikalar, bolalar maydonchalari, avtomobil turar joylari va infratuzilmaning boshqa ob`yektlari qurilishi rejalashtirilgan. 

Prezident ushbu uylardan biriga kirib, bu yerda yaratilayotgan sharoitlar bilan qiziqdi. 

«Mamlakatimizda aholini uy-joy bilan ta`minlash bo'yicha zamonaviy tizim yaratildi. Bu odamlarning ko'p yillik orzu-istaklarini ro'yobga chiqaradigan muhim yo'nalish. Bu ishlarni o'z vaqtida boshlamaganimizda shunday natijaga erisha olarmidik», dedi prezident. 

Davlat rahbari sohadagi ishlarni yana bir bor tanqidiy ko'rib chiqish, odamlar hayoti uchun yaratilayotgan qulayliklarni yanada oshirish, bunda masalaning har bir jihatiga e`tibor berish zarurligini ta`kidladi. 

Qurilish tashkilotlarining moddiy-texnik va kadrlar salohiyatini kuchaytirish, massivlarda manzarali daraxtlar va gullar ekish, shaharsozlik madaniyatini rivojlantirish masalalariga e`tibor qaratildi. Bu yerga ko'chib keladigan aholining dunyoqarashini boyitish va mas`uliyatini oshirish, ayollar va yoshlar uchun ish joylari tashkil etish bo'yicha ko'rsatmalar berildi. 

Shu yerda Sergeli tumanini kompleks rivojlantirish bo'yicha istiqboldagi rejalar namoyish etildi.


Комментарии (0) | Добавить: 10.07.2017
Faqat ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar izoh qoldirishi mumkin. Marhamat ro'yhatdan o'ting!
[ Регистрация | Kirish ]