У нас есть только
оригинальные песни

Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi

calendar 02.10.2016
2008

1-oktabr kuni O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Bu haqda, “Axborot” ko‘rsatuvining telereportajiga asoslanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda.

Shirin shahrida Shavkat Mirziyoyev mintaqadagi eng yirik Sirdaryo IESda bo‘ldi. U O‘zbekiston energetika tizimining markaziy qismida iste’molchilarni elektr bilan ta’minlovchi asosiy manba hisoblanadi.

Tashrif chog‘ida Shavkat Mirziyoyev mutaxassislar bilan mavjud energobloklarni texnik qayta ta’mirlash hisobidan IES quvvatlarini oshirish masalalarini muhokama qildi. IES ishi samaradorligini sezilarli darajada oshirish va ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi tannarxini tushirish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi. Iste’mol qilingan energiya haqining vaqtida to‘lanishiga erishish uchun elektr energiyani hisoblashning avtomatlashtirilgan tizimini keng joriy qilish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Viloyat markazi — Guliston shahrida Prezident vazifasini bajaruvchi “Guliston Medtexnika” O‘zbekiston–Britaniya qo‘shma korxonasida bo‘ldi. Korxona 1-oktabr kuni mahsulot ishlab chiqarishni boshladi. Janubiy Koreya uskunalari bilan jihozlangan korxona faoliyatiga 7,3 million dollar investitsiya kiritildi. Korxona yiliga 216 million dona bir martalik shprits va 26 million infuzion tizimlar chiqarishi rejalashtirilgan. Mahsulot, mahalliy bozorga chiqarilishi barobarida, MDH mamlakatlariga eksport qilinadi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Gulistonda kam ta’minlangan oilalar uchun zamonaviy ko‘p qavatli turar joylar qurish loyihalari bilan tanishib chiqdi. Turar joy majmualari tegishli ijtimoiy infrastrukturaga ega bo‘lishi kutilmoqda.

Shundan so‘ng Bosh vazir Guliston tumanidagi paxta dalalarida bo‘lib, fermerlar bilan suhbatlashdi. Suhbat chog‘ida Shavkat Mirziyoyev paxta yetishtiruvchi barcha tumanlarda paxta tolasini qayta ishlash hajmini 70 foizgacha ko‘tarish rejalari haqida ma’lum qildi.

“Biz fabrikalar quramiz, buyumlar, tayyor mahsulotlar chiqaramiz. Fermerlar bu tekstil kombinatlarining ishtirokchilari bo‘ladi”, — dedi u.

Shuningdek, hududda kam ta’minlangan oilalar uchun uylar qurish masalasiga to‘xtalib o‘tildi. Imtiyozli kreditlar, shuningdek, mahalliy xomashyodan foydalanilishi uy-joyning arzonligini ta’minlashi ta’kidlab o‘tildi. Bir, ikki va uch qavatlik yangi uy-joy majmualari har bir qishloq tumanida paydo bo‘lishi aytildi.

Shavkat Mirziyoyevning Sirdaryo viloyati faollari bilan uchrashuvida Guliston tumani misolida viloyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining kompleks dasturi ko‘rib chiqildi. Shahar va tumanlarning uy-joy, muhandislik-kommunikatsion va sotsial infrastruktura qurishni ko‘zda tutuvchi istiqbolli bosh rejalari realizatsiyasi hisobidan odamlar turmush tarzini yaxshilashga alohida e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, viloyat eksport salohiyatini oshirish, yangi sanoat ishlab chiqarishlarini tashkil etish hamda sotsial infrastrukturani yaxshilash va boshqa masalalar muhokama qilindi.

Яндекс.Метрика