У нас есть только
оригинальные песни

Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi ot zavodiga bordi

calendar 21.07.2017
2097

Shavkat Mirziyoyev O'rta Chirchiq tumanidagi «O'zbegim otlari» ot zavodi faoliyati bilan tanishdi. 

«Mamlakatimizda yilqichilik va ot sportini rivojlantirish, uning moddiy-texnik va ozuqa bazasini mustahkamlash, mazkur soha uchun mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, xorijiy davlatlarning ilg'or tajribalarini o'rganish orqali nasldor, sport va xizmat otlarini ko'paytirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Bu borada davlatimiz rahbarining 2017 yil 15 iyundagi «O'zbekiston Respublikasida yilqichilik va ot sportini rivojlantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi qarori muhim dasturilamal bo'lmoqda», deyiladi O'zA xabarida

«O'zbegim otlari» ot zavodi 1992 yilda tashkil etilgan bo'lib, maydoni 140 gektardan ortiq. Zavod qadimiy ot zotlari, jumladan, Axaltaka tulporlarini ko'paytirish va parvarishlashga ixtisoslashtirilgan. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Axaltaka zotli otlar bundan besh ming yil muqaddam paydo bo'lgan. U Osiyo xalqlarining yozma manbalarida samo tulporlari, arg'umoq, uchqur ayg'irlar, deya ta`riflangan. Toshbitiklar, qoyalarda saqlanib qolgan suratlarning guvohlik berishicha, Axaltaka arg'umoqlari qadimda hozirgi Farg'ona vodiysi, Xorazm viloyati hududlarida uchragan. Ayni paytda mazkur turning katta qismi Turkmaniston hissasiga to'g'ri keladi. 

Bugungi kunda «O'zbegim otlari» zavodida 300 ga yaqin ot parvarishlanmoqda. Ular orasida Axaltaka zotidan tashqari, ingliz va arab zotli otlar ham bor. 

«O'zbegim otlari» zavodida Shavkat Mirziyoyevga Turkmaniston Respublikasi prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov tomonidan sovg'a qilingan «Do'stxon» laqabli zotdor ot yig'ilganlar e`tiboriga havola etildi. 

Ot zavodi hududida zotdor otlarni ko'paytirish, sohada naslchilik ishlarini yaxshilashga qaratilgan istiqbolli loyihalar taqdimoti ham o'tkazildi. 

Яндекс.Метрика